Sud Tramp ishdan olgan prokurorni lavozimida qoldirdi
AQSH federal sudyasi Stenli Bastian prezident Donald Tramp okrug sudi tayinlagan federal prokurorni bir tomonlama ishdan boʻshata olmasligi haqida qaror chiqardi. Sud Tramp lavozimidan olgan Rojer Rogoff hamon qonuniy prokuror ekanini, uning oʻrniga tayinlangan shaxs esa tegishli vakolatlarga ega emasligini bildirdi.

**Sud Tramp ishdan olgan prokurorni lavozimida qoldirdi**
DW nashrining Politicoʻga tayanib xabar berishicha, sud qarori haqida 1-oktabr, payshanba kuni maʼlum qilingan. Qaror Vashington shtatining Gʻarbiy okrugi federal prokurori lavozimidan boʻshatilgan Rojer Rogoffning daʼvosi asosida chiqarilgan.
Okrug sudi Rogoffni shu lavozimga tayinlaganidan ko‘p o‘tmay, Tramp uni ishdan olib, o‘rniga o‘ziga sodiq Charlz Nil Floydni qo‘ygan.
Sudya Bastianning aytishicha, bunday almashtirishlar Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan tizimga zid. Bu tizim prezidentning mansabdorlarni tayinlash huquqi bilan Senatning nomzodlarni tasdiqlash vakolati o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydi.
Sud Rogoff 15-iyul kuni qasamyod qilganidan beri federal prokuror lavozimini qonuniy ravishda egallab kelayotganini qayd etdi. Prezident ma’muriyati uning o‘rniga belgilangan tartibga zid ravishda tayinlagan Floyd esa bu lavozim vakolatlariga ega emas, degan xulosa qilindi.
Bastian, shuningdek, AQSH bosh prokurori Todd Blansh va Adliya vazirligiga Rogoffni ishdan bo‘shatilgan yoki lavozimidan chetlatilgan deb hisoblashni, uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilishni taqiqladi. Ular mazkur okrug prokurori sifatida Rogoffdan boshqa shaxsni tan olmasligi kerak.
Adliya vazirligi qaror ustidan shikoyat qilishini va apellyatsiya ko‘rib chiqilayotgan paytda uning ijrosini to‘xtatib turishni so‘rashini bildirdi.
Politicoʻning yozishicha, Tramp ma’muriyati prezidentga sodiq shaxslarni yuqori lavozimlarga tayinlash uchun Senat tasdig‘idan o‘tish tartibini bir necha bor chetlab o‘tishga uringan.
Nashr qayd etishicha, okrug sudyalari o‘z vakolatlaridan foydalanib federal prokuror lavozimiga boshqa nomzodni tanlagan holatlarda Tramp o‘sha shaxsni ishdan bo‘shatgan.
Xabarda keltirilgan tartibga ko‘ra, federal prokurorlikka nomzodni AQSH prezidenti ilgari suradi, Senat esa uni tasdiqlaydi.

