Dunyo

Shimoliy Koreyada milliy bayramlar oldidan chorva mollarini ruxsatsiz soʻyish taqiqlandi

Shimoliy Koreyada milliy bayramlar arafasida chorva mollarini ruxsatsiz soʻyish taqiqlandi

Shimoliy Koreya Vazirlar Mahkamasi provinsiyalardagi qishloq xoʻjaligini boshqarish qoʻmitalariga chorva mollarini ruxsatsiz soʻyish hamda sut mahsulotlarini norasmiy yoʻllar bilan olib chiqishni taqiqlash haqida koʻrsatma yubordi. Bu haqda Daily NK Janubiy Hvanhe provinsiyasidagi manbasiga tayangan holda xabar berdi.

Mazkur choralar sentyabr oxirida nishonlanadigan Chhusok bayrami va 10-oktyabrda oʻtkaziladigan Koreya Mehnat partiyasi tashkil topgan kuni oldidan joriy etildi.

Chorvachilik xoʻjaliklariga barcha chorva mollarini toʻliq roʻyxatdan oʻtkazish topshirildi. Sigir, choʻchqa va echkilarni shaxsiy isteʼmol yoki bozorda sotish uchun ruxsatsiz soʻyganlar “qatʼiy huquqiy javobgarlikka” tortilishi aytildi.

Shuningdek, xoʻjaliklar sentyabr oxirigacha imkon qadar koʻproq sut, pishloq va sariyogʻ jamgʻarib, ularni markazga yuborishi hamda provinsiyalar aholisini taʼminlash uchun zaxirada saqlashi kerak. Sariyogʻ va pishloq miqdorini hisob-kitob daftarlariga grammigacha aniq kiritish va mahsulotlarni muhrlangan omborlarda saqlash buyurilgan.

Koʻrsatmada xoʻjalik rahbarlariga sut mahsulotlarini shaxsiy maqsadda oʻzlashtirish yoki ularni xodimlar uchun belgilangan “maxsus narxda” chetga sotish ham taqiqlangan.

“Har bir bayramda chorvachilik bazalarida goʻsht va sut mahsulotlari oʻzaro boʻlib olinardi, rahbarlar va ishchilar maʼlum ulushni oʻzlariga olib qolardi. Endi esa bunday holatlarga boshidanoq yoʻl qoʻymaslik buyurildi. Shu sababli joylarda vaziyat tarang”, deydi Daily NK manbasi.

Nashr maʼlumotiga koʻra, xoʻjalik xodimlari bu qarordan norozi, chunki ular bayram munosabati bilan bepul beriladigan mahsulotlar va arzon oziq-ovqatlardan mahrum boʻlmoqda. Ayrim rahbarlar hukumat inspeksiyasining kutilmagan tekshiruvlaridan choʻchib, hisob-kitob daftarlarini qayta yozayotgani va undagi raqamlarni amaldagi zaxiralarga moslashtirayotgani aytiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.