Shimoliy Koreya BMTning yadroviy nazorat tashkiloti rezolyutsiyasini rad etdi

Shimoliy Koreya BMTning yadroviy nazorat tashkiloti rezolyutsiyasini rad etdi
Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi Pxenyan yadroviy qurol dasturini tanqid qilgan Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) rezolyutsiyasini inkor etdi. Bu haqda mamlakatning davlat axborot agentligi — KCNA bayonotiga tayangan holda Al Jazeera xabar berdi.
Pxenyan mamlakatning yadroviy davlat maqomi qaytarib bo‘lmas darajada ekanini va u yadroviy tiyib turish salohiyati bilan ta’minlanganini ma’lum qildi.
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Jong ham IAEA’ni ikki xil standart qo‘llashda aybladi.
Uning aytishicha, agentlikning “biryoqlama pozitsiyasi va ikki xil standarti” xalqaro yadro qurolini tarqatmaslik tizimining yemirilishiga olib kelayotgan asosiy omildir.
Kim Yo Jongning ta’kidlashicha, IAEA AQSHning “ochiq-oydin yadro tarqatish faoliyati” hamda Janubiy Koreyaning yadroviy suvosti kemalarini joriy etish rejasiga ko‘z yumgan.
Shu bilan birga, agentlik Shimoliy Koreyaning “o‘zini himoya qilishga qaratilgan qonuniy yadroviy faoliyati”ga qarshi rezolyutsiya qabul qilgan.
Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi ham IAEA’ning shu haftadagi umumiy konferensiyasi davomida “dushman kuchlar” mamlakatning yadroviy dasturiga barham berishga urinayotganini ta’kidladi.
Vazirlik vakili AQSH va G‘arb tomonidan tayyorlangan rezolyutsiya Shimoliy Koreyaning yadroviy qurolga ega davlat sifatidagi maqomiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini bildirdi.
Davlat OAV xabariga ko‘ra, Kim Chen In shu hafta uch kun davomida mamlakatdagi yirik o‘q-dori va qurol-yarog‘ ishlab chiqarish zavodlarini ko‘zdan kechirgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2024-yilda Rossiya bilan o‘zaro mudofaa shartnomasini imzolaganidan beri Rossiya yordami bilan harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda.
Ularning aytishicha, Ukrainadagi urushda qatnashgan Shimoliy Koreya harbiylari orttirgan jangovar tajriba ham mamlakat armiyasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Kim Chen In juma kuni Pxenyanda targ‘ibot xodimlari uchun o‘tkazilgan yig‘ilishda ham nutq so‘zlagan.
U zamonaviy “mafkuraviy kurash” eski usullarni takrorlash emas, balki yangilik, ijodkorlik va faol yondashuvni talab qilishini ta’kidlagan.
Kim Yo Jong AQSH va Janubiy Koreyaga nisbatan ikki xil standart qo‘llanayotganini tanqid qilayotgan bir paytda, Vashington va Seul Shimoliy Koreya bilan munosabatlarni yaxshilash istagini bildirmoqda.
Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong 18-sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Pxenyan bilan muloqot qilishni istayotganini aytdi. Seul ehtimoliy muzokaralarga yordam berishga tayyorligini bildirgan.
Tramp esa Kim Chen In bilan birinchi prezidentlik davrida boshlangan aloqalarni qayta tiklashga intilmoqda. AQSH prezidenti o‘tgan oy shu yil oxirigacha Shimoliy Koreya yetakchisi bilan uchrashishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.
Tramp Kim Chen In bilan yaxshi munosabatda bo‘lish muhimligini ta’kidlab, Pxenyanda hozir 57 ta juda kuchli yadroviy qurol borligini aytgan.

