Si, Tramp va Putin Ukraina masalasida uchrashishi mumkin. Bu Kievni «oq bayroq koʻtarishga» undashmi?
AQSH prezidenti Tramp, Chin raisi Si va Rossiya prezidenti Putin yuzma-yuz uchrashib, Ukrainadagi urushni muhokama qilmoqchi ekan. Aftidan, Kievni navbatdagi marta oq bayroq koʻtarishga undashmoqchi, Tramp boshchiligida. Quyida shu haqda.

Si, Tramp va Putin Ukraina masalasida uchrashishi mumkin. Bu Kievni «oq bayroq koʻtarishga» undashmi?
AQSH prezidenti bunday formatdagi uchrashuvga qarshi emasligini, biroq unda urush emas, «yadroviy qurolni muhokama qilmoqchi ekanini» aytdi. «Prezident Si xohlasa, men tayyorman», dedi Tramp. Avvalroq OAVda bunday taklif oʻzaro telefon suhbati paytida Putindan chiqqani haqida yozilgandi. Tramp jurnalistlarga javob berar ekan, «Si xohlasa, uchrashaman», dedi, «Si va Putin xohlasa», demadi.
Hech narsa hal boʻlmasa ham, Ukraina taqdiri Kiev ishtirokisiz AQSH, Rossiya va Xitoy yetakchilari tomonidan muhokama qilingani oʻziyoq Yevropa uchun jiddiy signal. «Urushni birpasda yumaloq yostiq qilishni» maqsad qilgan derjava oltinchi yilga kelib hamon Donbass olinmagan bir paytda shunday signallar yuborish haqida oʻylamoqda.
Tramp goʻyoki Ukraina uning uchun mutlaqo ahamiyatsiz ekanini koʻrsatish maqsadida bu uchrashuvda «jon deb yadroviy qurolsizlanishni muhokama qilishini» aytdi.
Avvalroq Amerikaning WSJ nashri oʻzaro telefon suhbati chogʻida Putin Trampga Ukrainadagi urush yuzasidan uch tomonlama uchrashuv oʻtkazishni taklif qilgani haqida yozgandi. Oʻsha suhbatda Putin urushni Moskvaga maʼqul boʻlgan shartlarda yakunlashni taklif qilgan. Nashrga koʻra, Pekin ham Tramp uchrashuvga tayyor boʻlsa, Xitoy raisi bunga qarshi boʻlmasligini bildirgan. 18-19 noyabr kunlari Xitoyda Osiyo Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammiti oʻtkaziladi. Tramp, Si va Putin oʻsha yerda uchrashishi mumkin.
Goʻyoki «Ukraina taqdiri hal qilinadigan» uchrashuvda Ukraina vakillari boʻlmasligi tabiiy. Kreml bunday reja borligini tasdiqladi, Tramp qarshi emas, Pekin ham rozi ekan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH prezidenti Tramp Kievni taslim boʻlishga undayotganini aytdi. «Menimcha, Ukrainani kapitulyatsiya boʻlishga undovchi qadamlar tashlandi. Amerikalik hamkorlarimiz urushni Ukrainaga bosim qilish orqali tezroq tugatish mumkin deb hisoblayotgani haqida oʻylashni xohlamayman, lekin barchasi shunga qarab ketyapti», dedi u Bloomberg nashriga bergan intervyusida.
Endi asosiy savol: aytaylik Xitoy, Rossiya va AQSH Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha kelishuvga erishdi, keyin nima boʻladi? Putin ham oʻsha yerda ekani inobatga olinsa, kelishuv toʻliq Rossiya foydasiga boʻladi. Putin nima istashi hammaga maʼlum: Ukraina Qrimni Rossiyaniki deb tan olishi, Donbassdan toʻliq ketishi, Zaporijjya va Xersonni ham topshirishi kerak, axir Rossiya ularni oʻz konstitutsiyasiga qoʻshib boʻlgan.

