Sobiq siyosiy mahbus Andjey Pochobut Belarusga qaytdi
Belarus qamoqxonasida qariyb besh yil saqlangan va 2026-yil aprelida mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilgan jurnalist Andjey Pochobut Belarusga qaytdi. Polsha OAVga koʻra, u mamlakatda yetti kun boʻlib, oilasi va hamkasblari bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Sobiq siyosiy mahbus Andjey Pochobut Belarusga qaytdi
Belarusda sobiq siyosiy mahbus sifatida tanilgan jurnalist Andjey Pochobut 8-sentabr kuni Polsha–Belarus chegarasidagi Bobrovniki nazorat-oʻtkazish punkti orqali Belarus hududiga kirib keldi.
Pochobutning oʻzi ham X ijtimoiy tarmogʻida Grodno shahridan surat joylashtirib, unga polyak tilida «Neman boʻyida» degan izoh qoldirgan.
Polshaning PAP axborot agentligi maxsus xizmatlar maʼlumotiga tayangan holda, jurnalist chegaradan bir ayol hamrohligida oʻtganini xabar qildi. Gazeta Wyborcza nashri maʼlumotiga koʻra, Pochobut 8-sentabr kuni ertalab Polsha–Belarus chegarasini kesib oʻtgan.
Jurnalistning Belarusda yetti kun qolishi rejalashtirilgan. Shu vaqt ichida u oila aʼzolari hamda Belarusdagi polyaklar ittifoqidagi hamkasblari bilan uchrashmoqchi. Gazeta Wyborcza jurnalisti Bartosh Velinskiy bu safarni «mutlaqo shaxsiy» deb atagan. Maʼlum qilinishicha, Belarusdan keyin Pochobut AQShga yoʻl olishni rejalashtirmoqda.
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning tanqidchisi boʻlgan Andjey Pochobut 2021-yil iyunidan boshlab qamoqda saqlangan. 2023-yilda Belarus sudi uni sakkiz yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilgan.
2025-yil oktabrida Yevropa parlamenti Pochobutga Andrey Saxarov nomidagi «Fikr erkinligi uchun» mukofotini bergan.
2026-yil 28-aprelda esa Pochobut Belarus, Rossiya va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi mahbuslar almashinuvi natijasida ozod qilingan. Ozodlikka chiqqanidan keyin u Polshadagi Belostok shahrida yashab kelayotgan edi.
Qizigʻi, Pochobut Belarusga qaytishda foydalangan Bobrovniki chegara punkti Polsha tomonidan aynan unga hukm chiqarilganidan keyin yopilgan edi. Keyinchalik uning faoliyati qayta tiklangan.
Pochobut ozod etilganidan keyin kuzda Belarusga borish niyati borligini aytgan. Dastlab u Belarusdagi polyaklar ittifoqi syezdida ishtirok etishni rejalashtirgan, biroq mazkur tadbir 2027-yil bahoriga koʻchirilgan.

