Sudanda ikki yillik komendantlik soati va favqulodda holat rejimi bekor qilindi

Sudan hukumati poytaxt Xartumda ikki yil avval joriy etilgan komendantlik soati va favqulodda holat rejimini bekor qildi. Bu haqda 27-avgust kuni hukumatning Xavfsizlik masalalarini muvofiqlashtirish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Sudan OAVlariga ko‘ra, qo‘mita 2024-yilda joriy qilingan favqulodda holat rejimini birinchi marta bekor qilgan. Endilikda Xartum aholisi sutkaning istalgan vaqtida erkin harakatlanishi va ishlashi mumkin.
Biroq, Xartum gubernatori Ahmad Osubon Hamza raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng, qo‘mita ayrim cheklovlarni tushuntirib o‘tdi. Unga ko‘ra, xavfsizlik nazorat-o‘tkazish punktlari va armiya patrullari o‘z faoliyatini davom ettiradi. Shuningdek, qo‘mita tunda yo‘lga chiquvchi fuqarolarni yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib yurishga chaqirdi.
Bundan tashqari, qo‘mita xorijiy fuqarolarning Xartum shtatiga kirishini taqiqladi. Faqat amaldagi kirish vizasi yoki ruxsatnomasiga ega bo‘lgan chet elliklargina jamoat yoki shaxsiy transportda (jumladan, poyezd va avtobuslarda) kirishi mumkin. Qo‘mita haydovchilar va transport kompaniyalarini ogohlantirib, bu qoidalarni buzganlar jazolanishini bildirdi.
Komendantlik soati ilk bor 2024-yilning may oyida joriy etilgan edi. O‘shanda Sudan armiyasi va harbiylashtirilgan “Tezkor yordam kuchlari” (TYK) o‘rtasidagi nizo sabab xavfsizlik yomonlashgan edi.
Komendantlik soati soat 23:00 dan 05:00 gacha odamlar va transport vositalarining harakatini cheklagandi. Shuningdek, soat 22:00 dan 05:00 gacha barcha tijorat qatnovlari hamda piyodalar harakati taqiqlangan edi.
Sudanda 2023-yilning aprel oyidan beri armiya va TYK o‘rtasida nizo davom etmoqda. BMT va xalqaro tashkilotlar bahosiga ko‘ra, davom etayotgan urush oqibatida o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan, 13 millionga yaqin kishi esa o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
Avvalroq Sudanda sud binosiga qilingan dron hujumi oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Al-Zaviya Gara qishlog‘idagi obyektga berilgan zarba mamlakat armiyasi tomonidan amalga oshirilgandi.

