SSV: SSPE bilan kasallangan 238 bolaning 133 nafari qizamiqqa qarshi emlanmagan
Sog‘liqni saqlash vazirligi SSPE bilan kasallangan bolalarning emlanish holati bo‘yicha izoh berdi. Vazirlik nazoratidagi 238 bemorning 95,8 foizi bir yoshga to‘lmasidan oldin qizamiq bilan kasallangan. Ulardan 133 nafari qizamiqqa qarshi emlanmagan, yana 83 nafari vaksinadan oldin qizamiq bilan kasallangan.

SSV: SSPE bilan kasallangan 238 bolaning 133 nafari qizamiqqa qarshi emlanmagan
9-sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) binosi oldiga respublikaning turli hududlaridan kelgan bir guruh fuqarolar yig‘ildi. Ular orasida kamyob va o‘ta og‘ir hisoblangan O‘tkir osti sklerozlanuvchi panensefalit (Subacute Sclerosing Panencephalitis — SSPE) kasalligiga chalingan bolalarning ota-onalari ham bor edi. Ular hukumatdan zarur dori-darmonlar, tibbiy yordam va moddiy ko‘mak ajratilishini so‘radi.
Shundan keyin SSV Gazeta’ga SSPE bilan kasallangan bolalarning emlanish holati yuzasidan izoh berdi. Vazirlikka ko‘ra, hozir respublika bo‘yicha 238 nafar SSPE bilan kasallangan bola nazoratda turibdi. Ularning 133 nafari (55,8 foiz) milliy emlash kalendariga muvofiq qizamiqqa qarshi vaksina olmagan.
O‘tkir osti sklerozlanuvchi panensefalit — qizamiq virusi sabab yuzaga keladigan, bosh miyaning qaytmas darajada yemirilishi bilan kechuvchi halokatli kasallikdir. Infeksiya yuqqach, virus miya hujayralariga kirib, 5−10 yil davomida “uyqudagi” yashirin holatda qoladi. So‘ng birdan “uyg‘onib”, miyani ichidan yemira boshlaydi. Natijasi deyarli 100 foiz holatda o‘lim yoki umrboqiy chuqur nogironlik bilan yakunlanadi.
1 yoshgacha bo‘lgan go‘daklarning markaziy asab tizimi va immuniteti hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Agar virus shu davrda organizmga kirsa, u miya to‘qimalarida juda oson joylashib, yashirin qoladi. Statistikaga ko‘ra, 1 yoshgacha qizamiq bilan og‘rigan bolalarda keyinchalik SSPE (miya yemirilishi) rivojlanish xavfi katta yoshdagi bolalarga nisbatan bir necha barobar yuqori.
SSV emlanmagan bolalarning aksariyati qizamiqni juda erta yoshda yuqtirganini ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, SSPE bilan nazoratga olingan 238 bolaning 228 nafari (95,8 foiz) bir yoshga to‘lmasidan oldin qizamiq bilan kasallangan. 2019-yilda milliy emlash kalendarida qizamiqqa qarshi emlash bir yoshda amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, 2019-yilda tug‘ilgan bolalar bir yil o‘tib, 2020-yilda emlanishi kerak bo‘lgan. Biroq koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan karantin aholining emlash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
SSVning statistik tahlillariga ko‘ra, ota-onalarning o‘rtacha 10 foizi emlash dasturlariga mas’uliyatsiz yondashadi yoki vaksinatsiyaga qarshi bo‘ladi.
2023-yildan boshlab esa epidemiologik vaziyatni inobatga olib, qizamiqqa qarshi emlash 6 oylikdan boshlangani qayd etildi.
SSV 1980—1990-yillarda butun aholini qizamiqqa qarshi vaksinatsiya bilan qamrab olish amaliyoti bo‘lmaganini bildirdi. O‘sha davrda asosan uyushgan bolalar guruhlari, jumladan, ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari qizamiqqa qarshi majburiy emlangan.
Shu sababli ushbu yillarda aholining vaksinatsiya bilan qamrovi bo‘yicha umumiy statistik ma’lumotlar asosida muayyan fuqaroning emlangan yoki emlanmaganini aniqlash ko‘p vaqt va resurs talab etadi.
SSV ma’lumotiga ko‘ra, SSPE bilan kasallangan nazoratdagi 238 bemorning 185 nafari, ya’ni 77,7 foizi, 2019-yilda tug‘ilgan. Yana 21 nafari (8,8 foiz) 2023-yilda, 18 nafari (7,5 foiz) 2018-yilda tug‘ilgan. 2015−2024-yillarning qolgan yillariga esa 1−2 nafardan to‘g‘ri keladi.
Shu bois SSPE bilan kasallangan bolalarning 90 foizi 2019-yilda tug‘ilgan degan ma’lumot tasdiqlanmadi, deya ta’kidlanadi SSV xabarida.
SSVga ko‘ra, nazoratdagi 238 nafar SSPE bemorining 105 nafari (44,1 foiz) qizamiqqa qarshi emlangan. Biroq ularning 83 nafari, ya’ni 80 foizi, vaksina olishidan oldin qizamiq bilan kasallangan.
Vazirlik ilmiy adabiyotlarga tayangan holda, qizamiqqa qarshi ikki doza vaksina olganlarning taxminan 3 foizida immunitet shakllanmasligi yoki vaqt o‘tishi bilan susayishi sabab qizamiq qayd etilishi mumkinligini bildirdi. Bir doza olganlarda bu ko‘rsatkich 7 foizni tashkil etadi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, qizamiq vaksinasining bir dozadan keyingi samaradorligi taxminan 93 foiz, ikki dozadan keyin esa 97 foizgacha yetadi.
O‘zbekistonda amaldagi milliy emlash kalendariga ko‘ra, bolalar qizamiqqa qarshi 6 oylikda va 6 yoshda ikki marta emlanadi.
SSVga ko‘ra, vaksinaning noto‘g‘ri yuborilishi teri yoki teri ostida yallig‘lanishga olib kelishi mumkin. Shuningdek, vaksina qadog‘i ochilgan vaqtdagi hamda saqlash haroratiga qo‘yilgan talablarning buzilishi emlangan shaxsda yetarli immunitet shakllanmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Biroq vaksina sifatsizligi SSPEni keltirib chiqarishi haqidagi da’voni vazirlik tasdiqlamadi.
SSV O‘zbekistonda milliy emlash kalendariga kiritilgan 13 turdagi vaksinalarning barchasi JSST prekvalifikatsiyasidan o‘tgan vaksinalar ekanini bildirdi. Prekvalifikatsiya — vaksinaning sifati, xavfsizligi va samaradorligi xalqaro standartlarga javob berishini baholash jarayonidir.
Vazirlik, shuningdek, SSPE bilan kasallangan bemorlarda yovvoyi qizamiq virusi shtammlari aniqlangani haqida ilmiy maqolalar e’lon qilinganini qayd etdi. Qizamiqni 5 yoshgacha yuqtirgan har 100 ming bolaga taxminan 18 ta SSPE holati to‘g‘ri kelishi mumkin. Kasallik odatda qizamiqdan 7−10 yil o‘tib namoyon bo‘ladi.
SSV 2019, 2020, shuningdek 2023−2024-yillarda O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda qizamiq bilan kasallanish ko‘payganini ham ta’kidladi.
SSV 9-sentabr kuni ota-onalar murojaat bilan kelgan paytda Sog‘liqni saqlash vazirining qo‘liga tutqazilgan bola — Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi voyaga yetmagan fuqaro X.E. — 2019-yilda tug‘ilganini ma’lum qildi. U 6 oyligida qizamiq bilan kasallangani va qizamiqqa qarshi emlanmagani ta’kidlandi. Bolada SSPE 2022-yil sentabrida aniqlangan.
Vazirlik xulosasiga ko‘ra, SSPE holatlarining asosiy qismi qizamiq bilan kasallangan bolalarda kuzatilgan. Nazoratdagi bemorlarning 95,8 foizi qizamiq bilan bir yoshga to‘lmasidan oldin kasallangan.
SSV shuningdek, SSPE bilan kasallanish holatlari asosan qizamiq bilan kasallanish ko‘paygan yillarda tug‘ilgan bolalar orasida qayd etilganini bildirdi.

