Layfstayl

«Sichqonlar va odamlar»: qashshoqlarning orzu qilishga haqqi yoʻq(mi?) | 5 daqiqa

Inson baxtli boʻlishi uchun baʼzida juda koʻp narsa kerakdek tuyuladi: yaxshi uy, yaxshi ish, yetarlicha pul, xotirjam hayot... Ammo inson hayotida shunday bir ehtiyoj borki, uni na pul, na boylik, na mavqe bilan toʻldirib boʻladi. Bu - oʻzingizni tushunadigan, qiyin paytingizda tashlab ketmaydigan birovning borligi.

«Sichqonlar va odamlar»: qashshoqlarning orzu qilishga haqqi yoʻq(mi?) | 5 daqiqa

Nobel mukofoti sovrindori Jon Steynbekning «Sichqonlar va odamlar» romani inson baxti uchun nimalar zarurligi haqida hikoya qiladi.

1937-yilda yozilgan bu asar Amerikadagi Buyuk tushkunlik davrini tasvirlaydi. Ish topish mushkul, odamlar esa bir joydan boshqasiga ish izlab koʻchib yuradi. Asarning bosh qahramonlari — Jorj Milton va Lenni Smoll ham ana shunday daydi ishchilar. Ularning na uyi bor, na katta boyligi. Ammo ularda boshqalarda yoʻq bir narsa bor edi: ular birga edi.

Ularning birga yurishi oddiy doʻstlikdan ham chuqurroq edi. Jorj Lennini himoya qilar, uning xatolarini tuzatishga urinardi. Lenni esa oʻz navbatida Jorj hayotiga qandaydir iliqlik olib kirardi. Ular bir-biriga kerak edi.

Ikki doʻstning yana bir katta orzusi bor edi.

Ular bir kun kelib oʻzlariga tegishli kichik yerga ega boʻlishni istardi. U yerda oʻzlari ishlaydi, hech kimga yollanmaydi. Lenni esa quyon boqadi. Jorj bu orzuni unga qayta-qayta eslatib turadi. Har safar Lenni quvonib, «quyonlar» haqida soʻrashni yaxshi koʻrardi.

Bu orzu juda sodda edi. Ammo ular uchun u butun hayotning maʼnosiga aylangandi.

Ana shu orzu bilan ular navbatdagi fermaga ishga keladi. Bu yerda ham turli taqdir egalari bor. Qari Kendi keksayib qolgani uchun bir kuni ishdan haydalishdan qoʻrqadi. Qora tanli Kruks irqiy kamsitish sabab boshqalardan ajratilgan holda yashaydi. Ferma egasining oʻgʻli Kyorli oʻz kuchini boshqalarga oʻtkazishga urinadi. Uning xotini esa ismi bilan emas, faqat «Kyorlining xotini» deb ataladi va odamlar orasida boʻlsa ham, oʻzini yolgʻiz his qiladi.

Qizigʻi shundaki, fermada odamlar koʻp, ammo har birining oʻziga yarasha yetishmayotgan narsasi bor. Kimdir pul xohlaydi, kimdir oʻz uyini, kimdir hurmatni. Kimdir esa shunchaki birov bilan gaplashishni istaydi.

Shu maʼnoda Jorj va Lennining orzusi boshqalarga ham taʼsir qiladi. Ular oʻzlariga tegishli kichik yer haqida gapirganda, boshqalar ham shu orzuga yaqinlashadi. Chunki inson birgalikda orzu qilishni, umumlashishni, orzulari boshqalarga ham yuqishini istaydi. Odamlarni koʻpincha aynan shu tuygʻu birlashtiradi.

Yozuvchiga koʻra, yolgʻizlik shunchaki odamning yonida hech kim yoʻqligi bilan belgilanmaydi. Inson odamlar orasida turib ham yolgʻiz boʻlishi mumkin.

Bu holat bugun bizga yanada tanish tuyuladi. Hozir telefonlarimizda yuzlab, hatto minglab raqamlar bor. Ijtimoiy tarmoqlarda tanishlar, obunachilar, guruhlar sanogʻi yoʻq. Bir qarashda, inson hech qachon yolgʻiz qolmaydigandek tuyuladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.