Sogʻliqni saqlash vazirligi Koreya kompaniyasi bilan yangi onkologiya markazini tashkil etish boʻyicha shartnoma imzoladi

Sogʻliqni saqlash vazirligi Koreya kompaniyasi bilan yangi onkologiya markazi qurilishi boʻyicha shartnoma tuzdi
Toshkentda 265 oʻrinli yangi onkologiya markazini barpo etish loyihasi doirasida konsalting xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnoma imzolandi. Ushbu obʼyekt Koreya Eksport-import banki bilan hamkorlikda poytaxtda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining muhim qismiga aylanadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, hujjatni sogʻliqni saqlash vaziri Eldor Adilov va Koreyaning AUM & LEE Architects & Associates kompaniyasi vitse-prezidenti Li Von Sok imzoladi. Uchrashuv davomida tomonlar qurilishning keyingi bosqichlarini muhokama qildilar.
AUM & LEE konsortsiumi loyihalashtirish, qurilishni boshqarish va nazorat qilish, tibbiy uskunalarni tanlash, shuningdek, tibbiy xizmatlar va axborot tizimini rejalashtirish boʻyicha konsultatsiyalar beradi.
Markaz xodimlari uchun tibbiy xizmatlar sifati, radiologiya, yadroviy tibbiyot va nur terapiyasi boʻyicha uch bosqichli amaliy oʻquvlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Vazir markaz qurilishining sifatli amalga oshirilishi muhimligini taʼkidladi va Koreya tomonining tajribasiga ishonch bildirdi.
Sentyabr oyida Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish va bir qator yirik obʼyektlar qurilishini boshlashga bagʻishlangan rasmiy marosim boʻlib oʻtgan edi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi bosh vaziri Xan Son Suk ishtirok etdi. Boshqa loyihalar qatorida Toshkentda Milliy onkologiya markazi va oliy tibbiyot taʼlim muassasasi qurilishi boshlangani haqida xabar berilgan edi.

