Dunyo

Shveysariyaliklar betaraflik qoidalarini qatʼiylashtirishni rad etdi

Shveysariyada oʻtkazilgan referendumda saylovchilarning 70,15 foizi mamlakat betarafligini yanada qatʼiy talqin qilish tashabbusiga qarshi ovoz berdi. Taklif sanksiyalarga qoʻshilish imkoniyatlarini keskin cheklash, shuningdek, harbiy ittifoqlarga aʼzo boʻlish va ular bilan hamkorlik qilishni taqiqlashni nazarda tutgan edi.

Shveysariyaliklar betaraflik qoidalarini kuchaytirishni rad etdi

Shveysariya hukumati saytida 27-sentabr, yakshanba kuni eʼlon qilingan rasmiy natijalarga koʻra, «Shveysariya betarafligini saqlash» tashabbusi aholining qoʻlloviga ega boʻlmadi.

Bu tashabbusni oʻng konservativ Shveysariya xalq partiyasiga yaqin boʻlgan «Shveysariya uchun» — Pro Schweiz birlashmasi ilgari surgan edi.

Mualliflarning fikricha, betaraflik mamlakat Konstitutsiyasida mustahkamlangan boʻlsa-da, hukumat Ukrainadagi urush sabab Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qoʻshilib, aralashmaslik tamoyilini zaiflashtirgan.

Tashabbus mualliflari Konstitutsiyada «doimiy va qurollangan» betaraflik tamoyilini belgilashni taklif qilgan. Bunda mamlakat betaraf maqomini saqlagan holda oʻzini harbiy jihatdan himoya qilishga tayyor turishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Shveysariyaning NATO kabi harbiy ittifoqlarga qoʻshilishi yoki ular bilan hamkorlik qilishiga qonuniy taqiq joriy etish ham koʻzda tutilgan. Faqat mamlakatning oʻzi hujumga uchragan holatlar bundan mustasno boʻlishi kerak edi.

Tashabbus sanksiyalarga nisbatan ham keng qamrovli cheklovlarni nazarda tutgan. Agar oʻzgartishlar qabul qilinganida, hukumat iqtisodiy sanksiyalarni faqat BMT Xavfsizlik kengashi maʼqullaganidan keyingina joriy eta olardi.

Shveysariya xalq partiyasidan tashqari, mamlakatdagi barcha yirik siyosiy kuchlar tashabbusga qarshi chiqqan.

Tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis teledebatlarda Shveysariya betarafligi amaliyotda doimo muayyan moslashuvchanlik bilan qoʻllanganini aytgan.

Uning taʼkidlashicha, betaraflikni befarqlik bilan tenglashtirmaslik kerak. Vazir Shveysariya oʻz manfaatlarini himoya qilish yoki tinchlikni saqlashni vaj qilib, xalqaro huquq buzilishlariga koʻz yumishi mumkin emasligini bildirgan.

Referendumda ovoz berganlarning 70 foizdan ortigʻi oziq-ovqat xavfsizligiga oid tashabbusni ham qoʻllab-quvvatlamagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.