Shifokorlar faoliyati uchun yangi davlat ro‘yxati joriy etiladi
2027-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun bosqichma-bosqich davlat ro‘yxatidan o‘tkazila boshlaydi

Shifokorlar faoliyati uchun yangi davlat ro‘yxati joriy etiladi
2026-yil 10-sentyabrda «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini joriy qilish to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga muvofiq, 2027-yil 1-iyuldan boshlab tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tibbiyot va farmatsevtika faoliyati amalga oshiriladigan ixtisosliklar nomenklaturasiga kiritilgan mutaxassisliklarga tatbiq etiladi.
Mutaxassisliklar nomenklaturasi asosida maxsus imtihon bilan yoki imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan mutaxassisliklar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda mutaxassisliklar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bemorga tibbiy ta’sir ko‘rsatish darajasidan kelib chiqib ajratiladi.
Shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kasbiy faoliyatni monitoring qilish va ma’lumotlardan erkin foydalanish imkonini beruvchi Tibbiyot va farmatsevtika sohasi mutaxassislarining yagona elektron reyestri yuritiladi.
Farmonga ko‘ra, 2030-yilga qadar tibbiyot va farmatsevtika xodimlari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ixtiyoriy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tishi mumkin.
Buning uchun ular maxsus imtihon natijalariga ko‘ra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 5 yil muddatga amal qiladi. Yangi tizim 2027-yil 1-iyuldan bosqichma-bosqich joriy etiladi.

