Sirdaryoda sotuvchi ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi
Oqoltin tumanidan o‘tgan M39 yo‘li bo‘yida savdo qilayotgan ayolga pul evaziga jinsiy aloqa taklif etgan erkakka sud hukmi o‘qildi. U harakatlarini mastlikda sodir etganini aytib yengillik so‘ragan. Sud erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Sirdaryoda sotuvchi ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yo‘l bo‘yida savdo qilayotgan ayolga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan erkakka sud hukmi chiqarildi.
Ish materiallariga ko‘ra, voqea M39 avtomobil yo‘li bo‘yida yuz bergan. Mast holatdagi erkak sotuvchi ayolning yoniga kelib, unga pul evaziga jinsiy aloqa qilishni taklif qilgan va shahvoniy shilqimlik harakatlarini amalga oshirgan.
Jabrlanuvchi ayol bu holatdan norozi bo‘lib, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. IIB xodimlari holatni o‘rganib, huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (Shahvoniy shilqimlik qilish) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan va ish sudga yuborilgan.
Sud majlisida huquqbuzar o‘z aybini to‘liq tan olib, harakatlarini mastlikda sodir etganini aytgan va yengillik so‘ragan. Jabrlanuvchi ayol esa erkakka nisbatan qonun doirasida qat’iy chora ko‘rilishini talab qilgan.
“Qattiq chora ko‘ring. Bunaqalar kelib, shu narsani qilaveradimi? O‘g‘illarim bundan katta yoshda… Eng asosiysi, masala kattalashib ketmasin deb, o‘zim hal qildim va organ xodimlariga topshirdim”, — dedi jabrlanuvchi ayol sudda.
Sud jabrlanuvchining da’vosi va aniqlangan holatlarni inobatga olib, erkakka Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Bundan tashqari, sud jabrlanuvchi ayolga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi mavjudligini tushuntirdi.

