Singapurda oilalarga farzand koʻrish uchun 55 ming dollar pul taklif qilinyapti
Singapur hukumati ota-onalarga har bir farzand uchun 55 ming dollardan koʻproq moliyaviy yordam koʻrsatishni rejalashtiryapti. Mablagʻlar bola 17 yoshga toʻlgunga qadar boʻlib-boʻlib beriladi.

Singapurda oilalarga farzand koʻrish uchun 55 ming dollar pul taklif qilinmoqda.
Singapur hukumati tugʻilish darajasini oshirish maqsadida yangi ragʻbatlantiruvchi chora-tadbirlar paketini ishlab chiqdi. Unga koʻra, ota-onalarga har bir farzand uchun 55 ming dollardan koʻproq moliyaviy yordam koʻrsatiladi, deya xabar berdi Financial Times.
Bosh vazir Lourens Vong 23-avgust kuni parlamentga qilgan murojaatida farzandli oilalarga beriladigan toʻlovlar va bola parvarishi taʼtili tizimi qayta koʻrib chiqilishini maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, hukumat farzand koʻrishni istayotgan singapurliklarga oila qurish va bolalarni tarbiyalashni osonlashtirishga qaratilgan qoʻshimcha imkoniyatlarni taqdim qilmoqchi.
Singapur aholisi 6 milliondan sal koʻproqni tashkil etadi. 2025-yilda mamlakatda tugʻilish darajasi tarixdagi eng past koʻrsatkich - bir ayolga oʻrtacha 0,87 nafar farzandni tashkil qilgan. 2024-yilda bu koʻrsatkich 0,97 boʻlgandi. Dunyo boʻyicha eng yomon koʻrsatkich esa Janubiy Koreyada qayd etilgan - 0,8.
Demograflarga koʻra, sof immigratsiya boʻlmagan sharoitda aholi sonini barqaror saqlab qolish uchun tugʻilish koeffitsiyenti kamida 2,1 boʻlishi kerak.
Tugʻilish darajasining pasayishi va tibbiyotdagi yutuqlar natijasida aholining umr koʻrish davomiyligi ortib borayotgani Singapurni «oʻta qarigan» jamiyatlardan biriga aylantiryapti. BMT tasnifiga koʻra, aholining 21 foizidan koʻprogʻini 65 yoshdan oshganlar tashkil etsa, mamlakat «oʻta qarigan» jamiyat hisoblanadi. 2030-yilga borib har toʻrt singapurlikdan biri ushbu yosh chegarasidan oʻtishi kutilyapti.
«Har bir oila shuni bilishini istaymiz: agar farzandli boʻlishga qaror qilsangiz, hukumat siz bilan birga boʻladi. Biz koʻproq yillar davomida yanada katta yordam koʻrsatamiz», - dedi Vong.
Uning soʻzlariga koʻra, hukumat oilalarga har bir farzand uchun u 17 yoshga toʻlguniga qadar qariyb 70 ming Singapur dollari (55,15 ming AQSH dollari) miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri moliyaviy yordam beradi.
Bu mablagʻ tarkibiga bola tugʻilganda beriladigan 10 ming Singapur dollari hamda uning keyingi taʼlimi uchun ajratiladigan yana 10 ming dollar yordam puli ham kiradi.
Bola parvarishi uchun beriladigan nafaqa ham kengaytiriladi. Ayniqsa, serfarzand oilalarga koʻproq yordam koʻrsatiladi. Bunda xarajatlarning asosiy qismini hukumat ish beruvchilarga qoplab beradi. Shuningdek, farzandli oilalar uchun birinchi uy-joyni sotib olish jarayoni ham soddalashtiriladi.

