SI emas: «noreal» koʻringan tabiat surati tanlovda gʻolib chiqdi
Fotosuratchi Mett Dikin dron yordamida tasodifan olgan dengiz manzarasi Australian Geographic Nature Photographer tanlovining bosh mukofotiga sazovor boʻldi. Suvda yonma-yon suzib ketayotgan yashil arraburun baliq va dengiz toshbaqalari aks etgan kadr shu qadar gʻayrioddiy chiqqanki, ayrimlar uni sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan tasvir deb oʻylagan.

SI emas: «noreal» koʻringan tabiat surati tanlovda gʻolib chiqdi
Sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlar haqiqiy fotosurat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, avstraliyalik fotograf Mett Dikin bilan buning teskarisi yuz berdi. U olgan haqiqiy tabiat suratini bir necha kishi SI generatsiyasi deb oʻylagan.
Dikinning ushbu ishi oxir-oqibat Australian Geographic Nature Photographer tanlovida bosh mukofotni qoʻlga kiritdi. Fotosuratchining aytishicha, noyob kadr oldindan rejalashtirilmagan va deyarli tasodifan olingan.
U oʻsha vaqtda dron yordamida soʻnib borayotgan quyosh nurlari sayoz rifni qanday yoritayotganini tasvirga olayotgan edi. Dronni yaqinlashtirganda esa suvda dengiz toshbaqalari guruhi tomon suzib kelayotgan yashil arraburun baliqni payqab qolgan.
Fotosuratchi shu onni yuqoridan suratga olishga muvaffaq boʻlgan. U suratga Ethereal Encounter — taxminan «Gʻayrioddiy uchrashuv» deb nom bergan.
Qizigʻi, Dikin bu kadrni olishga ulgurmay qolishi ham mumkin edi. Suratga olish vaqtida dron akkumulyatori tugab borayotgan edi. Qurilma yerga qoʻndirilganida uning quvvati atigi 3 foiz qolgan.
Suratdagi kompozitsiya va dengiz jonzotlarining joylashuvi shu qadar gʻayritabiiy koʻringanki, ayrimlar uni sunʼiy intellekt generatori yordamida tayyorlangan deb hisoblagan.
Dikinning aytishicha, bunday fikrlar uni ranjitmagan. Aksincha, fotograf suratning haqiqatan ham norealdek koʻrinishini tan olgan.
Fotograf ushbu ishini tanlovning yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlarga bagʻishlangan yoʻnalishida taqdim etgan. Suratda aks etgan yashil arraburun ham yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar qatoriga kiradi.
Janubiy Avstraliya muzeyi oʻtkazadigan tanlovga taqdim etiladigan barcha ishlar Avstraliya, Yangi Zelandiya, Antarktida yoki Yangi Gvineya tabiati bilan bogʻliq boʻlishi kerak.

