Sud, tibbiyot va videoo‘yin tarjimonlari qanday ishlaydi?
30-sentabr — Xalqaro tarjima kuni. Gazeta faoliyati ko‘p ham ko‘zga tashlanavermaydigan sud tarjimoni, bemorlarga yordam beradigan tibbiy tarjimon hamda videoo‘yinlarni o‘zbekchalashtiradigan studiya asoschisi bilan ularning kasbidagi o‘ziga xosliklar haqida suhbatlashdi.

Sud, tibbiyot va videoo‘yin tarjimonlari qanday ishlaydi?
30-sentabr — Xalqaro tarjima kuni. Tarjimon deganda ko‘z oldimizga avvalo kitob tarjimoni keladi. Biroq faoliyati ko‘p ko‘zga tashlanmaydigan, lekin odamlar hayotiga bevosita ta’sir qiladigan tarjimonlar ham juda ko‘p.
Gazeta shu sana munosabati bilan sud tarjimoni, bemorlarga yordam beradigan tibbiy tarjimon hamda videoo‘yinlarni o‘zbekchalashtiradigan studiya asoschisi bilan ularning kasbidagi o‘ziga xos jihatlar, mas’uliyat va ish jarayoni haqida suhbatlashdi.
Aslida mening asosiy kasbim — shifokorlik. Tibbiy tarjimonlikka maxsus reja bilan kirib kelmaganman. Bemorlarni Turkiya klinikalariga olib borish, xorijiy mutaxassislardan ikkinchi fikr olish jarayonida tilni bilishim va tibbiy ma’lumotim juda asqotdi. Shifokorlar tashxisni aytganda, bemorlar ba’zan uning yarmini ham tushunmay qoladi.
Tibbiy tarjimon kasallik bilan kurashayotgan bemor va shifokor o‘rtasida ishonch ko‘prigiga aylanadi. Ba’zan esa o‘sha ko‘prikdan inson hayotidagi eng og‘ir xabar o‘tadi. Shunday ekan, tibbiy tarjimonlikda faqat so‘z tashilmaydi. Bunda til bilishdan tashqari anatomiya, kasalliklar, tekshiruvlar, dori vositalari va tibbiy mantiqni ham tushunish katta ustunlik beradi.
Muazzam Ibrohimova.
Ko‘proq og‘ir va murakkab tashxisli bemorlar, ayniqsa bolalar bilan ishlashimga to‘g‘ri keladi. Onkologiya, onkogematologiya, neyroxirurgiya, ortopediya kabi murakkab yo‘nalishlarda xorijiy mutaxassis fikriga ehtiyoji bo‘lgan bemorlar ko‘p. Shuning uchun tarjima oddiy qabuldan tortib, konsilium (tor soha shifokorlari o‘tkazadigan jamoaviy kengash), operatsiya yoki davolash rejasini muhokama qilishgacha borishi mumkin.
Asosan turk va o‘zbek tillari o‘rtasida tarjimonlik qilaman. Zarur bo‘lganda rus tili ham ishlatiladi. Bemor o‘z alomatini noto‘g‘ri ifodalasa, tarjimon uning gapini tuzatishi mumkin emas.
Bu juda muhim chegara.
Agar bemor “yuragim yonib ketyapti” desa, tarjimon o‘zicha “unda stenokardiya bor” deb aytolmaydi. Shu bilan birga, bemor aytgan hisni imkon qadar aniq yetkazishi kerak. Zarur bo‘lsa, “qayeri og‘riyapti, qanday og‘riq, qachon boshlandi?” degan aniqlashtiruvchi savollar berilishi mumkin.
Shifokor aytgan fikrni ham aniq va to‘liq tarjima qilaman. Keyin bemor tushunmagan bo‘lsa, uning aynan nimaligini aniqlab, shifokordan yana bir bor tushuntirishini so‘rayman.
Ammo tarjimon o‘zidan tashxis qo‘shmasligi, shifokor aytmagan xulosani chiqarmasligi kerak. Men o‘zim shifokor bo‘lsam ham, boshqa mutaxassisning qabulida uning vakolatini o‘z zimmamga olmayman.
Muazzam Ibrohimova — o‘ngda ikkinchi.
Tarjimonlik faoliyatim davomida bolasini bag‘riga bosib, xorijiy shifokorning og‘zidan umidli bir gap kutib o‘tirgan onalarni ko‘p ko‘rganman. Masalan, bir oila katta umid va oxirgi mablag‘ini yig‘ib chet elga borgan, ammo tekshiruvlardan keyin shifokorlar kasallik juda ilgarilab ketgani va radikal davolash imkoniyati qolmaganini tushuntirgan payt — eng og‘ir tajribalarimdan biri bo‘lgan.
Bilasizmi, shifokor uchun bu — klinik xulosa. Tarjimon esa o‘sha xulosani onaga yetkazishi kerak. Siz gapni tarjima qilasiz, ona esa bir muddat jim qoladi. Keyin: “Demak, boshqa yo‘li yo‘qmi?” deb so‘raydi. Shunday paytlarda men tarjimonlik faqat til bilish emasligini yana bir bor his qilganman. Sizning og‘zingizdan chiqqan bir jumla insonning umidi, qo‘rquvi va keyingi qaroriga juda katta ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun bu ish menda so‘zga nisbatan mas’uliyatni yanada kuchaytirgan.
Muazzam Ibrohimova — o‘ngda ikkinchi.
Vaqt o‘tib bir narsani tushundim — tarjimon haqiqatni yashirish uchun emas, uni to‘g‘ri yetkazish uchun kerak. Ortiqcha umid ham bermasligingiz, shu bilan birga, insonni umidsizlikka ham tashlab qo‘ymasligingiz lozim.
Masalan, “davolash imkoniyati cheklangan”, “kasallik tarqalgan” degan jumlalarni tarjima qilish og‘ir. Ba’zan shifokorlar tarjimondan bemorga aytilgan gapni yumshoqroq qilib yetkazishni so‘rab qoladi. Ammo yumshoq gapirish bilan ma’noni yumshatib yuborishning farqi bor. Deylik, “kasallik progressiya qilgan” degan gapni “hammasi yaxshi” deb tarjima qilish — mehribonlik emas, bemorni chalg‘itish bo‘ladi.
Ko‘plab tarjimalarda birgina xato ma’noni buzadi, tibbiyotda esa xato bemorning davolanishiga ta’sir qiladi. “Kuniga bir marta”ni “uch marta” deb tarjima qilish, allergiya haqidagi ma’lumotni noto‘g‘ri yetkazish yoki o‘smaning “yaxshi sifatli” va “yomon sifatli” ekanini adashtirish oddiy til xatosi emas. Bu yerda bemorning xavfsizlik masalasi yotibdi. Shuning uchun bemor va tarjimonga dori nomi, dozasi, tashxisning nomini imkon qadar yozma ravishda tekshirish ham tavsiya etiladi.
Tarjimon bilmagan tibbiy termin chiqib qolsa, buni “bilaman” deb ko‘rsatmaydi. Terminni yozib oladi, aniqlashtiradi, kerak bo‘lsa shifokordan boshqacha ifodalashini so‘raydi. Menimcha, professionallik hamma narsani bilish emas, bilmagan joyda taxmin qilmaslikdir.
Muazzam Ibrohimova — o‘ngda uchinchi.
Shifokorlar juda tez gapirishi yoki tushunarsiz talaffuz qilishi ham mumkin. Shunday paytlarda uni to‘xtatib, “bir daqiqa, iltimos, shu qismini qayta ayting”, deyishdan uyalmaslik kerak. Noto‘g‘ri tarjima qilishdan ko‘ra, shifokorni ikki marta to‘xtatish afzal.
Bemor boshqacha tushunishi mumkin bo‘lgan atamalarni tarjima qilish qiyin. Masalan, “metastaz”, “progressiya”, “remissiya”, “palliativ davo”, “rezektabelen emas”, “prognoz” kabi tushunchalarni shunchaki lug‘aviy tarjima qilish yetarli bo‘lmaydi. Bemor uning nimani anglatishini ham tushunishi kerak.
Ba’zi tibbiy atamalarni tarjima qilmasdan, o‘z holicha qoldirishga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, tashxis, preparat, gen, protokol, operatsiya yoki tekshiruvning xalqaro nomi bo‘lsa, original nomini saqlash muhim. Keyin uning ma’nosini bemorga sodda tilda tushuntirish mumkin. Chunki keyinchalik boshqa shifokorga borganda aynan shu termin kerak bo‘ladi.
Dilorom Akbarova. Foto: Shaxsiy arxiv
Biz o‘qituvchilar sud ishlarida tez-tez qatnashamiz. Men ko‘pincha tarjimon emas, til mutaxassisi, ekspert sifatida ham jalb qilinaman. Tarjimonlik faoliyatimdagi eng uzoq davom etgan, shu bilan birga men uchun katta maktab bo‘lgan sud — “Dok-1 Maks” ishi edi. Bir yildan oshiq vaqt davomida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi yuborgan so‘roviga binoan Hindiston fuqarosi Singh Ragvendra Pratapga rus-o‘zbek tili tarjimoni bo‘lganman.
Birinchi kun mazkur ish haqida hech qanday ma’lumot olmasdan, Jahon tillari universitetidagi darsimdan chiqib to‘g‘ri sudga borganman. Jarayonda bir nechta A4 formatidagi qog‘ozlarga bitilgan, JPKdagi turli modda va bandlar kiritilgan ma’lumotlarni o‘qib, tarjima qilishimni so‘rashgan. Boshini eshitib, hazm qilib ulgurmagunimcha, qolganlari yodimdan chiqib ketgan. Advokatlardan biri “Nega bunaqa tarjimon chaqirgansizlar?” deb meni suddan chetlashtirmoqchi ham bo‘lgan. O‘shanda yer yorilib, kirib ketmaganimga o‘zim hayronman!
Albatta, rus-o‘zbek tili bo‘yicha har qanday tarjimaga tayyorman, lekin terminologik so‘zlar, xos ma’lumotlar ancha-muncha mashaqqat talab qiladi. Bu sudda qatnashib, farmatsevtika, kimyogarlik, biologiya, vrachlik, patologoanatomiya, pediatriya, nefrologiya, buxgalteriya, sud-prokuratura yo‘nalishlari bo‘yicha ham tarjimon bo‘lib ketdim, desam mubolag‘a bo‘lmas.
Dilorom Akbarova dars o‘tmoqda. Foto: Shaxsiy arxiv
Sud tarjimoni har bir so‘zi uchun, eng avvalo, qonun oldida javobgar hisoblanadi. Ishga kirishishimizdan oldin noto‘g‘ri ma’lumot bermaslik, xato tarjima qilmaslik haqidagi bayonnomaga imzo chekamiz. Bizning tarjimamiz bevosita insonning huquqlari, taqdiri va sud jarayonidagi manfaatlariga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun bu ishda xolislik, aniqlik va mas’uliyat eng muhim tamoyillardan hisoblanadi.
Tarjimon unga murojaat qilinganda yoki tarjima qilish zarur bo‘lgan nutq, savol yoki javob aytilganda gapiradi. Agar biror jumla yoki fikr tushunarsiz bo‘lsa, tarjimaning aniqligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holat yuzaga kelsa, spiker juda tez gapirsa, fikrlar bir-biriga ulanib ketsa yoki aytilgan gapni anglash qiyin bo‘lsa, tarjimon odob doirasida uni to‘xtatib, fikrini qisqaroq yoki aniqroq qilib takrorlashni so‘raydi. Ammo o‘zimiz tashabbus bilan ishning mazmuniga munosabat bildirmaymiz, maslahat bermaymiz va taraflardan birining manfaatini himoya qilmaymiz.
Masalan, advokat yoki boshqa taraf “buni biroz boshqacharoq, bizga ma’qulroq qilib tarjima qiling”, desa, bunday talabni qabul qilmaymiz. Agar qandaydir bosimlar bo‘lsa, bu haqda raislik qiluvchiga ma’lumot beramiz.
Dilorom Akbarova — markazda, oq kostyumda. Foto: Shaxsiy arxiv
Ish jarayonida faqat xotiramga tayanmayman. Albatta, tarjimonning xotirasi yaxshi bo‘lishi kerak, lekin professional tarjimada konspekt yozish — juda muhim ish quroli. Ayniqsa, ketma-ket tarjimada asosiy fikr, ism, sana va manzillar qayd etib boraman. Butun gapni yozib o‘tirsam, keyingi fikrni o‘tkazib yuborishim mumkin. Shuning uchun maxsus qisqartmalar, belgilar va mantiqiy bog‘lanishlardan foydalanaman.
Sudya odatda vazmin, aniq va rasmiy uslubda gapiradi, prokuror o‘z savollari yoki nutqida dalillar va ayblovga urg‘u berishi mumkin, advokat esa himoya pozitsiyasida bo‘ladi. Guvoh va sudlanuvchining nutqi, aksincha, ko‘proq kundalik, hissiy yoki uzuq-yuluq bo‘lishi mumkin. Tarjimon bularning barchasini bir xil qolipga solib qo‘ymasligi kerak. Mazmun bilan birga, imkon qadar nutqning uslubi va ohangini ham yetkazishi kerak.
Huquqiy terminlarda juda ehtiyotkor bo‘lish kerak. Agar terminning aniq va belgilangan yuridik muqobili bo‘lsa, uni oddiyroq so‘z bilan almashtirib bo‘lmaydi. Chunki bitta terminning oddiy tildagi ma’nosi bilan uning huquqiy ma’nosi bir-biridan farq qilishi mumkin. Shu bilan birga, tinglovchiga tushunarsiz murakkab iboralarni shunchaki so‘zma-so‘z takrorlashdan ham qochish kerak. Asosiy yuridik ma’no saqlangan holda, fikrni tushunarli va tabiiy shaklda yetkazish talab qilinadi.
Rus va o‘zbek tillari mutlaqo boshqacha grammatik tizimga ega ekani — bu til tarjimonlarining eng asosiy qiyinchiligi bo‘lsa kerak. Rus tili flektiv (hindu-yevropa), o‘zbek tili agglyutinativ (turkiy) tillar oilasiga kiradi. Rus tilida so‘zlar tartibi juda erkin. Lekin odatda ega gapning boshida, kesim esa undan keyin keladi. O‘zbek tilida esa doimo ega gap boshida, kesim (fe’l) esa gapning oxirida keladi degan muhim qoida bor.
Sinxron tarjimonlar qatori biz sud tarjimonlari ham ruscha gap oxiriga yetmasdan turib, o‘zbekchaga o‘girishni boshlay olmaymiz. Chunki fe’l ruschada o‘rtada kelib bo‘lgan bo‘lsa, o‘zbekchada uni oxiriga olib o‘tish kerak.
Masalan, sud jarayonida rus tilida “Podsudimыy priznal svoyu vinu” deyilsa, o‘zbek tilida “Sudlanuvchi o‘z aybini tan oldi” deb tarjima qilinadi. Ko‘rib turganingizdek, rus tilidagi “priznal” fe’li gap o‘rtasida kelsa, o‘zbek tilida “tan oldi” gap oxiriga o‘tadi. Bu eng sodda ko‘rinishlaridan biri, gaplar murakkablashgani sayin tarjima ham qiyinlashib boradi.
Aynan shu mavzuda O‘zDJTU va Toshkent ijtimoiy innovatsiya universitetida qiyosiy-chog‘ishtirma tilshunoslik fanidan ma’ruza o‘qiyman. Bu jarayonda “Dok-1 Maks” sudidan ko‘p misollar keltiraman.
Dilorom Akbarova dars o‘tmoqda. Foto: Shaxsiy arxiv
Ba’zan o‘zbek tilidagi huquqiy tushunchalarning rus tilidagi muqobilini topolmay qolishimiz ham mumkin. Shunaqa vaziyatlarda qisqa izohlar so‘rab, aniqlik kiritib olamiz.
So‘kinish, haqorat, jargon yoki shevaga oid gaplarni ham yumshatib yoki o‘zgartirib yubormayman.
Lekin so‘zma-so‘z yetkazishda etikam va tarbiyam yo‘l qo‘ymagani uchun uning ma’nosi va ohangini saqlagan holda tarjima qilaman.
Tarjima haqi davlat tomonidan to‘lanadi. Sudya Moliya vazirligiga xat chiqaradi, vazirlik esa shartnoma asosida to‘lov qiladi. Ammo ba’zan hujjatlar taqdim etilishiga qaramay, haq ololmay qolgan holatlarim ham bo‘lgan.
Ba’zan qaltis vaziyatlar ham bo‘lib turadi. Shunchaki pauza yoki olmoshni boshqa so‘z turkumi bilan berish jarayonga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Yig‘i, qo‘rquv yoki jahl kabi kuchli emotsiyalar nutqning tezligi va aniqligiga ta’sir qiladi.
“Dok-1 Maks” sudida bir oy davomida jabrlanuvchilarning ota-onalari tinglanganda, dori sabab olamdan o‘tgan murg‘ak go‘daklarning roliklari qo‘yib berilganda zaldagi hamma odam yig‘lardi, tabiiyki, tarjimon sifatida men ham. Men tarjimonlik qilgan Hindiston fuqarosi va sudni olib boruvchilar har bir tarjimadan oldin o‘zimga kelib olishimni kutib turib, ortiqcha bosim qilishmasdi.
Albatta, aslida tarjimon hissiyotini imkon qadar ish jarayoniga aralashtirmasligi kerak. Ammo nafaqat siz, balki raislik qiluvchi, davlat ayblovchisiyu, himoyachilar bu qoidalarga bo‘ysunolmaydigan ana shunday vaziyatlar ham uchrab turar ekan.
Aynan shu “Dok-1 Maks” sudida hissiy toliqishning oldini olish maqsadida Xolid Husayniyning “Ming quyosh shu’lasi” asarini o‘qishni boshlagandim. Bu go‘yo ponani pona bilan urib chiqarish uslubiga o‘xshaydi. Ya’ni bir dard orqali boshqasini chiqarib yuborasiz, unutasiz.
Shunday og‘ir sudda qiziq voqealar ham bo‘lgan. Dastlabki sud kunlarining birida ayblanuvchining zaldagi surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan. Uning oldida meni ko‘rgan bir keksa qarindoshimiz meni panjara ortida o‘tiribdi deb o‘ylaganlar. Sud jarayonida telefon ishlatish mumkin emas, telefon qilib, tusha olishmagan. Bilsam, o‘sha kuni kechgacha ko‘pchiliklashib mendan xavotirlanib o‘tirishgan ekan.
Sudlanuvchi qora kiyimda, tik turgan holatda. Uning chap tarafida esa tarjimon. Foto: Telegram
Sudda eshitilgan ma’lumotlarni, ayniqsa, ishga oid maxfiy ma’lumotlarni yaqinlarim bilan muhokama qilmayman. Ishni uyga olib ketmaslikka harakat qilaman. Ikki o‘g‘lim ham harbiy ofitser, bizning oilada kasb maxfiyligiga amal qilish odatiy holga aylangan.
Skrin: YouTube / Diyorbek Ibragimov
O‘zbekistonda Counter-Strike, PUBG kabi tilni chuqur bilish shart bo‘lmagan o‘yinlar juda mashhur. Hatto yurtdoshlarimiz orasida bunday o‘yinlarda xalqaro darajada muvaffaqiyatga erishganlar ham bor. Ammo kuchli syujetga ega, o‘yinchini fikrlashga, qahramonlarni tushunishga va voqealarni his qilishga majbur qiladigan o‘yinlar til to‘sig‘i sabab ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolib kelgan.
Bizning GeekTV studiyasi litsenziya asosida xalqaro filmlarni o‘zbek tilida dublyaj ham qiladi. Bugungacha “Yigitlar” (The Boys), “Ofis"(The Office), “Ajdar uyi” (House of the Dragon), “Jang klubi” (Fight Club) kabi 10 dan ortiq filmlarni tarjima qilganmiz.
Yurtdoshlarimizga yaxshi hikoyaga ega o‘yinlarni ona tilimizda to‘liq tushunib, his qilib o‘ynash imkoniyatini yaratish uchun videoo‘yinlar yo‘nalishiga ham qo‘l urdik. O‘zimiz sevgan kontentni til bilmagani uchun undan bahramand bo‘la olmayotgan odamlar bilan ham bo‘lishishni xohlaymiz.
Birinchi bo‘lib Deadpool videoo‘yinini o‘zbek tiliga o‘girdik. Bunga qariyb 12 oy vaqtimiz ketdi. Chunki loyiha ustida bo‘sh vaqtimizda ishlagandik. 2026-yil fevral oyidan beri Marvel’s Spider-Man Remastered ustida ishlayapmiz. O‘yinning matn tarjimasi to‘liq yakunlangan, hozir dublyaj va texnik integratsiya davom etmoqda.
Bu loyiha ancha katta — aktyorlar, ovoz yozish, texnik ishlar va boshqa xarajatlarning katta qismini studiyaning o‘zi qoplayapti. Shu sabab ba’zan moliyaviy imkoniyatlarimizni tiklab olish uchun loyiha ishlarini vaqtincha sekinlashtirishga ham to‘g‘ri keladi.
O‘yinlarni tanlashda birinchi navbatda ularning hikoyasiga qaraymiz. Nazarimizda, o‘yin shunchaki vaqt o‘tkazish vositasi emas, balki kino yoki adabiyot singari kuchli hikoya ayta oladigan san’at turi hisoblanadi.
Marvel’s Spider-Man Remastered hikoyasida superqahramonlikdan tashqari mas’uliyat, yaqin insonlar, yo‘qotish, tanlov va og‘ir vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish haqida gap boradi. Piter Parker ham ideal, xatosiz qahramon emas. U oddiy odamlar kabi muammolarga duch keladi, xato qiladi va tanlov qiladi. Shuning uchun uning hikoyasi ko‘pchilikka juda yaqin. Biz o‘yinchiga nafaqat yaxshi o‘yin, balki o‘zidan nimadir olib qoladigan hikoya ham yetkazishni istaymiz.
Deadpool esa alohida mavzu. O‘yinning deyarli har bir sahnasi hazil, kinoya va so‘z o‘yinlari ustida qurilgan. U yerdagi ayrim jumlalarni tarjima qilishning o‘zi kichik bir ijodiy topshiriqqa o‘xshaydi. Shuning uchun Deadpool’dagi deyarli har bir dialog bizni yo kuldirgan, yo uzoq o‘ylashga majbur qilgan.
Tarjima jarayonida matnning o‘zini ko‘rish har doim ham yetarli bo‘lmaydi. Birgina jumlaning ma’nosi uning qaysi vaziyatda, kim tomonidan va qanday ohangda aytilayotganiga qarab butunlay o‘zgarib ketadi. Shuning uchun tarjimon o‘yinni o‘ynab ko‘rishi, uning olamini va hikoyasini yaxshi bilishi muhim.
Marvel’s Spider-Man Remastered
Agar loyiha kitob, komiks yoki boshqa asarga asoslangan bo‘lsa, imkon qadar o‘sha manbalarni ham o‘rganish foydali. Oddiy qilib aytganda, tarjimon asarni qanchalik yaxshi tushunsa, tomoshabin yoki o‘yinchiga ham shunchalik ko‘p narsani yetkazib bera oladi.
Har bir qahramonning o‘z nutq portreti bo‘lishi kerak. Ba’zan tarjimon hatto bitta personajga xos alohida gapirish uslubini yaratadi. Masalan, fransuz aksentida gapiradigan qahramon bo‘lsa, uning talaffuzidagi ayrim xususiyatlarni matnda ham ifodalash mumkin. Yoki boshqa bir qahramonga faqat o‘zi tez-tez ishlatadigan so‘z va iboralar beriladi. Bunda yosh, ijtimoiy mavqe, xarakter, hazilkashlik, qo‘pollik yoki ziyolilik kabi jihatlar hisobga olinadi.
Lekin personaj xarakterini faqat matn belgilamaydi. Juda chiroyli so‘zlarni ham odam nafrat, kinoya yoki qo‘pollik bilan aytishi mumkin. Shuning uchun aktyor original ijroni eshitadi va intonatsiya orqali matnda ko‘rinmaydigan hissiyotlarni ham yetkazishga harakat qiladi.
GeekTV tarjimalarida originaldagi qo‘pol iboralarni imkon qadar sun’iy ravishda yumshatmaslikka harakat qiladi. Agar qahramon originalda qo‘pol gapirayotgan bo‘lsa, o‘zbekcha versiyada ham uning xarakteri yo‘qolib ketmaydi.
Xorijlik o‘yinchiga tushunarli bo‘lgan hazil va emotsiyalar o‘zbek auditoriyasiga tushunarsiz bo‘lib qolganda lokalizatsiyaga o‘tamiz. Ba’zan jumlani aynan tarjima qilsangiz, o‘zbek o‘yinchisi undan hech qanday hissiyot olmaydi. Shunda originaldagi vazifa — hazil, kinoya, g‘azab yoki boshqa emotsiyani saqlagan holda o‘zbek tilida tabiiyroq variant topishga harakat qilamiz. O‘yin tarjimonining asosiy vazifasi so‘zni emas, muallif nimani his qildirmoqchi bo‘lganini topish.
Marvel’s Spider-Man Remastered
Bizningcha, lokalizatsiya mazmunni o‘zgartirish emas. Bu mazmunni boshqa til va madaniyat vakiliga originaldagi kabi tushunarli va tabiiy yetkazishdir. Masalan, hazil yoki ibora o‘zbek tilida ishlamasa, shaklini o‘zgartirishimiz mumkin. Ammo syujet uchun muhim bo‘lgan ism, tushuncha, fakt yoki ishorani saqlab qolamiz.
Ayniqsa, videoo‘yinda tarjimon to‘liq erkin bo‘lolmaydi. Chunki bugun oddiy yoki ahamiyatsizdek ko‘ringan bir so‘z keyinchalik syujet, topshiriq yoki boshqa qahramon bilan bog‘lanishi mumkin. Shuning uchun original ma’lumotni o‘z xohishimiz bilan almashtirish yoki olib tashlashga haqqimiz yo‘q.
Butun loyiha davomida bir xillikni saqlash tarjimaning o‘zidek qiymatli. O‘yinlarda minglab, ba’zan o‘n minglab jumlalar bo‘ladi. Muhim atamalarni loyiha boshidayoq kelishib olamiz. Masalan, ma’lum bir mexanika yoki predmetga qanday nom berilgan bo‘lsa, keyinchalik imkon qadar hamma joyda aynan shu shakl ishlatiladi. Buning uchun terminlar ro‘yxatini yuritamiz. Bir atama bugun bir xil, bir necha oy o‘tib boshqa tarjimon tomonidan boshqacha tarjima qilinsa, o‘yinchi chalkashib qoladi.
Shuningdek, qahramonning o‘ziga xos nutqini saqlash juda muhim. Kimdir qisqa gapiradi, kimdir murakkab jumlalardan foydalanadi, yana biri kinoya bilan gapiradi. Bularning barchasi qahramon xarakterining bir qismi.
Dublyajda tarjima original replikadan haddan tashqari uzun bo‘lib ketmasligi kerak. Shu sabab ma’noni yo‘qotmasdan tabiiy va ixcham jumla topish muhim.
O‘zbek tilida hali yo‘q geyming terminlari uchun yangi atamalar yaratishga to‘g‘ri keladi. Ba’zi tushunchalarni o‘zbek tilida bitta so‘z bilan ifodalash qiyin. Agar uni har safar uch-to‘rt so‘z bilan izohlash o‘yinni og‘irlashtirsa, xalqaro atamani o‘zbek tiliga mos shaklda qoldirish mumkin. Masalan, “telefon” yoki “televizor” kabi so‘zlar ham bir vaqtlar tilimizga tashqaridan kirgan. Deadpool’da “momentum” terminini o‘zgartirmasdan qoldirganmiz. Muhimi yangi termin tushunarli bo‘lishi va loyiha davomida bir xil ishlatilishi kerak.
Biz uchun yaxshi tarjima — o‘yinchi uni tarjima ekanini unutib qo‘yadigan tarjima. Ba’zan eng qiyin narsa katta va murakkab jumla emas, juda oddiy ko‘ringan bitta fe’l ham bo‘lishi mumkin. Marvel’s Spider-Man'da uchragan ingliz tilidagi “take down” iborasi bunga misol bo‘ladi. “I need to take down that guard quietly” gapini har safar oddiygina qilib “qo‘riqchini yengishim kerak” deb tarjima qilib bo‘lmaydi. Kontekstga qarab take down raqibni yiqitish, zararsizlantirish, hushsizlantirish yoki jangdan chiqarishni anglatishi mumkin. Shu vaziyatda, masalan, “Qorovulni sezdirmay zararsizlantirishim kerak”, degan variant ishlashi mumkin. Lekin o‘yinda bu ibora yuzlab marta uchragani uchun har safar vaziyatga qarab tabiiy yechim topishga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda sun’iy intellekt juda kuchli yordamchi vositaga aylanmoqda. Masalan, minglab satrlar ichida terminlarning bir xil ishlatilganini tekshirish, imlo xatolarini topish, oldingi tarjimalarni solishtirish yoki katta hajmdagi matn bilan ishlashda AI juda ko‘p vaqt tejashi mumkin.
Lekin jonli, tabiiy dialogni to‘liq sun’iy intellektga topshirishga hali erta, deb hisoblaymiz. Chunki til faqat grammatikadan iborat emas. Unda xarakter, kinoya, madaniyat, vaziyat va insoniy hissiyot bor. AI tarjimonga yordam berishi mumkin, lekin yakuniy qarorni baribir tilni va asarni his qiladigan inson qabul qilishi kerak.
Agar hammasi yuqori sifatda bajarilsa, dialog tarjimasi nuqtai nazaridan o‘yin tarjimasi va film, serial tarjimasi juda yaqin. Lekin o‘yinda qo‘shimcha qatlamlar, interfeys, topshiriqlar, predmetlar, qobiliyatlar, xarita, texnik terminlar va o‘yinchining harakatiga qarab o‘zgaradigan dialoglar bor.
Filmda tomoshabin voqeani bitta yo‘nalishda ko‘radi. O‘yinda esa o‘yinchi bir dialogni asosiy hikoyada, boshqasini jang paytida, uchinchisini tasodifan eshitishi mumkin. Shu sabab barcha matnlar bir-biriga mos kelishi kerak. Yana bir muhim jihati, o‘yin uchun oddiy “zakadr” uslubidagi soddalashtirilgan tarjima yetarli emas. O‘yinchi ma’lum dunyoning ichida bo‘lgani uchun sun’iy yoki noto‘g‘ri jumla uni o‘sha muhitdan darhol chiqarib yuboradi.
Har bir o‘yinning o‘z texnik cheklovlari mavjud. Hozirgacha matnning bevosita ekranga sig‘may qolishi bizda katta muammo bo‘lmagan. Lekin ayrim interfeys elementlarida matn uchun ajratilgan maydon yetarli bo‘lmay qolishi mumkin. Agar texnik imkon bo‘lsa, kod orqali o‘sha maydonni kengaytiramiz yoki interfeysni moslashtiramiz.
Subtitrlarda esa uzun monologlarni bir nechta qismlarga ajratamiz. Shunda bitta katta matn birdaniga chiqmaydi, jumlalar navbatma-navbat ko‘rinadi va o‘qish osonlashadi.
Ba’zan hazillashib, O‘zbekistonda o‘zbek tilidagi syujetli o‘yinlarga talabni o‘zimiz shakllantiryapmiz, deb qo‘yamiz. Chunki avval “qaniydi, shu o‘yinni o‘zbek tilida tushunib o‘ynasam” degan fikrlarni deyarli eshitmasdik. Ko‘pchilik Counter-Strike, PUBG yoki shunga o‘xshash o‘yinlarga o‘rgangan edi. Ammo odamlarga sifatli o‘zbekcha loyiha ko‘rsatilsa, qiziqish paydo bo‘lyapti. Biz buni Deadpool’dan keyingi fikrlarda ham ko‘rdik.
Hozirgi loyihalarimiz rasmiy nashriyotchi buyurtmasi asosida qilinayotgan lokalizatsiyalar emas. Ya’ni hozircha Sony yoki boshqa huquq egasi bilan o‘zbekcha versiya bo‘yicha rasmiy kelishuvimiz yo‘q.
Xalqaro kompaniyalar uchun esa eng kuchli dalil — raqamlar. Agar statistikada o‘zbek tilidagi versiya mahsulot savdosiga, auditoriyaga yoki faollikka ijobiy ta’sir qilayotgani ko‘rinsa, kompaniyalarning O‘zbekiston va o‘zbek tiliga qiziqishi tabiiy ravishda ortadi.
Xorijiy o‘yinlarni o‘zbekchalashtirish uchun esa tarjimon va aktyorlardan tashqari o‘yinlarning ichki tuzilishini tushunadigan texnik mutaxassislar — fayllar, dvijoklar, audio banklar, subtitr tizimlari va boshqa texnik jarayonlar bilan ishlay oladigan odamlar juda zarur. Dublyaj rejissyorlari, ovoz rejissyorlari, tarjimon va aktyorlar borasida esa bizda salohiyat yetarli, deb hisoblaymiz.
Kelajakda Sony PlayStation kabi yirik kompaniyalar O‘zbekiston bozorini ham alohida auditoriya sifatida ko‘rib, o‘zbek tilidagi rasmiy lokalizatsiyalarni yo‘lga qo‘yishini xohlaymiz. O‘sha paytda bunday ishlarni professional darajada bajara oladigan mahalliy studiyalar kerak bo‘ladi. GeekTV ham ana shunday studiyalardan biri bo‘lish uchun bugundan tajriba va portfolio yig‘moqda.
Deadpool hozirda bepul yuklab olish uchun ochiq. Imkon qadar ko‘proq odam biz qilgan ishni o‘ynab ko‘rib, o‘zbekcha to‘liq lokalizatsiya qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rishini istaganimiz uchun ham uni bepul tarqatyapmiz. Afsuski, hozircha yuklab olishlar bo‘yicha aniq analitikamiz mavjud emas.
Ammo loyiha chiqqanidan keyin juda ko‘p ijobiy fikrlar oldik va odamlar boshqa o‘yinlarni ham o‘zbek tilida ko‘rishni xohlashlarini bildirishdi. Hozircha videoo‘yin lokalizatsiyasidan daromadga chiqmaganmiz. Deadpool uchun sarflangan mablag‘lar moliyaviy jihatdan o‘zini qoplamadi.
Marvel’s Spider-Man Remastered loyihasiga esa 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflayapmiz. Bu loyihaning iqtisodiy natijasini sotuv boshlangandan keyin ko‘ramiz. Biz hozirgi loyihalarimiz faqat daromad manbai sifatida emas, O‘zbekistonda bunday mahsulotga ehtiyoj borligini ko‘rsatadigan tajriba va kelajak uchun investitsiya sifatida ham qaraymiz.
Kelgusida God of War, The Last of Us kabi kuchli hikoyaga ega o‘yinlar lokalizatsiyasi ham biz uchun qiziq bo‘lishi mumkin. O‘zimiz boshidan o‘zbek tilida yaratiladigan videoo‘yin ishlab chiqish maqsadimiz ham bor. O‘zbekistonda yaratiladigan original o‘yinlar ko‘payishi uchun o‘yin ishlab chiqarish (game development)ni professional darajada biladigan mutaxassislar kerak.

