Texnologiya

Startaplar AgroVentures’dan 500 ming dollargacha sarmoya jalb qilishi mumkin

'Agrobank' va AgroVentures korporativ akseleratoriga arizalar qabuli davom etmoqda. Bepul dasturga 20 tagacha startap saralab olinib, ular bank va uning biznes mijozlari bilan pilot loyihalarni amalga oshiradi. Arizalar 9-noyabrgacha qabul qilinadi.

Startaplar AgroVentures’dan 500 ming dollargacha sarmoya olishi mumkin

AgroVentures venchur fondi prezidentning 2026-yil 13-martdagi PQ-99-son qaroriga asosan “Agrobank” tomonidan tashkil etilgan. Jamg‘arma qishloq xo‘jaligi sohasidagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli g‘oyalarni moliyalashtirish va ularni amaliyotga tatbiq etishga yordam beradi.

Korporativ akselerator ana shu yo‘nalishdagi amaliy tashabbuslardan biri hisoblanadi. 12 haftalik dastur davomida jamoalar “Agrobank” bo‘linmalari hamda uning kichik va o‘rta biznes mijozlari bilan birga o‘z mahsulotlarini real sharoitda sinovdan o‘tkazadi.

Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar AgroVentures’dan 25 mingdan 500 ming dollargacha sarmoya jalb qilish imkoniga ega bo‘ladi. Dastur AI Station hamkorligida yo‘lga qo‘yilmoqda.

Har bir jamoaga “Agrobank” tomonidan tajribali menejer biriktiriladi. U startapga bank va uning mijozlari bilan pilot loyihani amalga oshirishda ko‘mak beradi.

Ishtirokchilar biznes va agrobiznes, bank hamda IT sohasidagi ekspertlardan dastur davomida mentorlik asosida bilim va ko‘nikmalar olish, tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastur xalqaro master-klasslar, hududlardagi amaliy seminarlar hamda mentorlar bilan yakkama-yakka uchrashuvlarni o‘z ichiga oladi. Mashg‘ulotlarda mahsulotni bozorga olib chiqish, sotuvni rivojlantirish, moliyaviy model tuzish va investorlarga taqdimot tayyorlash ustida ishlanadi.

Xalqaro mentorlar orasida Microsoft va Intel kompaniyalarida ishlagan Talos Capital asoschisi Kris Sangos hamda Mantro kompaniyasi bosh direktori Manfred Tropper bor.

Akselerator yakunida jamoalar Demo Day tadbirida “Agrobank” rahbariyati, investorlar va hamkorlarga o‘z mahsulotlari hamda pilot natijalarini taqdim etadi.

Dasturda qatnashish bepul.

Ishtirok uchun startaplardan ulush yoki ularning daromadidan foiz talab qilinmaydi.

Akseleratorga agrosoha va fintech, bank tizimida sun’iy intellekt, aqlli qishloq xo‘jaligi, logistika va ta’minot, iqlim xatarlari hamda kichik va o‘rta biznes uchun yechimlar yo‘nalishida mahsulotga ega jamoalar taklif etiladi.

Ro‘yxatda ko‘rsatilmagan boshqa yo‘nalishlarda ishlayotgan, biroq bank yoki fermerlar uchun foydali yechim taklif qila oladigan startaplar ham ariza topshirishi mumkin.

Arizalar 9-noyabrgacha qabul qilinadi. Dasturga 20 tagacha jamoa saralab olinadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.