Layfstayl

Shishali plyaj va raqsga tushayotgan o‘rmon: Yer sayyorasidagi hayratlanarli maskanlarning noyob fotosuratlari

**Shishali plyaj va raqsga tushayotgan o‘rmon: Yer sayyorasidagi hayratlanarli maskanlarning noyob fotosuratlari**

Neyrotarmoqlar istalgan narsani yaratishga qodirligiga allaqachon ko‘nikkanmiz. Ular ko‘pincha hayotda mavjud bo‘lmagan g‘ayritabiiy joylarni tasvirlaydi. Biroq, Hi-Tech nashri Yer yuzidagi shunday real maskanlarning suratlarini namoyish etdiki, ularning go‘zalligi har qanday neyrotarmoq fantaziyasini ortda qoldiradi.

Bu manzillar haqiqatan ham bor va ular fotoeffekt natijasi emas. Ba’zida tabiat shunday mo‘jizalarni yaratadiki, ularga ishonish qiyin.

**1. Pamukkale — Turkiyadagi Kleopatra hovuzi**

Turkiyaning eng mashhur va go‘zal go‘shalaridan biri bo‘lgan Pamukkale o‘zining qordek oppoq tabiiy terassalari va shifobaxsh issiq buloqlari bilan butun dunyoga tanilgan. Bu yerdagi har bir tabiiy hovuz yorqin firuza rangdagi, iliq mineral suv bilan to‘la. Eng qizig‘i, sayohatga kelganlar kishi boshiga taxminan 45-50 dollar evaziga ushbu mo‘jizaviy hovuzda bemalol cho‘milishi mumkin.

Pamukkaledagi hovuzlardan biri “Kleopatra hovuzi” deb ataladi. Rivoyatga ko‘ra, bu joy Misr malikasining eng sevimli cho‘milish maskani bo‘lgan.

**2. Raqsga tushayotgan o‘rmon**

Ushbu sirli qarag‘ayzor Kaliningrad viloyatida joylashgan. Olimlar daraxtlarning nega bunday holatga kelib qolganini hamon aniqlay olmagan. Taxminlarga ko‘ra, daraxtlar kuchli shamollar esishi natijasida shunday shaklga kirib qolgan. Kechki payt esa daraxt tanalari g‘ayritabiiy soyalar hosil qiladi, bu esa chiroyli suratlar ishqibozlarini o‘ziga jalb etadi.

**3. “Mast o‘rmon”**

U Ryazan viloyatining Shilovo tumanida joylashgan. Ba’zilar o‘rmonni raqsga tushayotgan deb nomlasa, boshqalar “mast o‘rmon” deb ham atashadi. Bu o‘rmondagi jumboqlar yanada ko‘proq. Gap shundaki, daraxtlarning bir qismi aniq bir tomonga egilib qolgan, qolgan qismi esa tik turibdi. Bunday hodisaning bir nechta taxmini bor: o‘ziga xos tuproq, haroratning keskin o‘zgarishi va kuchli shamollar.

**4. Xitoyning Xunan provinsiyasidagi geologik mo‘jiza — ulkan yo‘l-yo‘l qoyalar**

Bu yerda turli rangdagi tog‘ jinslari yig‘ilgani sababli ular kamalaksimon deb ataladi: ular orasida qizil, yashil, ko‘k, to‘q sariq va sariq ranglar bor. To‘liq kamalak hosil bo‘lishi uchun faqat to‘q ko‘k va binafsha ranglar yetishmaydi, xolos. Ushbu rang-barang tog‘ jinslari millionlab yillar davomida ketma-ket zichlashib borgan. Xunan provinsiyasi — bu o‘tkir qoyalar, jarliklar va hatto kanyon ham mavjud bo‘lgan milliy parkdir.

**5. Uyuni — Boliviyadagi ko‘zgusimon ko‘l**

O‘nlab yillar avval Uyuni ulkan sho‘r ko‘l bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan u qurib qolgan — hozir uning o‘rnida dunyodagi eng katta sho‘rxok tekislik joylashgan. Yomg‘irlar mavsumida bu yerda optik illyuziya yuzaga keladi — tekislik osmon aks etadigan ulkan ko‘zguga aylanadi.

**6. Fort Breg — Kaliforniyadagi shishali plyaj**

Bu ekologiyaga bo‘lgan mas’uliyatsiz munosabat Yer sayyorasiga go‘zal bir maskanni hadya etgan noyob holatdir. Fort Breg plyajidagi qumlar shishali mayda toshlar qatlami ostida yashiringan. To‘lqinlar yillar davomida Tinch okeaniga tushib qolgan shishalarni silliqlagan. Endilikda esa quyoshli kunlarda rang-barang shishachalar juda chiroyli tovlanadi.

**7. Mavrikiy orolidagi Shamarel yetti rangli qumlari**

Ushbu dyunalar to‘q qizil, qizil, yashil, sariq, ko‘k, jigarrang va binafsha rangdagi qumlardan iborat. Qumlar ayniqsa tong otganda yoki quyosh botayotganda yanada yorqinroq ko‘rinadi. Olimlarning fikricha, rang-barang qumlar vulqon bazaltlarining parchalanishi, qizishi hamda sovushi natijasida hosil bo‘lgan.

**8. Indoneziyadagi rang-barang ko‘llar**

Kelimutu vulqonining etagida uchta rangli ko‘l joylashgan. Ushbu suv havzalari har o‘n yilda bir marta, bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda, o‘z rangini qizil, yashil, qora, binafsha yoki jigarrangga o‘zgartirib turadi. Ko‘llarning rangi ularning tubida yotgan minerallarga bog‘liq. Ular suvda sekin-asta erib, suvni tegishli tuslarga boyaydi.

**9. Antarktidadagi qonli sharshara**

Bundan ikki million yil avval Antarktida muz bilan qoplanmagan edi — uning hududida sho‘r ko‘l bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay u muz ostida qolib ketgan va undagi barcha jonzotlar halok bo‘lgan. Faqatgina ekstremal sharoitlarga moslashib, temirni parchalash orqali o‘ziga ozuqa topa boshlagan bakteriyalar bundan mustasno. Ushbu hayotiy jarayonda bakteriyalar juda katta miqdorda zang ishlab chiqaradi. Tuz konsentratsiyasi yuqori bo‘lgani sababli bunday suv muzlab qolmaydi, balki tashqariga oqib chiqib, qon rangidagi sharsharani hosil qiladi.

**10. Inson qo‘li bilan yaratilgan anomaliya — Balidagi Lempuyang ibodatxonasining bo‘lingan darvozasi**

Bali orolidagi Lempuyang ibodatxonasi yonidagi bu maskan go‘zal optik illyuziya tufayli mashhurlikka erishdi. Tepalikda yer va osmon birlashib ketgandek tuyuladi. Bu hodisa yomg‘irlar paytida darvoza oldidagi maydonchani suv bosishi va ko‘zgusimon effekt yuzaga kelishi sababli sodir bo‘ladi.