Iqtisodiyot

Sifatsiz tovar uchun elektron savdoda kim javob berishi belgilandi

Oʻzbekistonda elektron tijoratga oid qonunchilik takomillashtirilib, transchegaraviy elektron savdo tushunchasi belgilandi. Shuningdek, sifatsiz tovar yoki xizmatlar bilan bogʻliq nizolarda sotuvchi va elektron tijorat operatorining javobgarligi aniqlashtirildi.

Sifatsiz tovar bo‘yicha elektron savdoda kim javob berishi aniqlandi

10-sentabr kuni qabul qilingan OʻRQ–1173-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasiga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Qonunga muvofiq, elektron tijorat ishtirokchilari va operatorlari turli davlatlar hududida joylashgan bo‘lib, ulardan biri Oʻzbekiston hududida faoliyat yuritgan holda amalga oshiriladigan elektron savdo transchegaraviy elektron tijorat hisoblanadi.

Shuningdek, realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston deb eʼtirof etiladigan elektron xizmatlarni ko‘rsatuvchi yoki elektron savdo platformalari orqali tovar sotuvchi chet el yuridik shaxslariga hujjatlarni yuborish bo‘yicha alohida tartib belgilandi.

Bunday yuridik shaxslarga hujjatlar qog‘oz shaklida yoki telekommunikatsiya kanallari orqali elektron ko‘rinishda jo‘natilgandan keyin 30 kun o‘tgach olingan deb hisoblanadi.

Qonun bilan elektron savdoda sotuvchining javobgarligi ham aniq belgilandi. Xususan, elektron tijorat operatorining axborot tizimi orqali tuzilgan shartnoma bo‘yicha sotuvchi o‘z faoliyatiga taalluqli majburiyatlarni bajarish uchun asosiy javobgar hisoblanadi.

Bundan tashqari, xaridorga sifatsiz tovar, ish yoki xizmat yetkazib berilishi, shuningdek, nomaqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini almashtirish bilan bog‘liq nizolar uchun ham asosiy javobgarlik sotuvchi zimmasida bo‘ladi.

Agar sotuvchi xaridorning qonuniy talablarini qanoatlantira olmasa, shartnoma yoki qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, elektron tijorat operatori xaridor oldida subsidiar javobgar bo‘ladi.

OʻRQ–1173-sonli qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.