“Sobiq sudyalarning advokat bo‘lib ishlashlariga qarshiligimiz yo‘q” — Xolmo‘min Yodgorov

“Sobiq sudyalarning advokat bo‘lib ishlashlariga qarshiligimiz yo‘q” — Xolmo‘min Yodgorov
Ijtimoiy tarmoqlarda advokatlar tomonidan sudya ishdan ketganidan keyin manfaatlar to‘qnashuvi nuqtayi nazaridan ma’lum vaqt davomida ularning advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanishini qisman cheklash bo‘yicha takliflar bildirilmoqda.
Advokat Davron Ahmadovning aytishicha, xorijiy davlatlarning sud tizimidagi komplayens-nazorat tizimida qo‘shimcha element mavjud, ya’ni sobiq sudyalarga nisbatan hududiy cheklovlar o‘rnatilgan.
Ya’ni, bu nima degani? Sobiq sudya, agar u advokat bo‘lmoqchi bo‘lsa, ilgari ishlagan okrugi, shahri, tumani va yurisdiksiyasida o‘rtacha uch yildan besh yilgacha advokatlik amaliyoti bilan shug‘ullana olmaydi. Bu cheklov juda ko‘p rivojlangan davlatlarda, Yevropa, AQSH, Amerika davlatlari, bundan tashqari, Janubi-Sharqiy Osiyo va Xitoyda belgilangan bo‘lib, buning asosiy maqsadi sobiq sudyaning o‘sha sudyalik maqomidan o‘z yurisdiksiyasida foydalanmasligi va sobiq hamkasblari oldida kecha sudya bo‘lib, bugun advokat sifatida paydo bo‘lishining oldini olishdan iborat. Bundan tashqari, cheklov sobiq sudyaning eski hamkasblari bilan aloqalaridan foydalanmasligi maqsadida joriy qilingan, dedi advokat.
Mazkur masala yuzasidan yurist Saidali Muxtoraliyevning ta’kidlashicha, “sovutish davri”ni, ya’ni cheklovni sobiq sudya ishlagan hudud bo‘yicha emas, balki u oxirgi davrda faoliyat yuritgan sud bo‘yicha o‘rnatish to‘g‘riroq bo‘lishi mumkin. Advokat: “Shunda ham ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga”, deya qo‘shimcha qildi.
Sobiq sudyalarga qisman cheklovlar qo‘yish masalasi yuzasidan Sudyalar oliy kengashi rahbariyati “Daryo”ga izoh berdi. Kengash raisi o‘rinbosari Nodira Boboxonovaning aytishicha, sudyaning xolisligiga, uning qonuniy va adolatli qaror qabul qilishiga qo‘yilayotgan talab va mezonlar ko‘payib bormoqda.
Ishda qatnashayotgan advokat sudyaning avval kasbdoshi bo‘lgani yoki u bilan birga ishlagani sudga ta’sir qilmaydi, dedi Nodira Boboxonova.
Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov sobiq sudyalarning advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga qarshiligi yo‘qligini bildirdi.
Sudyaning advokat bo‘lishiga hech qanday monelik yo‘q. U endi sudya emas, uning vakolati to‘xtatildi, tugatildi. Uning advokat bo‘lishiga biz hech qanday qarshilik bildirmaymiz.
Buning eng yaxshi tomoni — u sudni ko‘rgan, holatni biladi, qonunni qo‘llashni biladi. Asosiysi, shu yurt fuqarosiga yordami tegyapti, uni himoya qilyapti. Yana bir jihati, sudya besh yil ishladi, uch yil ishladi, deylik. Uni ishdan olib tashlaganimizdan keyin u borib advokat bo‘lib ishlashi mumkin. Sudyalikni eplay olmagan qanday advokat bo‘ladi?”, dedi Xolmo‘min Yodgorov.
Kengash raisining qo‘shimcha qilishicha, kimning qayerda ishlashi o‘ziga bog‘liq.
“Toza odam, halol odam qayerda bo‘lsa ham, to‘g‘ri so‘zlaydi, to‘g‘ri ish qiladi. Nafsiga uchsa, boyagi ishga aralashadigan bo‘ladi, o‘rtakash bo‘ladi, balo bo‘ladi, battar bo‘ladi”, dedi.
Avvalroq Sudyalar oliy kengashi Jinoyat kodeksidan bitta moddani chiqarib tashlashni taklif qilayotgani xabar qilingan edi.

