Sibir mahsulotlari Oʻzbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin
Rossiyaning «Sibereko» kompaniyasi Oʻzbekistonga ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, keyingi bosqichda esa ularni ishlab chiqarishni mamlakatda mahalliylashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda. Kompaniya Oʻzbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish niyatini bildirgan.

Sibir mahsulotlari Oʻzbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin
«Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli Aslam Akbarov «Sibereko» MCHJ bosh direktori Andrey Mandrik bilan uchrashdi.
Uchrashuvda kompaniya rahbari Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi. Xususan, «Sibereko» dastlab Oʻzbekistonga ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, kelajakda esa ishlab chiqarish quvvatlarini mamlakat hududida mahalliylashtirishdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi.
Rossiya tomonining taʼkidlashicha, Bosh konsulxona bilan hamkorlik natijasida kompaniya Oʻzbekistonning FBFA Textil Lts kompaniyasi bilan aloqalar oʻrnatgan. Hozirgi bosqichda hamkorlik kosmetika mahsulotlarini yetkazib berishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, «Sibereko» Oʻzbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish va oʻz mahsulotlarini faol targʻib qilishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya Sibir hududida oʻsadigan yovvoyi oʻsimliklar asosida ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, mahsulotlar tarkibiga sunʼiy konservantlar, boʻyoqlar va xushboʻylashtiruvchi qoʻshimchalar qoʻshilmaydi.
«Sibereko» oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida 10 yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya mahsulotlari oziq-ovqat xavfsizligini boshqarish boʻyicha ISO 22000:2018 xalqaro standarti talablariga javob berishi qayd etilgan.
Korxona Rossiyadagi yirik kompaniyalar, federal savdo tarmoqlari va distribyutorlarga mahsulot yetkazib beradi. Shuningdek, MDH va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari hamda boshqa xorijiy bozorlardagi hamkorlar bilan ishlaydi.

