Shuhrat G‘aniyev MDHning urug‘chilik sohasidagi Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi
O‘zbekiston delegatsiyasining Turkmanistonga tashrifi davomida yangi urug‘ navlarini sinovdan o‘tkazish, eksportni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni

Shuhrat G‘aniyev MDHning urug‘chilik sohasidagi Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi
6–8-oktyabr kunlari Turkmanistonning Avaza shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining urug‘chilik masalalari bo‘yicha Hukumatlararo muvofiqlashtiruvchi kengashi 27-yig‘ilishi hamda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidentining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.
Yig‘ilish davomida MDH davlatlari o‘rtasida agrar hamkorlikni kengaytirish, seleksiya va zamonaviy urug‘chilik tizimlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2027–2028-yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini davlatlararo ixtisoslashtirish hamda yetkazib berish rejalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida Shuhrat G‘aniyevga urug‘chilik sohasida davlatlararo aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun MDH Hukumatlararo muvofiqlashtiruvchi kengashining Faxriy yorlig‘i topshirildi.
Shuhrat G‘aniyev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Tangriguli Ataxalliyev bilan uchrashdi. Suhbatda yuqori hosildor qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini eksport qilish, yangi navlarni o‘zaro sinovdan o‘tkazishni tashkil etish va ilg‘or tajribalar almashish masalalari muhokama qilindi.
Tojikiston Bosh vazirining o‘rinbosari Ziyozoda Sulaymon Rizoyi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa urug‘chilik sohasidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Xususan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida erishilgan yutuqlar va yangi agrotexnologiyalarni Tojikistonga transfer qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba maydonlarini tashkil etish va yangi urug‘ navlarini birgalikda sinovdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlarga ham e’tibor qaratildi.
Xalqaro konferensiyada iqlim o‘zgarishiga moslashish, qurg‘oqchilik va kasalliklarga chidamli, yuqori hosildor navlarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Urug‘chilik tizimini raqamlashtirish va sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha tajribalar almashildi.
Shuningdek, «Uzbek seeds» milliy brendi ostida mahalliy urug‘lik materiallari eksportini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tadbir ishtirokchilari milliy urug‘chilik tizimlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, raqamli texnologiyalardan foydalanish va MDH doirasida seleksiya hamda urug‘chilik bo‘yicha davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

