«Spark»dagi 200 ta paket: tekshiruv ortidan 1,2 kilogrammdan ziyod narkotik topildi
Toshkentga kirib kelayotgan «Spark» yoʻlovchisidan 200 ta paketga qadoqlangan sintetik narkotik topildi. Keyinchalik u vaqtincha yashab turgan xonadon ham tekshirilib, ikki manzildan jami 1 kilogramm 207 gramm giyohvandlik moddasi olindi.

«Spark»dagi 200 ta paket: tekshiruvdan so‘ng 1,2 kilogrammdan ortiq narkotik aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda avtomobil Yunusobod tumanidagi «Uch qahramon» YPX maskanida to‘xtatildi.
Tekshiruv vaqtida mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 2004-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan shaxsga tegishli sellofan paketdan 200 ta zip-paketga qadoqlangan jami 365 gramm «Mefedron» topildi. Moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tadbir davomida uning Toshkent tumanida vaqtincha yashab turgan xonadoni ham ko‘zdan kechirildi. U yerdan yana 734 gramm «Mefedron», 63 gramm «Alfa-PVP» va 45 gramm «Spays» aniqlandi.
Shuningdek, xonadondan ikkita elektron tarozi, zip-paketlar va boshqa ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Xabarda qayd etilishicha, mazkur shaxs muqaddam o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan. Tezkor tadbir ma’lumotlariga ko‘ra, u internet orqali narkotik sotuvchi do‘konda moddalarni yashirin joylarga qoldirib ketuvchi — «zakladchik» sifatida faoliyat yuritgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

