Si Szinpin Yaqin Sharq uchun yangi xavfsizlik arxitekturasini yaratishga chaqirdi

Si Szinpin Yaqin Sharq uchun yangi xavfsizlik tizimini yaratishga chaqirdi
Xitoy rahbari Si Szinpin 2-sentyabr kuni Misrga to‘rt yildan so‘ng ilk bor tashrif buyurib, Yaqin Sharq mamlakatlarini tashqi aralashuvlarga qarshi turishga va mintaqadagi xavfsizlik tizimini qayta ko‘rib chiqishga undadi.
Qohirada Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan uchrashuvda Si Szinpin mintaqa davlatlari "o‘z taqdirining egasi" bo‘lishi va yangi mintaqaviy "xavfsizlik arxitekturasi"ni ko‘rib chiqishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Xitoy mintaqa davlatlari bilan birgalikda dengiz qatnovi yo‘llari xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini bildirdi. Bu masala Hormuz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozlaridagi mojarolar tufayli yuk tashishlar izdan chiqqani sababli yanada dolzarb tus olgan.
Tomonlar xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, ma’lumotlar markazlari, yarimo‘tkazgichlar va muhim metallar ta’minot zanjirlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, savdo va investitsiyalarda o‘zaro milliy valyutalardan foydalanishni kuchaytirish rejalashtirilgan.
Misr so‘nggi yillarda Xitoy bilan iqtisodiy va harbiy aloqalarni kengaytirib kelmoqda. Mamlakat prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tashrif arafasida Misr xalqaro hamkorlikni diversifikatsiya qilishga intilayotganini va global raqobat kuchaygan sharoitda "strategik muvozanat" siyosatini olib borayotganini ma’lum qilgan.
Xitoy uchun Misr Suvaysh kanali va Afrikaga chiqish imkoniyati, shuningdek, Yaqin Sharqdagi diplomatik ta’siri sabab muhim hamkor hisoblanadi. Xitoy kompaniyalari Misrda konteyner portlari, yashil vodorod loyihalari, temir quvurlar, avtomobil shinalari va sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqarish kabi sohalarga milliardlab dollar sarmoya kiritgan. Misr hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Suvaysh kanali iqtisodiy zonasida Xitoy investitsiyalari qariyb 4 milliard dollarni tashkil etadi.
Si Szinpinning tashrifi AQSH va Eron o‘rtasidagi urush fonida Xitoyning Yaqin Sharqdagi diplomatik va iqtisodiy rolini kengaytirishga intilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Avvalroq Xitoy va Hindiston Himolay chegarasida tinchlik va osoyishtalikni saqlash bo‘yicha kelishib olgani haqida xabar berilgandi. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara uzoq yillardan beri bahsli bo‘lib, 2020-yilda hududda harbiylar o‘rtasida to‘qnashuv ham yuz bergan. Shundan so‘ng tomonlar chegaradagi vaziyatni barqarorlashtirish va harbiy kuchlar o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirib kelmoqda.

