Shri Lankada arxeologlar Buddaning 17 ta oltin haykalini qazib oldi

Shri-Lankalik arxeologlar YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududda 17 ta oltin bilan qoplangan Budda haykalini topdilar. Bu joy 2 ming yildan ko‘proq vaqt oldin ibodatxona bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda.
Ushbu noyob topilma qadimiy poytaxt Anuradhapuradagi Abhayagiri ibodatxonasi majmuasi devorida olib borilgan qazishmalar chog‘ida aniqlandi. Hukumatning Markaziy madaniyat jamg‘armasi vakili Tusita Heratning so‘zlariga ko‘ra, bu so‘nggi 30 yildan ortiq vaqt ichida ushbu hududda topilgan eng qimmatli topilmadir.
Uning ta’kidlashicha, mutaxassislar ilgari ham qadimiy buyumlarni topganlar, ammo bunday ko‘p miqdordagi haykallar birinchi marta uchramoqda. Oltin suvi yuritilgan 17 ta bronza haykal VII va VIII asrlarga oid eksponatlarga o‘xshash xususiyatlarga ega bo‘lib, ularning yoshi taxminan 1200–1300 yilga teng deb baholanmoqda.
Topilmalar ustida qo‘shimcha tekshiruvlar olib borilmoqda. Rasmiylar ularni taxminan bir oy ichida jamoatchilikka namoyish etishni rejalashtirmoqda.
Haykallar 1982-yildan beri YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Anuradhapura muqaddas shahri hududida turli joylarda ko‘milgan holda topilgan. Xalqaro tan olinishidan so‘ng, Shri-Lanka Markaziy madaniyat jamg‘armasi bu yerda qazish ishlarini boshlagan.
Bu hudud Buddizmning Teravada, Mahayana va Vajrayana ta’limotlarini o‘zida mujassam etgani bilan mashhur. Yuzlab yillar avval bu yer Xitoy va Hindistondan kelgan olimlar va ziyoratchilarni o‘ziga jalb qilgan.

