Singapur kuniga 15 daqiqa kitob o‘qiganlarga pul beradi

Singapur kuniga 15 daqiqa kitob o‘qiganlarga pul to‘laydi
Singapur hukumati ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni kamaytirish uchun noodatiy yechim topdi. Endi kuniga kamida 15 daqiqa kitob o‘qigan fuqarolar moliyaviy mukofot oladi.
Davlat dasturi sentyabr oyida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholida muntazam mutolaa odatini shakllantirishga qaratilgan. Mukofot olish uchun fuqaro kuniga kamida 15 daqiqasini kitob o‘qishga ajratishi yetarli. Bunday o‘qish seansi uchun 20 ta virtual tanga beriladi. 1 000 ta tanga yig‘ilgach, ularni 1 Singapur dollariga (taxminan 9 200 so‘m) almashtirish mumkin. Kuniga faqat bitta o‘qish seansi hisobga olinadi.
Natijalar hukumatning veb-sayti orqali qayd etib boriladi. Rasmiylar bu tashabbusni yangiliklar va ijtimoiy tarmoqlar lentalarini tinimsiz varaqlashga muqobil sifatida ko‘rmoqda.
“Biz kontent, axborot va turli ta’sirlar haddan tashqari ko‘p bo‘lgan dunyoda yashayapmiz. Istalgan vaqtda yuzlab sarlavhalarni ko‘zdan kechirishimiz, video tomosha qilishimiz yoki deyarli har qanday narsaning qisqacha mazmunini bilib olishimiz mumkin” , dedi Milliy kutubxona kengashi rahbari Melissa Tam.
U foydali odatlar kichik, ammo muntazam harakatlar orqali shakllanishini ta’kidladi. Shu sababli tashkilotchilar 15 daqiqalik mutolaadan boshlamoqda.
“Avtobusda, uxlashdan oldin yoki tushlik paytida mutolaa qilish”, dedi Tam.
Bu tashabbus Singapur hukumatining ijtimoiy tarmoqlarning, ayniqsa, yoshlarga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarining bir qismiga aylandi. Mamlakatda ijtimoiy platformalardan foydalanish uchun kunlik vaqt cheklovini joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Hukumatning mutolaa borasidagi xavotirlariga qaramay, yaqinda Singapurning 15 yoshli o‘quvchilari 2025-yilgi Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturida (PISA) Xitoy va Tayvanni ortda qoldirib, o‘qish savodxonligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Foydali odatlarni shakllantirish uchun moliyaviy mukofotlardan foydalanish Singapur uchun yangilik emas. Ilgari davlat fuqarolarga jismoniy faollik va kunlik qadamlar soni bo‘yicha vaucherlar va boshqa mukofotlar taklif qilgan.

