Mahalliy

Sirdaryoda Damas’da 13 nafar bolani tashigan haydovchiga chora ko‘rildi

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida Damas haydovchisi 13 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan vaqtida to‘xtatildi. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning ikki baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Sirdaryoda Damas’da 13 nafar bolani tashigan haydovchiga nisbatan chora ko‘rildi

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida 13 nafar bog‘cha bolasini tashiyotgan Damas haydovchisiga ma’muriy chora qo‘llandi.

Voqea 8-oktabr kuni Toshkent mahallasida yuz bergan. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari bolalarni tashish qoidalari buzilayotganini aniqlab, haydovchini to‘xtatgan.

Ma’lum qilinishicha, haydovchi ustidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−8-moddasi asosida ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Ushbu modda transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun BHMning 2 baravari miqdorida jarima belgilaydi. Shuningdek, u bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.

Haydovchi o‘z xatosini tan olib, bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytgan. U boshqa haydovchilarni ham bolalarni belgilangan me’yordan ortiq tashimaslikka chaqirgan.

Bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini xavfsizlik qoidalarini buzgan holda 4−7 o‘rinli avtomobillarda tashish O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan.

Xususan, sentabr oyida Sirdaryo viloyati Guliston tumanida Damas’da 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida esa 21 nafar bola tashilayotgani aniqlangandi.

Bolalarni tashishdagi bunday qoidabuzarliklar ayrim hollarda og‘ir oqibatlarga ham olib kelgan. Xususan, may oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragani xabar qilingandi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bog‘cha bolasini Tracker’da olib ketayotgan haydovchi YTH sodir etgandi. Oqibatda 6 yoshli qiz halok bo‘lib, yana 7 nafar bola jarohat olgan. Sud haydovchiga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash va 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.