Sifatsiz yonilği aniqlangan 330 holatning 240 tasi benzinga töğri kelgan – Özenergoinspeksiya
2026-yil boşidan beri 330 ta holatda jami 7823 tonna sifatsiz neft mahsulotining sotuvga çiqarilişi oldi olindi. Sifatsiz benzin bilan boğliq holatlar AI-92 va AI-95 markalarida qayd etilgan, deya maʼlum qildi Özenergoinspeksiya. Sifatsiz yoqilği sotgan şoxobçalarga qanday çoralar körilgani va haydovçilarga yetkazilgan zarar baholanişi haqidagi savollarga aniq javob berilmadi.

Sifatsiz yonilg‘i aniqlangan 330 holatning 240 tasi benzinga to‘g‘ri kelgan – O‘zenergoinspeksiya
O‘zenergoinspeksiya rahbariyati 4-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida yonilg‘i sifati ustidan nazorat choralari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari va korxonalardan olingan namunalar tahlil qilinganda, 330 ta holatda neft mahsulotlari sifatsiz ekani aniqlangan. Natijada jami 7823 tonna sifatsiz mahsulotning sotuvga chiqarilishi to‘xtatilgan. Bu hajm faqat benzinni emas, balki aniqlangan barcha sifatsiz neft mahsulotlarini qamrab oladi.
Anjumanda aynan qaysi markadagi benzinlarda sifatsizlik holatlari kuzatilayotgani so‘raldi.
“AI-92 bilan AI-95. Umumiy 330 ta holatning 240 tasini shoxobchalarda benzin bilan bog‘liq holatlar tashkil etgan”, - deya javob berdi inspeksiya vakili Dilshod Yakubov.
Biroq sifatsiz deb topilgan benzinning alohida hajmi, uning qaysi sifat ko‘rsatkichlari talablarga javob bermagani hamda AI-92 va AI-95 markalari bo‘yicha taqsimoti ochiqlanmadi.
Inspeksiya vakilining bildirishicha, namunalar tashkilotning o‘z laboratoriyasida, shuningdek, tegishli akkreditatsiyadan o‘tgan boshqa laboratoriyalarda tekshirilishi mumkin.
Anjumanda sifatsiz yoqilg‘i sotgan shoxobchalarga qanday choralar ko‘rilgani va haydovchilarga yetkazilgan zarar baholanishi haqida ham savol berildi. Biroq javobda bu masalalar bo‘yicha aniq ma’lumot keltirilmadi.
Avtomobil dvigatelidagi nosozlik sifatsiz yonilg‘i bilan bog‘liq deb hisoblansa, texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasining rasmiy xulosasi ham talab etiladi.

