Dunyo

Slovakiyada 70 kishi boʻlgan zavodga oʻt qoʻyish rejasi fosh etildi

Slovakiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari mamlakat sharqida joylashgan uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqaruvchi zavodga oʻt qoʻyish rejasini fosh qildi. Jinoyatga tayyorgarlik koʻrishda gumonlanayotgan uch nafar xorijlikdan ikki nafari Slovakiyada, yana biri Germaniyada qoʻlga olingan. Tintuv vaqtida katta miqdorda yonuvchan aralashma, asboblar va qoʻlda chizilgan reja topilgan.

Slovakiyada 70 kishi boʻlgan zavodga oʻt qoʻyish rejasi fosh etildi

Slovakiyaning Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi (UBOK) xodimlari mamlakat sharqidagi dron ishlab chiqarish korxonasiga oʻt qoʻyishga tayyorgarlik koʻrilayotganining oldini oldi.

Slovakiya politsiyasi 25-avgust kuni maʼlum qilishicha, jamiyat uchun xavfli boʻlgan oʻta ogʻir jinoyatni tayyorlashda gumonlanayotgan uch nafar xorijlikka nisbatan ayblov eʼlon qilingan. Ularning ikki nafari Slovakiya hududida qoʻlga olingan. Uchinchi gumondor esa qisqa muddat ichida rasmiylashtirilgan Yevropa hibsga olish orderi asosida Germaniyada ushlangan.

Politsiya maʼlumotiga koʻra, gumondorlar tintuv qilinganda «katta miqdorda» yonuvchan aralashma, turli asboblar, mobil telefonlar, ekshn-kamera va qoʻlda chizilgan reja musodara qilingan. Dastlabki taxminlarga koʻra, gumondorlar zavodda yongʻin chiqarish uchun napalmdan foydalanishni rejalashtirgan boʻlishi mumkin.

Slovakiya politsiyasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, rejalashtirilgan hujum amalga oshirilgan taqdirda zavod binosi ichida taxminan 70 nafar xodim boʻlishi mumkin edi. Shuningdek, ishlab chiqarish sexidagi mol-mulk va uskunalarning umumiy qiymati oʻnlab million yevroni tashkil etishi aytilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hozircha gumondorlarning fuqaroligi, zavodning nomi va ehtimoliy hujum ortidagi motivlar haqida batafsil maʼlumot bermagan.

Slovakiyadagi hodisa Yevropa davlatlarida mudofaa sanoati korxonalari xavfsizligiga eʼtibor kuchaygan bir paytga toʻgʻri keldi. Avvalroq Britaniyaning The Telegraph gazetasi Yevropa boʻylab qurol-yarogʻ ishlab chiqaruvchi korxonalarda diversiya holatlari koʻpaygani haqida material eʼlon qilgan edi. Nashr maxsus xizmatlar vakillariga tayanib, Rossiya Yevropadagi mudofaa korxonalariga zarar yetkazish uchun mahalliy jinoiy guruhlar aʼzolarini jalb qilayotgan boʻlishi mumkinligini yozgan. The Telegraph manbalari bunday harakatlar NATOning javob reaksiyasini sinab koʻrishga qaratilgan boʻlishi mumkinligini ham iddao qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.