Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich qoʻshma biznes forumida ishtirok etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 8-sentabr kuni Belgradda qoʻshma biznes forumida ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich qoʻshma biznes forumida qatnashdi
Tadbirda ikki davlatdan 200 nafardan ortiq rasmiy va ishbilarmon doira vakillari, yetakchi sanoat hamda savdo korxonalari rahbarlari, jumladan, Serbiyaning “Galenika”, “AbelaPharm”, “Gosa FOM”, “YUMCO”, “Luss Textile” kabi kompaniyalari ishtirok etdi.
Davlat rahbari nutqida samarali kechgan oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganini qayd etdi. Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilgani asosiy natija boʻlgani taʼkidlandi.
Oʻzaro yetkazib beriladigan mahsulotlar turini kengaytirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish orqali oʻzaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish vazifasi belgilandi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida 2026-2028 yillarga moʻljallangan qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilindi.
Mirziyoyev iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini sanab oʻtdi. Toʻqimachilik va elektrotexnika mahsulotlari, avtomobil va sanoat butlovchi qismlarini birgalikda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, farmatsevtika preparatlarini mahalliylashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, dasturiy taʼminot va sunʼiy intellekt sohalarida loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.
Oʻzbekiston yetakchisi Serbiya biznesi uchun yurtimizda qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratish hamda har bir qoʻshma loyihani amalga oshirishda amaliy koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.
Yakunda bir qator ikki tomonlama iqtisodiy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

