Shveysariyada 34 yil avval yo‘qolgan ikki alpinist jasadi topildi

Shveysariyada 34 yil avval g‘oyib bo‘lgan ikki alpinistning jasadlari topildi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Vale kantoni politsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, ikki erkakning jasadi sayyoh tomonidan aniqlangan. Ular Trift muzligining erishi natijasida yuzaga chiqqan. O‘tkazilgan DNK tahlili jasadlarning 1992-yildan beri Vaysmis hududida bedarak yo‘qolgan alpinistlarga tegishli ekanligini tasdiqladi.
Marhumlar Belgiya fuqarolari bo‘lib, yo‘qolgan vaqtda 39 va 41 yoshda bo‘lganlar. Kanton politsiyasi 1925-yildan beri bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatini yuritadi. Bu ro‘yxat asosan baland tog‘larda yoki suv havzalarida g‘oyib bo‘lgan shaxslarni o‘z ichiga oladi.
Politsiya ta’kidlashicha, "muzliklarning erishi natijasida ba’zan bir necha o‘n yillar oldin tog‘larda yo‘qolgan odamlarning qoldiqlari topiladi".
Shveysariyada iyul oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oy bo‘ldi. Bu holat daryo va ko‘llarda suv sathining sezilarli darajada pasayishiga hamda muzliklarning erishining tezlashishiga olib keldi.
Avvalroq Everest tog‘ida qariyb 30 yildan buyon qolib ketgan va alpinistlar orasida "Yashil etik" (Green Boots) nomi bilan mashhur bo‘lgan alpinistning jasadini tog‘dan olib tushirish bo‘yicha xavfli operatsiya boshlangandi. Qariyb 10 yil davomida uning yorqin yashil etiklari Everestga chiqayotgan alpinistlar uchun muhim mo‘ljal vazifasini o‘tab kelgan. Ko‘plab alpinistlar aynan shu nuqtaga yetganidan so‘ng bazaviy lagerga radio orqali keyingi bosqichni bosib o‘tganini ma’lum qilgan.

