Mahalliy

Sirdaryoda Damas`da 16 nafar bog‘cha bolasini tashigan haydovchiga chora ko‘rildi

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida Damas haydovchisi 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan vaqtida to‘xtatildi. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning ikki baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Sirdaryoda Damas’da 16 nafar bog‘cha bolasini olib ketgan haydovchiga chora ko‘rildi

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida Damas haydovchisi 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan paytda Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatildi.

Ma’lum qilinishicha, amaldagi Yo‘l harakati qoidalariga binoan, transport vositasining texnik pasportida ko‘zda tutilganidan ortiq odam tashish taqiqlanadi.

Aniqlangan holatda Damas rusumli avtomobil odam tashish qoidalarini buzgan holda 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan bo‘lgan. Haydovchi bilan qoidabuzarlikning ehtimoliy oqibatlari yuzasidan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.

Holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128−8-moddasi (Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish) asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Mazkur moddaga ko‘ra, transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

IIB bunday qoidabuzarliklar yo‘l-transport hodisalariga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirib, ota-onalarni farzandlarini tashishda transport vositasidagi yo‘lovchilar soni va xavfsizlik talablariga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.

Bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini xavfsizlik qoidalarini buzgan holda 4−7 o‘rinli avtomobillarda tashish O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan.

May oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragani haqida xabar berilgandi.

Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar esa turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Shundan so‘ng YHXX 1−8-may kunlari bolalarni transportda me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta holatni aniqlagan.

Idora axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevga ko‘ra, ayrim holatlarda Damas’larda 25−28 nafargacha, Spark avtomobillarida esa 18 nafargacha bola tashilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bog‘cha bolasini Tracker’da olib ketayotgan haydovchi YTH sodir etgandi. Oqibatda 6 yoshli qiz halok bo‘lib, yana 7 nafar bola jarohat olgan. Sud haydovchiga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash va 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Ta’kidlash joizki, bunday qoidabuzarlikning og‘ir oqibatlari haqida muntazam xabar va ogohlantirishlar berib kelinayotgani hamda nazorat tadbirlari o‘tkazilayotganiga qaramay, yo‘llarda bolalar hayotini xavfga qo‘yib, ularni sig‘imdan ortiq tashish holatlari tez-tez uchrab turadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.