Siyosat

“Sovet davri xotiralarini emas, o‘zligimizni tiklash uchun kurashyapmiz”. Alisher Qodirov yana Madaniy meros agentligini tanqid qildi

“Sovet davri xotiralarini emas, o‘zligimizni tiklash uchun kurashyapmiz”. Alisher Qodirov Madaniy meros agentligini yana tanqid qildi

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi, deputat Alisher Qodirov madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish masalasida Madaniy meros agentligiga yana e’tiroz bildirdi.

Bu gal Qodirov Sulaymon Boqirg‘oniy bilan bog‘liq tarixiy obyekt masalasini ko‘tardi. Uning yozishicha, qoraqalpog‘istonliklar Boqirg‘oniyni Hakim ota deb hurmat qiladi va uning o‘gitlariga jiddiy qaraydi.

Deputatning aytishicha, Nukus universiteti tarixshunos talabalari ushbu joyda XI asrga tegishli ekani aytilayotgan, allomaning madrasasi bo‘lgan inshootni aniqlagan. Ammo imkoniyat yetishmagani va obyekt hududida yangi qabrlar paydo bo‘lgani sababli ishlar to‘xtab qolgan.

Qodirov bu borada Madaniy meros agentligini tanqid qilib, idoraning sovet davri inshootlari va mozaikalarini himoya qilishga ustuvorlik berayotganini tuzatilishi lozim bo‘lgan jiddiy xato deb atadi.

“Jamiyatning bir qismi istaganicha bag‘rikeng yoki bashariy bo‘lishi mumkin, lekin milliy yuksalish yo‘lidagi davlatning birorta ham idorasi bunday bo‘la olmaydi. Har qanday aloqalarda milliy manfaatlarimiz ustuvor bo‘lganidek, madaniy merosning ham mafkuraviy mohiyatiga qarab ustuvorlik berilishi shart”, deb yozdi deputat.

U fikrini: “Unutmang, biz sovet davri xotiralarini emas, o‘zligimizni tiklash uchun kurashyapmiz”, deya yakunladi.

Alisher Qodirov va Madaniy meros agentligi o‘rtasidagi bahs Toshkent shahri Bobur ko‘chasi, 7-uyda joylashgan madaniy meros obyektini saqlab qolish masalasidan boshlangan.

Qodirov ushbu obyektni saqlab qolish masalasiga qarshi chiqib, agentlik avvalo milliy madaniyatga oid obyektlarni himoya qilishga e’tibor qaratishi kerakligini aytgandi. Deputat Madaniy meros agentligi “umuminsoniy qadriyatlar agentligi emas, milliy madaniyatimizning agentligi” ekanini ta’kidlagan edi.

Madaniy meros agentligi bunga javoban Bobur ko‘chasi, 7-uydagi bino 1935-yilda qurilgani va Toshkentda faoliyat yuritgan me’mor Aleksey Shchusev nomi bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan. Turli yillarda bu binoda O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga hissa qo‘shgan olim va professorlar ham yashagani aytilgan. Agentlik madaniy meros obyektiga “bugun bizga kerakmi yoki kerak emasmi?” degan mezon bilan baho berilmasligini bildirgan.

Shundan so‘ng Qodirov agentlikning munosabatiga javob qaytarib, Sarmishsoy, Shohi Zinda, Mizdahqon, Mingtepa hamda Buxorodagi qadimiy Qur’on qo‘lyozmasi bilan bog‘liq masalalarni ko‘targan. U agentlik Qonunchilik palatasidagi byudjet hisoboti davomida deputatlarning savollariga javob berish o‘rniga rasmiy munosabat bildirganini tanqid qilgan.

“Partiya javob munosabati qilmaydi, albatta, lekin savollarimizga javob olish uchun parlament so‘rovi yoki eshituvi vakolatimizdan foydalanishga harakat qilib ko‘ramiz”, degan edi Qodirov.

Keyin esa Madaniy meros agentligi deputatning e’tirozlariga yana javob qaytardi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Sarmishsoydan tashqari Qodirov tilga olgan obyektlar bo‘yicha partiya yoki fraksiya nomidan avval rasmiy deputatlik so‘rovi kelib tushmagan. Sarmishsoy masalasida esa 2025-yilda Qodirov boshchiligidagi ishchi guruh o‘rganish o‘tkazgani, uning yakunlari bo‘yicha deputatlik so‘rovi kiritilib, rasmiy javob berilgani bildirilgan.

Agentlik Sarmishsoydagi ishlar uchun davlat budjetidan 4,2 mlrd so‘m, agentlik jamg‘armasidan yana 1,2 mlrd so‘m ajratilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Mingtepani muhofaza qilish va muzeylashtirish uchun 2024—2025-yillarda jami 2,4 mlrd so‘m davlat mablag‘i yo‘naltirilgani aytilgan.

Agentlik Bobur ko‘chasidagi obyektga respublika budjetidan hozirga qadar mablag‘ sarflanmaganini ham ta’kidlab, “Madaniy merosni millat bilan emas, qadriyat bilan o‘lchaylik”, degan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.