Soya raqamli navigatsiyaning bir qismiga aylanmoqda: Toshkent iqlimga moslashuvchan texnologiyalar global trendiga qanday qoʻshildi
Oʻzbekiston raqamli navigatsiya nafaqat masofa va yoʻldagi vaqtni, balki issiq havo sharoitida piyodalarning qulaylik darajasini ham hisobga olishni boshlagan birinchi davlatlar qatoridan joy oldi.

Soya raqamli navigatsiyaning bir qismiga aylanmoqda: Toshkent iqlimga moslashuvchan texnologiyalar global trendiga qanday qoʻshildi
Oʻzbekiston raqamli navigatsiya nafaqat masofa va yoʻldagi vaqtni, balki issiqda piyoda yurishning qanchalik qulay boʻlishini ham hisobga ola boshlagan birinchi davlatlar qatoridan joy oldi.
Shahar navigatsiyasi asta-sekin oʻz anʼanaviy vazifasi — bir nuqtadan ikkinchisiga eng tez yoki eng qisqa yoʻlni koʻrsatish doirasidan chiqib bormoqda. Tez-tez kuzatilayotgan favqulodda issiqlik davrlari fonida raqamli xizmatlar yana bir koʻrsatkichni — inson uchun marshrutni bosib oʻtish qanchalik qulay boʻlishini ham inobatga olishni boshlamoqda.
Ana shunday yechimlardan biri Yandex Maps ilovasidagi «yashil» marshrutlar boʻldi, ular avgust oyida Toshkentda pilot rejimida ishga tushirildi.
Yangi funktsiya soyali hududlari koʻproq boʻlgan piyodalar yoʻnalishlarini tanlash va shu orqali toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari ostida qolish vaqtini qisqartirish imkonini beradi.
Techloy xalqaro texnologik nashri maʼlumotlariga koʻra, Toshkent Markaziy Osiyo va MDHda ommaviy xarita xizmatida bunday funktsiya paydo boʻlgan birinchi shaharga aylandi. Jahon miqyosida bunga oʻxshash yondashuvlar AQSh, Germaniya va Janubiy Koreyada ham rivojlanmoqda.
Soya shahar infratuzilmasining bir qismiga aylanganda
Odatda shahar muhiti sifatini baholashda eʼtibor transportdan foydalanish imkoniyati, yoʻllarning holati, jamoat transporti, havo sifati va jamoat joylarining mavjudligiga qaratiladi. Ammo iqlim oʻzgarishi bu roʻyxatni kengaytirishni taqozo etmoqda.
Issiq shaharda daraxtlar va soyali piyodalar hududlari shunchaki obodonlashtirish elementi emas, balki kundalik harakatchanlik omiliga aylanadi.
Toshkent uchun bu muammo ayniqsa muhimdir. Yoz oylarida havo harorati tez-tez 35–40°C dan yuqori koʻtariladi va hatto nisbatan qisqa piyoda sayr ham inson uchun jiddiy yuklamaga aylanishi mumkin.
Bunday sharoitda raqamli xarita yangi rolni bajara boshlaydi: u nafaqat makonda yoʻnalish olishga yordam beradi, balki marshrutning iqlimiy qulayligini ham hisobga oladi.
Ushbu yondashuv kengroq global trendni aks ettiradi. 2026 yilning bahori va yozida salqin va soyali yoʻnalishlarni izlash boʻyicha turli loyihalar bir nechta mamlakatlarda rivojlantirildi.
AQShda Arizona shtati universiteti kampus hududida salqinroq yoʻnalishlarni topishga qaratilgan Cool Routes tadqiqot loyihasini amalga oshirmoqda. National Shade Map AQShning yuzlab shaharlarida koʻchalarning soyalik darajasini koʻrsatadi, garchi bevosita marshrutlar chizmasa ham.
Germaniyada HEAL (Heat Adaptation for Vulnerable Population Groups) loyihasi rivojlanmoqda, u jumladan yuqori harorat taʼsiriga eng sezuvchan aholi guruhlarini himoya qilishga qaratilgan. Janubiy Koreyada mahalliy Geuneullo ilovasi foydalanuvchilarga maksimal darajada soyali boʻlgan piyodalar yoʻnalishlarini taklif qiladi.
Shu tariqa, Toshkent shakllanayotgan xalqaro yoʻnalish — climate-adaptive navigation yoki iqlimga moslashuvchan navigatsiyaning bir qismiga aylandi.
«Yashil» marshrut qanday ishlaydi
Yangi yechimning texnologik xususiyati shundaki, algoritm nafaqat koʻchalar xaritasini, balki oʻsimlik qoplamining xususiyatlarini ham tahlil qiladi.
Texnologiya asosida mashinaviy oʻqitish va sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini tahlil qilish yotadi. Algoritm multispektral maʼlumotlar asosida daraxtlarning shox-shabbalarini aniqlaydi va piyodalar yoʻlining qaysi qismi oʻsimliklar ostidan oʻtishini baholaydi.
Bunda hududning umumiy koʻrinishi qanchalik «yashil» ekanligini aniqlashning oʻzi kifoya qilmaydi.
Agar daraxtlar yoʻnalish uzunligining kamida 60 foizini qoplasa, marshrutning alohida qismi yashil deb hisoblanadi. Bundan tashqari, algoritm marshrut boʻylab soyaning taqsimlanishini va insonning ochiq quyosh ostida qolish davomiyligini tahlil qiladi.
Yana bir parametr — muayyan kun va vaqtga xos boʻlgan havo harorati.
Shu tariqa, marshrut amalda bir vaqtning oʻzida bir nechta mezonlar boʻyicha baholanadi: soyali uchastkalarning uzunligi, ularning taqsimlanishi, quyosh ostida boʻlish vaqti va harorat sharoitlari.
Bu asosiy mezonlari masofa, vaqt va yoʻldan foydalanish imkoniyati boʻlib qolayotgan oddiy navigatsiyadan tubdan farq qiladi.
Nega aynan sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari
Xalqaro amaliyotda soyalikni hisobga olgan holda marshrutlarni qurishning turli usullari qoʻllaniladi.
Shartli ravishda ularni uchta yondashuvga boʻlish mumkin: geometrik, biofizik va sunʼiy yoʻldosh orqali.
Sunʼiy yoʻldosh yondashuvi katta hududlarda oʻsimlik qoplamini toʻgʻridan-toʻgʻri baholash imkonini beradi. Yirik shahar uchun bu juda muhim: har bir daraxtning holatini yoki har bir koʻchaning soyalik darajasini qoʻlda aniqlash deyarli imkonsiz.
Sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va mashinaviy oʻqitish algoritmlaridan foydalanish katta hajmdagi fazoviy maʼlumotlarni muntazam ravishda qayta ishlash va ularni oddiy foydalanuvchiga tushunarli maʼlumotga aylantirish imkonini beradi.
Natijada murakkab texnologiya deyarli sezilmaydigan boʻlib qoladi: inson ilovada shunchaki oʻziga mos piyodalar yoʻnalishini tanlaydi.
Issiqlik harakatchanlik haqidagi tasavvurni oʻzgartirmoqda
Bunday xizmatlarning paydo boʻlishini faqat texnologik yangilik sifatida koʻrib boʻlmaydi.
U shahar harakatchanligiga boʻlgan yondashuvning oʻzgarishini aks ettiradi. Ilgari manzilga tezroq yetib borish imkonini beruvchi marshrut eng samarali hisoblanar edi. Endilikda issiq iqlimda qoʻshimcha savol tugʻiladi: qaysi marshrut buni kamroq jismoniy yuklama bilan amalga oshirish imkonini beradi.
Bu ayniqsa yuqori haroratga sezuvchan odamlar, keksalar, bolalar va koʻp piyoda yurishga majbur boʻlganlar uchun muhim boʻlishi mumkin.
Bunday yechimlarga global qiziqish harorat rejimlarining oʻzgarishi fonida kuchaymoqda. Copernicus Climate Change Service maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning iyun-iyul oylarida Gʻarbiy Yevropada oʻrtacha harorat 21,62°C ga yetdi, bu meʼyordan taxminan 2,8°C yuqori, Ispaniya, Portugaliya va Frantsiyada esa harorat bir necha bor 40°C dan oshdi.
Bu shaharlarni issiqlikka moslashtirish xalqaro vazifaga aylanayotganini, raqamli texnologiyalar esa asta-sekin uni hal qilish vositalaridan biriga aylanib borayotganini koʻrsatadi.
Texnologiyalar koʻkalamzorlashtirish oʻrnini bosmaydi — ular uning salohiyatini ochishga yordam beradi
Shu bilan birga, raqamli navigatsiya shaharlarni haqiqiy koʻkalamzorlashtirish oʻrnini bosa olmaydi.
Algoritm insonga soya allaqachon mavjud boʻlgan joyni koʻrsatishi mumkin, ammo daraxtlar, bogʻlar va yashil yoʻlaklarning oʻzini almashtira olmaydi. Bu maʼnoda «yashil» marshrutlarni mavjud shahar infratuzilmasi ustidagi oʻziga xos raqamli qatlam sifatida qarash mumkin.
Shaharda daraxtlar va uzluksiz yashil yoʻnalishlar qanchalik koʻp boʻlsa, qulay piyodalar tarmogʻini yaratish imkoniyatlari shunchalik keng boʻladi.
Shu bolatdan, bunday texnologiyalar shaharsozlikni rejalashtirish uchun ham muhim boʻlishi mumkin. Ommabop soyali marshrutlar haqidagi maʼlumotlardan kelajakda yangi daraxtlar, soyabonlar, dam olish zonalari yoki iqlimga moslashishning boshqa elementlari ayniqsa zarur boʻlgan hududlarni aniqlash uchun foydalanilishi mumkin.
Boshqacha aytganda, raqamli xarita nafaqat shahar muhitini aks ettirishi, balki uning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishga ham yordam berishi mumkin.
Toshkent iqlim innovatsiyalari maydonchasi sifatida
Oʻzbekiston uchun bunday texnologiyaning joriy etilishi alohida qiziqish uygʻotadi.
Toshkent — transport va piyodalar oqimi zich boʻlgan, yirik va tez rivojlanayotgan shahar.
Shu bilan birga, u kontinental iqlimga xos boʻlgan yuqori yozgi haroratlarga duch kelmoqda.
Bunday sharoitda koʻkalamzorlashtirish, jamoat transportini rivojlantirish, qulay piyodalar makonlarini yaratish va raqamli vositalarning uygʻunligi shahar muhitini moslashtirishning yanada kompleks strategiyasining bir qismiga aylanishi mumkin.
«Yashil» marshrutlarning ishga tushirilishi iqlimga moslashish asta-sekin faqat yirik infratuzilma loyihalari sohasidan kundalik raqamli xizmatlarga oʻtayotganini koʻrsatadi.
Inson shaharning iqlim siyosati haqida oʻylamasligi mumkin, lekin har kuni uning natijalaridan foydalanadi — ishga, doʻkonga, bogʻga yoki jamoat transporti bekatiga borish uchun soyaliroq yoʻlni tanlaydi.
Raqamli xaritadan — «aqlli» shaharga
Kengroq kontekstda, iqlimga moslashuvchan navigatsiyaning paydo boʻlishi — bu raqamli xizmatlar nafaqat fazoviy xususiyatlarni, balki inson hayotining real sharoitlarini ham hisobga oladigan aqlli shaharni shakllantirish sari tashlangan yana bir qadamdir.
Bunday yechimlarni rivojlantirishning keyingi bosqichi harorat, havo sifati, koʻkalamzorlashtirish, koʻchalarning bandligi va jamoat transportidan foydalanish imkoniyati haqidagi maʼlumotlarning yanada chuqurroq integratsiyalashuvi boʻlishi mumkin.
Oʻshanda raqamli xarita navigatsiya vositasidan shahar muhitining oʻziga xos interfeysiga — insonga nafaqat tezlikni, balki sogʻliq, xavfsizlik va qulaylikni ham hisobga olgan holda qaror qabul qilishga yordam beradigan tizimga aylanadi.
Toshkent uchun bu maʼnoda «yashil» marshrutlarning paydo boʻlishi ramziy maʼnoga ega. Shahar global texnologik tajriba ishtirokchisiga aylanmoqda, unda soya shahar muhitining tabiiy elementidan raqamli navigatsiya parametriga aylanadi.
Va bu, ehtimol, iqlim oʻzgarishi hatto eng odatiy texnologiyalarni ham — raqamli xarita insonga yoʻl koʻrsatishigacha qanday oʻzgartirayotganining eng yaqqol misollaridan biridir.

