Shveytsariya Alp togʻlarida yengil motorli samolyot halokatga uchrashi oqibatida halok boʻlgan uch kishidan ikki nafari Britaniya fuqarosidir
Rasmiylarning maʼlum qilishicha, samolyot Rona vodiysidan havoga koʻtarilgan va taxminan 10 daqiqadan soʻng togʻ tizmasiga borib urilgan.

Shveytsariya Alp togʻlarida yuz bergan aviahalokatda halok boʻlgan uch kishidan ikki nafari Britaniya fuqarosidir.
Seshanba kuni yengil motorli samolyot janubiy Vale kantonidagi Leykerbad shahri yaqinida, togʻlarning baland qismida qulab tushdi.
Rasmiylarning maʼlum qilishicha, Cirrus SR22T samolyoti Rona vodiysidagi Son aeroportidan havoga koʻtarilgan va hozircha nomaʼlum sabablarga koʻra, taxminan 10 daqiqadan soʻng togʻ tizmasiga borib urilgan.
Guvohlar alanga va tutunni koʻrishganini aytishdi.
Voqea joyiga Vale qutqaruv tashkiloti, politsiya va oʻt oʻchirish xizmatining favqulodda guruhlari, shuningdek, uchta vertolyot yuborildi.
Shveytsariya transport xavfsizligi boʻyicha kengashi tergov boshladi.
Vale politsiyasi va Bosh prokuratura ham surishtiruv ishlarini yoʻlga qoʻydi.
Qurbonlarning shaxsini rasman aniqlash ishlari hali ham davom etmoqda.
Tashqi ishlar, hamdoʻstlik va taraqqiyot masalalari boʻyicha vazirlik (FCDO) "Shveytsariyada halok boʻlgan ikki nafar Britaniya fuqarosining oilalariga yordam koʻrsatilayotganini" tasdiqladi.
Vazirlik rasmiylar mahalliy hokimiyat organlari bilan aloqada ekanini bildirdi.
"Ushbu ogʻir damlarda bizning fikru xayolimiz ularning oilalari bilan", deya qoʻshimcha qildi vazirlik.

