Shaxmat Olimpiadasi. Oʻzbekiston Avstriyani magʻlub etdi, Sindarov ikkinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
Oʻzbekistonning birinchi erkaklar terma jamoasi Samarqanddagi Olimpiadada ketma-ket uchinchi oʻyinda gʻalaba qozonib, Avstriyani 3:1 hisobida magʻlub etdi. Ikkita gʻalabali ochkodan birini Javohir Sindarov keltirdi. Erkaklar turnirida Oʻzbekiston-2 Germaniyaga, ayollar turnirida esa Ispaniyaga imkoniyatni boy berdi, uchinchi terma jamoalar esa Marokash va Saudiya Arabistoni ustidan gʻalaba qozonishdi.

Shaxmat Olimpiadasi. Oʻzbekiston Avstriyani magʻlub etdi, Sindarov ikkinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
18 sentyabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining uchinchi turi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning asosiy erkaklar terma jamoasi Avstriyani 3:1 hisobida magʻlub etdi. Oʻzbekiston-2 turnir favoritlaridan biri — Germaniyaga imkoniyatni boy berdi, mamlakatning uchinchi jamoasi esa Marokash ustidan ishonchli gʻalabaga erishdi.
Uy Olimpiadasida ikkinchi partiyasini oʻtkazgan Javohir Sindarov ikkinchi doskada oq ranglar bilan avstriyalik grossmeyster Feliks Bloxbergerni (2552) magʻlub etdi. Oʻzbekistonlik shaxmatchi uchun bu ketma-ket ikkinchi gʻalaba boʻldi: bir kun avval u Peru vakili Diyego Saul Rodri Flores Kilyasni yorqin tarzda magʻlub etgandi.
Sindarov asta-sekin ustunlikka erishdi va uchrashuvni 44-yurishda yakunladi. Uning xalqaro turnirlarga, jumladan, 2026 yilda Samarqandda boʻlib oʻtadigan Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrishi va ishtirok etishi, shuningdek, murabbiylar bilan ishlashi
Oʻzbekiston Milliy banki
koʻmagida amalga oshirilmoqda.
Asosiy terma jamoaga yana bir ochkoni Konstantin Peyrerni magʻlub etgan Muhiddin Madaminov keltirdi. Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov Kirill Alekseyenko bilan, Nodirbek Yakubboyev esa Lukas Dottser bilan durang oʻynadi. Natijada Oʻzbekiston Avstriya ustidan 3:1 hisobida gʻalaba qozonib, ketma-ket uchinchi jamoaviy gʻalabasini qoʻlga kiritdi.
Shu tariqa, birinchi terma jamoa Olimpiadaning dastlabki uchta uchrashuvida — Yamayka, Peru va Avstriya ustidan gʻalaba qozonib, maksimal olti jamoaviy ochkoga ega boʻlib turibdi.
Oʻzbekistonning ikkinchi terma jamoasi turnirda ilk bor ochkosiz qoldi va beshinchi raqam ostida saralangan Germaniya jamoasiga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Birinchi doskada Jahongir Vohidov Germaniya terma jamoasi yetakchisi Vinsent Kaymerga yutqazib qoʻydi. Abdumalik Abdisalimov Mattias Blyubaum bilan, Muhammadzohid Suyarov Frederik Svane bilan, Ortiq Nigʻmatov esa Rasmus Svane bilan durang oʻynadi.
Uch turdan soʻng Oʻzbekiston-2 hisobida toʻrt jamoaviy ochko bor — ikki gʻalaba va bir magʻlubiyat.
Oʻzbekistonning uchinchi terma jamoasi Marokashni 3,5:0,5 hisobida magʻlub etdi.
Jamoaga toʻliq ochkolarni Saydakbar Saydaliyev, Muhammadali Abdurahmonov va Asrorjon Omonov keltirishdi. Bahrom Bahrillayev oʻz partiyasini durang bilan yakunladi.
Oʻzbekiston-3 ham uch turdan soʻng toʻrt jamoaviy ochko jamgʻardi. Jamoa yagona magʻlubiyatni Germaniyadan qabul qilib olgandi.
Reyting boʻyicha boshqa yetakchilar ham asosan gʻalaba qozonishdi. AQSh Daniyani magʻlub etdi — 2,5:1,5, Hindiston — Italiyani (3:1), Xitoy — Bolgariyani (3,5:0,5), Niderlandiya — Avstraliyani (2,5:1,5), Ozarbayjon — Shveytsariyani (3:1), Frantsiya — Qozogʻistonni (3,5:0,5), Armaniston — Shvetsiyani (2,5:1,5), Vengriya — Sloveniyani (2,5:1,5).
Turning asosiy sensatsiyalaridan biri Norvegiyaning Singapurdan magʻlubiyatga uchrashi boʻldi — 1,5:2,5. Singapur turnir boshlanishidan oldin 50-raqam ostida, Norvegiya esa 21-raqam ostida saralangan edi. Yana bir kutilmagan gʻalabani Qirgʻiziston qoʻlga kiritdi: 79-raqam ostida saralangan jamoa 31-raqamli Braziliyani magʻlub etdi — 2,5:1,5.
Oʻzbekistonning birinchi ayollar terma jamoasi ham gʻalabali seriyasini davom ettirib, Indoneziyani magʻlub etdi — 3:1.
Afruza Hamdamova Diayeng Tereza Singgix bilan, Gulruhbegim Tohirjonova esa Lisa Latifa bilan durang oʻynadi. Umida Omonova Shafira Devi Xerfesa ustidan, Nilufarxon Imomqoʻziyeva esa Chelsi Monika Ignesias Sixite ustidan gʻalaba qozondi.
Oʻzbekistonlik qizlar barcha uchta uchrashuvda gʻalaba qozonib, maksimal olti jamoaviy ochko jamgʻarishdi. Doskalarda jamoa hisobida 11 ochko bor. Uchinchi turdan keyingi rasmiy jadvalda AQSh, Ruminiya, Hindiston, Polsha, Vyetnam, Isroil, Armaniston, Qozogʻiston va Xitoy kabi yana bir qator terma jamoalar ham shuncha jamoaviy ochkoga ega.
Oʻzbekistonning ikkinchi ayollar terma jamoasi Ispaniyaga imkoniyatni boy berdi — 1:3. Nilufar Yakubboyeva va Asal Salimova durang oʻynashdi, Marjona Malikova va Madinabonu Xalilova magʻlubiyatga uchrashdi.
Uchinchi ayollar jamoasi esa, aksincha, Saudiya Arabistonini tor-mor keltirdi — 4:0. Zilola Aktamova, Maftuna Bobomurodova, Shohina Ahmedova va Ozoda Shahzodova oʻz partiyalarida gʻalaba qozonishdi.
Uch turdan soʻng Oʻzbekistonning ikkinchi va uchinchi ayollar terma jamoalarida toʻrttadan jamoaviy ochko bor.
Olimpiadaning amaldagi chempionlari boʻlmish Hindiston ayollar jamoasi Gretsiyani magʻlub etdi — 3,5:0,5. Qozogʻiston xuddi shunday hisobda Sloveniyani magʻlub etdi, Xitoy Turkiya ustidan gʻalaba qozondi — 3:1, AQSh — Kubani (3,5:0,5), Polsha — Latviyani (4:0), Armaniston — Xorvatiyani (4:0), Gruziya esa BAAni (4:0) magʻlub etdi.
Favoritlar qatoridagi bir yoʻla ikki jamoa magʻlubiyatga uchradi. Ukraina Argentinaga imkoniyatni boy berdi — 0,5:3,5, Frantsiya esa Eronga yutqazdi — 1:3. Bu ikki natija ayollar Olimpiadasi uchinchi turining asosiy sensatsiyalari qatoridan joy oldi.
19 sentyabr kuni boʻlib oʻtadigan toʻrtinchi turda Oʻzbekistonning birinchi erkaklar terma jamoasi Turkiya bilan oʻynaydi. Ikkala jamoa ham uch turdan soʻng 6 tadan jamoaviy ochko jamgʻargan. Oʻzbekiston tur oldidan 4-oʻrinni, Turkiya esa 16-oʻrinni egallab turibdi.
Oʻzbekiston-2 Yangi Zelandiya bilan toʻqnash keladi. Ikkala jamoada ham 4 tadan ochko bor: Oʻzbekistonning ikkinchi jamoasi 31-oʻrinda, uning raqibi esa 91-oʻrinda bormoqda. Shuningdek 4 ochkoga ega boʻlgan Oʻzbekiston-3 Yaman bilan oʻynaydi.
Ayollar turnirida dastlabki uchta uchrashuvning barchasida gʻalaba qozonib, 6 ochko jamgʻargan Oʻzbekistonning birinchi terma jamoasi Argentina bilan kuch sinashadi. Toʻrtinchi tur oldidan oʻzbekistonlik qizlar uchinchi, argentinaliklar esa toʻqqizinchi oʻrinda bormoqda.
Oʻzbekiston-2 Qirgʻiziston bilan oʻynaydi — ikkala jamoada ham 4 tadan ochko bor. Oʻzbekistonning uchinchi ayollar terma jamoasi Kuba bilan toʻqnash keladi. Uch turdan soʻng ushbu jamoalarda ham 4 tadan jamoaviy ochko mavjud.
Turnir shveytsarcha tizimda 11 turdan iborat holda oʻtkazilmoqda. Jamoaviy uchrashuvdagi gʻalaba uchun ikki ochko, durang uchun esa bir ochko beriladi.

