Shavkat Mirziyoyev rekonstruksiya qilingan “Turon” stadioni bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev rekonstruksiya qilingan “Turon” stadioni bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga safari chogʻida Nukus shahrida rekonstruksiya qilingan “Turon” stadionini borib koʻrdi.
Majmuaning yangilanishi hududda ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralash hamda sportchilarning tayyorgarlik darajasini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Ushbu ishlar davlat rahbarining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar asosida amalga oshirildi.
Loyihaning umumiy qiymati 118,6 milliard soʻmni tashkil etadi. Majmuada 85 nafar kishining doimiy bandligi taʼminlandi. Rekonstruksiya yakunida stadion sigʻimi 9,3 mingdan 12 ming oʻringa oshirildi.
“Turon” stadioni “Aral” professional futbol klubining bazasi hisoblanadi. Bu yerda Respublika futbol akademiyasining 190 nafar tarbiyalanuvchisi muntazam mashgʻulotlar va oʻquv yigʻinlarini oʻtkazmoqda. Majmuada ikkita sport zali va ikkita qoʻshimcha stadion ham bor.
Akademiya tarbiyalanuvchilari uchun 196 oʻrinli yotoqxona, 84 oʻrinli oshxona, trenajyor zallari va taktik tahlil xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, yengil atletika, boks va taekvondo boʻyicha bir vaqtning oʻzida 100-150 nafar sportchining shugʻullanishi uchun sharoit yaratilgan.
Stadionda ommaviy axborot vositalari uchun maxsus platformalar, offside kameralarini oʻrnatish nuqtalari hamda markazlashgan VAR tizimi uchun alohida zona tashkil etildi. Mazkur infratuzilma musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazish va yoritishga xizmat qiladi.
Davlat rahbari majmuadagi sharoitlar bilan tanishib, Qoraqalpogʻistonda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish boʻyicha tavsiya va koʻrsatmalar berdi.
Prezident shu yerda mashgʻulot oʻtayotgan yosh sportchilar bilan samimiy suhbatlashdi va ular bilan esdalik uchun suratga tushdi.

