Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimdan olingani aytilmoqda
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Farrux Haydarov lavozimidan olingani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqaldi. Kun.uz'ning bir-biridan ikki mustaqil manbasi bu ma’lumotni tasdiqladi.

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Manbalardan birining ma’lumotiga ko‘ra, Haydarovning ishdan bo‘shatilishi uning qo‘l ostidagi xodimga og‘ir tan jarohati yetkazgani bilan bog‘liq.
Kun.uz nashri Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga ushbu masala bo‘yicha so‘rov yuborgan. G‘iyosov bu xabarni na tasdiqladi, na inkor etdi.
Ichki ishlar xodimiga tan jarohati yetkazilgani haqidagi ma’lumot yuzasidan Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz so‘roviga javob bermadi.
Farrux Ubaydullayevich Haydarov Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga 2025-yil mart oyida tayinlangan bo‘lib, keyinchalik polkovnik unvonini olgan.
U 1983-yilda Qozog‘istonda tug‘ilgan va 2004-yilda IIV Akademiyasini tamomlagan. Faoliyati davomida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlarida ham IIB boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

