Singapur avtobuslarida ovqatlanish va quloqchinsiz musiqa tinglash taqiqlandi

Singapur avtobuslarida ovqatlanish va quloqchinsiz musiqa tinglash taqiqlandi
Singapurda avtobusda boshqalarga xalaqit beradigan tarzda baland ovozda musiqa yoki video qo‘yib yuradiganlar qariyb 300 funt sterling miqdorida jarimaga tortiladi. Bundan tashqari, rasmiylar avtobusda yeyish va ichishni ham taqiqladi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 23-sentyabrdan boshlab shahardagi avtobuslarda oyoqni o‘rindiqqa qo‘yish, chiqindi tashlash, salon ichida ovqatlanish va suv ichish kabi qoidabuzarliklar uchun yo‘lovchilar 500 Singapur dollarigacha (taxminan 391 AQSH dollari) jarimaga tortilishi mumkin.
Qoidalar poyezdlarda allaqachon amal qilib kelayotgan edi. Yerusti transporti boshqarmasi bu o‘zgarishlar barcha yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish maqsadida qilinganini bildirdi. Avtobus bekatlarida yoki terminalda boshqalarga xavf tug‘dirish yoxud transport vositasini ifloslantirish uchun esa 5000 Singapur dollarigacha jarima belgilangan.
Avtobus haydovchilari yo‘lovchilarning xatti-harakatlarini nazorat qilmaydi va jarima yozmaydi. Buning o‘rniga avtobus operatorlarining vakolatli xodimlari qoidabuzarlarga bildirishnoma yuboradi va boshqarma buni tekshirib chiqadi.
Haydovchilar faqat qoidani buzgan yo‘lovchilarni tushirib yuborish yoki og‘ir holatlarda politsiyaga murojaat qilish huquqini saqlab qoladi. Shuningdek, xodimlar qoidalarni jismoniy yoki ruhiy salomatligi bo‘yicha imkoniyati cheklangan shaxslarga nisbatan adolatli qo‘llashi shart.
Singapurda jamoat joylaridagi tartib qat’iy nazorat qilinadi. Avtobus va tramvaylarda baland ovozda musiqa tinglashni taqiqlash amaliyoti Polshaning Krakov shahri, Hindistonning Tamil-Nadu shtati hamda Londonda ham qo‘llanib kelinmoqda.

