Sloveniyada Isroilning ilk elchixonasi ochildi. Lyublyanada xalq norozilik namoyishiga chiqdi (video)

Sloveniyada Isroilning birinchi elchixonasi ish boshladi. Lyublyanada esa odamlar bunga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi (video)
9-sentyabr kuni Sloveniyada Isroilning ilk elchixonasi ochildi. Poytaxt Lyublyanada minglab odamlar bunga e’tiroz bildirib ko‘chalarga chiqdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, namoyish millatchi bosh vazir Yanes Yansaning Isroil bilan aloqalarni qayta tiklash siyosatiga qarshi yo‘naltirilgan. Bu sobiq bosh vazir Robert Golob olib borgan siyosatga mutlaqo zid qadam bo‘ldi. Golob hukumati Isroilning G‘azodagi urushini “genotsid” deb atagan edi. Yansa iyul oyida bu lavozimga kirishgandi.
Lyublyanada minglab namoyishchilar elchixona ochilayotgan mehmonxona yonidan ham o‘tib ketdi. Ular “Biz tinchlik tarafdorimiz va Falastin bilan birgamiz” hamda “Genotsid o‘zini mudofaa qilish emas”, degan yozuvlar tushirilgan plakatlarni ko‘tarib chiqdi.
48 yoshli san’atshunos Urshka Breznik Yansa hukumatini xiyonatda aybladi. Yana bir namoyishchi Melina Sahernik esa AFP agentligiga “Bu voqea Sloveniyani juda yomon ko‘rsatadi” dedi.
Delo gazetasi iyun oyida o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, sloveniyaliklarning 56 foizi Isroil bilan yaqinlashishga qarshi chiqqan. Faqat 14 foizi buni qo‘llab-quvvatlagan. Sloveniyalik siyosiy tahlilchi Andraz Zorko Associated Press agentligiga fikr bildirdi. Uning aytishicha, hukumat siyosatidagi o‘zgarish 2 million kishilik aholining umumiy qarashlariga mos kelmaydi.
“Sloveniya jamoatchiligining ko‘pchiligi yo Isroilga qarshi, yo xolis pozitsiyada turibdi”, dedi u.
Sobiq bosh vazir Golob boshchiligidagi liberal “Ozodlik harakati” va “So‘llar” partiyasi 9-sentyabr kuni parlamentga taklif kiritdi. Ular Yansaga impichment e’lon qilishni so‘ramoqda. Bunga bosh vazirning faqat Isroil manfaatlariga xizmat qilayotgan tashqi siyosati sabab qilib ko‘rsatildi.
Partiyalar tashqi ishlar vaziri Tone Kayzerni ham lavozimidan chetlatishni talab qildi. Ular elchixona ochilishini Isroilning mart oyidagi saylovlarda Yansaga ko‘rsatgan yordami uchun javob qaytarish deb baholadi.
Golob rahbarligi davrida Sloveniya Falastin davlatini tan olgan edi. Shuningdek, Isroilga qurol embargosi qo‘yilgan, bosib olingan G‘arbiy Sohildagi noqonuniy yahudiy aholi punktlaridan mahsulot import qilish taqiqlangan hamda Isroilning yuqori martabali rasmiylari, jumladan bosh vazir Binyamin Netanyaxuning mamlakatga kirishi man etilgan edi.
Yansa hokimiyatga kelishi bilan Sloveniya hukumati binosidan Falastin bayrog‘ini olib tashladi. Avval bu bayroq Sloveniya, Yevropa Ittifoqi va Ukraina bayroqlari yonida turgan edi. Tez orada uning hukumati Isroilga qarshi barcha cheklovlarni bekor qildi.
Tashqi ishlar vazirligining X tarmog‘idagi xabariga ko‘ra, elchixona ochilishida vazir Kayzer nutq so‘zladi. U bu voqea muloqot va yaqin hamkorlik davrining boshlanishi bo‘lishini aytdi.
Tadbirda qatnashish uchun Sloveniyaga kelgan Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar matbuot anjumanida buni tarixiy kun deb atadi.
“Bu Isroilning do‘stligimizga hamda uning kelajagiga bo‘lgan sadoqatining yorqin ifodasidir”, dedi Saar va Sloveniya hukumati hamda Yansaga do‘stlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Elchixona ochilishidan bir kun oldin Buyuk Britaniya va yana 11 ta davlat bosib olingan G‘arbiy Sohildagi yahudiylar noqonuniy punktlari bilan savdo qilishni taqiqlagan edi. Bu G‘azodagi urush sabab Isroil hukumatining xalqaro maydonda yakkalanib borayotganini ko‘rsatmoqda. Isroil bunga keskin javob berib, Sharqiy Quddusdagi Buyuk Britaniya konsulligini yopishini ma’lum qildi.

