Si Jinping fitna haqidagi mish-mishlardan soʻng eng yaqin harbiy maslahatchisini lavozimidan ozod etdi
Si Jinpingning Xitoy armiyasidagi korrupsiyaga qarshi kampaniyasi doirasida yana ikki yuqori martabali general lavozimidan ozod etildi. Ular orasida Markaziy harbiy komissiyasi raisi oʻrinbosari Chjan Yusya ham bor.

Si Jinping fitna haqidagi mish-mishlar ortidan eng yaqin harbiy maslahatchisini lavozimidan chetlatdi.
Reuters xabariga koʻra, 28-avgust kuni Xitoyda Markaziy harbiy komissiyasi (MHK) aʼzolari, generallar Chjan Yusya va Lyu Chjenli oʻz lavozimlaridan ozod etildi.
Chjan MHK raisi oʻrinbosari lavozimida ishlagan va Xitoy raisi Si Jinpingdan keyin harbiy rahbariyatdagi ikkinchi shaxs hamda uning eng yaqin harbiy safdoshi hisoblangan. Generallarga nisbatan intizom va qonunni jiddiy buzganlikda gumon qilingan tergov yanvar oyida boshlangan edi.
Soʻnggi bir necha yil ichida Xitoy rahbari armiyada korrupsiyaga qarshi kampaniya boshlagan. Ushbu kampaniya doirasida sobiq mudofaa vazirlari Vey Fenxe va Li Shanfu lavozimidan chetlatilib, tergovga tortilgan edi.
Kadrlar oʻzgarishi Xitoyda harbiy toʻntarishga urinish boʻlgani haqidagi mish-mishlar ortidan yuz berdi. The Spectator nashrining yozishicha, 18-yanvar kuni Chjan goʻyoki Si Jinpingni hibsga olish uchun Pekin gʻarbidagi "Insi" mehmonxonasiga bir rota askar yuborgan. Xitoy rahbari Markaziy qoʻriqlash byurosi xodimlari Chjanning askarlariga pistirma qoʻygan. Bu jang oqibatida 9 nafar qoʻriqchi va oʻnlab harbiylar halok boʻlgani aytiladi.
Chjan 1979-yilgi Xitoy-Vetnam urushida qatnashgan. Uning otasi, general Chjan Szunsyun Xitoy raisining otasi Si Chjunsyunning safdoshi boʻlgan. RBK yozganidek, Chjan va Si yuqori martabali partiya arboblarining avlodlari, yaʼni "shahzodalar"ga mansub. Chjan 2012-yilda Xalq ozodlik armiyasining qurol-yarogʻ xaridi va uni ishlab chiqishga masʼul boʻlgan Qurollanish bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan. 2017-yilda u MHK raisi oʻrinbosari boʻlgan va pensiyaga chiqishi kerakligiga qaramay, 2022-yilda bu lavozimga qayta saylangan edi.

