“SIni monopollashtirmang”. ICT Week Uzbekistan ekspertlari O‘zbekistonga SIni rivojlantirish uchun qanday tavsiyalar berdi?
AI-native avlodni tarbiyalash uchun O‘zbekiston kelgusi besh yilda ta’limga va ilg‘or mahalliy SI modellarga sarmoya kiritishi, mahalliy startaplarni global miqyosga kengaytirishi va xususiy sektor bilan hamkorlik qilishi zarur. Mohirdev asoschisi Anvar Narzullayev hukumatni SIni monopollashtirmaslikka chaqirdi.

“SIni monopollashtirmang”. ICT Week Uzbekistan ekspertlari O‘zbekistonda SIni rivojlantirish uchun qanday tavsiyalar berdi?
AI-native avlodni shakllantirish uchun O‘zbekiston kelgusi besh yil davomida ta’limga, ilg‘or mahalliy SI modellariga sarmoya kiritishi, mahalliy startaplarni global darajaga olib chiqishi va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlik qilishi kerak. ICT Week Uzbekistan doirasida bo‘lib o‘tgan panel muhokamalaridan birida ekspertlar aynan shu masalalarni tilga oldi.
“SI bilan ulg‘aygan avlodni tarbiyalash va SIga tayyor jamiyatni qurish” mavzusidagi panel yakunida mutaxassislar O‘zbekiston uchun keyingi besh yillikdagi eng muhim vazifalar bo‘yicha fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Farrux Qo‘shnazarov kelajakda startaplarning roli yanada oshishini inobatga olib, ilg‘or startaplar va SI yaratuvchilarini tayyorlashga, ayniqsa ta’limga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligini aytdi.
“Besh yillik istiqbol nuqtai nazaridan, men kuchli poydevorga ega, qattiq va yumshoq ko‘nikmalari muvozanatlashgan, tanqidiy fikrlaydigan mutaxassislar muhim deb hisoblayman. Shunday ekan, ta’limga ko‘proq urg‘u berish va hozir qilayotgan ishimizni davom ettirish kerak”, — dedi u.
Aleksandr Zapolskiyning fikricha, O‘zbekiston SI sohasida mintaqada o‘z o‘rniga ega bo‘lishi mumkin, biroq bu salohiyat faqat mintaqaviy daraja bilan cheklanib qolmasligi kerak. “Siz mintaqada, ehtimol dunyoda ochiq kodli SI bo‘yicha yetakchi davlatga aylanishingiz mumkin”, dedi u.
Zapolskiyning aytishicha, O‘zbekistonda SI rivoji uchun uchta asosiy omil zarur: hisoblash quvvatlari, bilim va malaka, shuningdek sifatli ma’lumotlar to‘plami. U mamlakatda raqamlashtirish borasida qilingan ishlarni yuqori baholab, ma’lumotlar to‘plami allaqachon mavjudligini qayd etdi. Uningcha, kelgusi besh yil ichida hisoblash quvvatlariga ehtiyoj ham qoplanadi.
“Yaxshi ochiq kodli SI yaratish uchun hisoblash quvvatlari kerak bo‘ladi. Mamlakatda bu borada sarmoyalar kiritilganiga guvoh bo‘lib turibman va kelajakda yanada ko‘proq sarmoya kiritiladi. Ya’ni, keyingi besh yil ichida hisoblash quvvatlariga bo‘lgan ehtiyoj qondirilib, bu bo‘shliq to‘ldiriladi, — dedi Zapolski. — Bu yerda tadqiqotchilar bor, muhandislar bor, ajoyib universitetlar bor, demak, bilim va malaka mavjud”.
U O‘zbekiston kelgusi besh yil ichida o‘zining ilg‘or SI modellarini yaratish salohiyatini rivojlantirishiga umid bildirdi. Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, hukumat bu borada chegaralardan tashqariga chiqib, ushbu modellarni o‘qitish uchun ochiq ma’lumotlar to‘plamlaridan foydalanish imkonini berishi kerak.
Zapolski ilg‘or SI modellarini ishlab chiqishda hamkorlikning ahamiyatiga ham alohida to‘xtaldi.
“Yana bir bor ta’kidlayman, bunga faqat hamkorlik, ya’ni xalqaro hamkorlik orqaligina erishish mumkin. Hech kim AQShning yirik gigantlari va Xitoyning yangi yetakchilariga qarshi yolg‘iz kurasha olmaydi. Demak, yagona yo‘l — o‘rta kattalikdagi mamlakatlar koalitsiyasini tuzish va aniq hamkorlikni rivojlantirishdir”, — dedi u.
Anvar Narzullayevning aytishicha, SI davrida ulg‘ayayotgan avlodni tarbiyalashda SI agentlar o‘qish-o‘rganishda o‘z egasidan ham o‘zib ketishi mumkinligini hisobga olish kerak.
“Bundan buyon har bir yangi avlod o‘z SI yordamchisiga ega bo‘lishini hisobga olishimiz kerak. Ularning shaxsiy SI agenti bo‘ladi. Ular biror narsani o‘rganar ekan, faqat o‘zlari emas, SI agenti ham o‘rganadi. Ba’zan esa agent egasidan ko‘ra ko‘proq o‘rganadi”, — dedi u.
Shu bilan birga, Anvar Narzullayev mahalliy modellarni ishlab chiqish borasida Aleksandr Zapolskining fikrini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Biz o‘z SI modellarimizga, mahalliy modellarga sarmoya kiritishimiz kerak. Kelajakda kimda SI eng kuchli bo‘lsa, o‘sha qobiliyatliroq va bilimliroq bo‘ladi. Bunga hozirning o‘zida guvoh bo‘lib turibmiz. Masalan, AQSh hukumati eng ilg‘or SI modellarini boshqa davlatlar uchun yopib qo‘yyapti, to‘g‘rimi? Claude bilan shunday bo‘ldi. Opus va Fable modellari endigina chiqqan paytda AQSh hukumati ularni AQSh fuqarosi bo‘lmagan barcha foydalanuvchilar uchun taqiqladi. Kelajakda bunday holatlar tobora ko‘payadi. Eng ilg‘or modellardan foydalanish faqat o‘sha davlatlarning o‘zi bilan cheklanadi, bizga esa quyiroq darajadagi modellarni berishadi. Shuning uchun o‘z SI modellarimizga sarmoya kiritishni bugundan boshlashimiz kerak”, — deya tushuntirdi u.
Narzullayevning qayd etishicha, O‘zbekiston o‘z SI modellariga ega bo‘lishi va bu borada boshqa davlatlarga qaram bo‘lmasligi lozim. Shu o‘rinda u hukumatni SI sohasini rivojlantirishda xususiy sektor bilan yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi.
“Bu yerda ko‘plab davlat idoralari vakillari o‘tirishibdi. Sizlarga murojaat qilmoqchiman: iltimos, bu ishni xususiy sektor bilan birga qiling, SIni monopollashtirmang. O‘zbekistonda SI davlat tomonidan monopollashtirilayotganini qayta-qayta ko‘ryapmiz. Biroq global strategiyaga qarasangiz, eng ilg‘or modellarning barchasini xususiy sektor yaratadi”, — dedi Anvar Narzullayev.
U hozir keng qo‘llanayotgan SI modellari aynan xususiy sektor tomonidan ishlab chiqilganini ta’kidlab, OpenAI va Anthropicni misol keltirdi.
“Dunyo bo‘yicha eng ilg‘or modellarni aynan xususiy kompaniyalar ishlab chiqmoqda. Xo‘sh, ular pulni qayerdan oladi? Davlat buyurtmalaridan. Shuning uchun davlatga SI kerak bo‘lsa, iltimos, bizga, xususiy sektorga murojaat qiling. Biz yordam beramiz”, — deya ochiq murojaat qildi u.
Akmal Qodirov ham bu fikrni qo‘llab-quvvatladi. U bugungi kunda O‘zbekistonda yaxshi SI va IT loyihalariga moliyalashtirish yetishmayotganini aytdi.
“Hozir davlat IT loyihalarga yaxshi yordam beryapti. Lekin… Men ta’lim sohasida ishlayman va juda ko‘p ajoyib SI loyihalarni, umuman IT loyihalarni ko‘raman. Ularga haqiqatan ham investitsiya va, aytish mumkinki, akseleratsiya yetishmaydi. Shu bois davlatdan yosh mutaxassislarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashini, ko‘proq, ayniqsa SI sohasiga sarmoya kiritishini istardik”, — dedi u.
Akmal Ergashev esa kelajakda SI sohasidagi muvaffaqiyat “sertifikatlar soni bilan emas, balki real hayotdagi amaliy ta’sir bilan o‘lchanishini” qayd etdi.
Ergashev kelgusi besh yilda O‘zbekistonda SIni rivojlantirishning uchta ustuvor yo‘nalishini sanab o‘tdi.
“Avvalo, nafaqat iste’molchi, balki yaratuvchi ham bo‘lish. Demak, AI-native bo‘lish — bu nafaqat SI chatbotlaridan foydalanish, balki real muammolarni hal qilish uchun, masalan, mahalliy qishloq xo‘jaligi, bank ishi, ta’minot zanjirlari yoki energetika sohalarini optimallashtirish maqsadida SI modellarini yaratish, moslashtirish va joriy etishni ham anglatadi. Ikkinchidan, SI hamma uchun odatiy vositaga aylanishi kerak: nafaqat dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari, balki shifokorlar, agronomlar, moliyaviy tahlilchilar va boshqalar uchun ham. Uchinchisi esa startaplar. Ya’ni, mahalliy startaplarning global miqyosda kengayishi. O‘zbekistonning SI bo‘yicha startaplari xalqaro miqyosda raqobatlashayotganini ko‘rganimizda, bu bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizning eng asosiy isboti bo‘ladi”, — deya xulosa qildi u.

