“Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonni butunlay oʻzgartirdi” - Ilhom Aliyev
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi taraqqiyoti va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda amalga oshirilgan oʻzgarishlarga yuqori baho berdi.

Ilhom Aliyevning taʼkidlashicha, Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonni tubdan oʻzgartirgan. U Mirziyoyev Oʻzbekiston rahbari lavozimiga kelgan paytdagi vaziyat bilan hozirgi holat oʻrtasida sezilarli farq borligini qayd etdi.
“Shavkat Miromonovich Oʻzbekistonga rahbarlik qila boshlaganida vaziyat butunlay boshqacha edi. Buni Oʻzbekiston fuqarolari ham, biz ham juda yaxshi bilamiz. Shu sababli u mamlakatni rivojlanish yoʻliga qoʻyish hamda davlatning iqtisodiy jihatlarini noldan shakllantirish uchun katta kuch bilan ishlashiga toʻgʻri keldi”, - dedi Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon rahbari sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarga ham toʻxtalib oʻtdi.
“Bugun biz butunlay boshqacha Oʻzbekistonni koʻrib turibmiz - jahon hamjamiyatining juda hurmatga sazovor aʼzosiga aylangan Oʻzbekistonni. Sanoatni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport infratuzilmasi bilan bogʻliq masalalar juda tezkor va samarali hal etilmoqda”, - dedi u.
Ilhom Aliyevning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik loyihalari uchun ham muhim zamin yaratgan.
“Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi tomonidan Oʻzbekiston uchun qilingan ishlar va bu islohotlar boʻlmaganida, birorta ham hamkorlik loyihasini amalga oshirishning imkoni boʻlmasdi”, - dedi Ozarbayjon Prezidenti.
U, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston rahbari lavozimiga kelguniga qadar ikki mamlakat oʻrtasida birorta ham qoʻshma loyiha mavjud emasligini taʼkidladi.
Hozirda tomonlar oʻzaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ilhom Aliyev bu koʻrsatkichni uzoq muddatli orzu emas, balki yaqin ikki yilda amalga oshadigan natija sifatida baholadi.
“Bugun biz 1 milliardlik tovar aylanmasi haqida gaplashyapmiz. Bu qandaydir uzoq muddatli orzu emas, yaqin ikki yilda amalga oshadigan ishdir”, - dedi u.
Ozarbayjon rahbari ikki tomon iqtisodiyoti ehtiyoj sezayotgan sohalardagi investitsiya loyihalari va oʻzaro sarmoyalar ham muhokama qilinganini qayd etib, bunday hamkorlik ikki davlatning parallel ravishda rivojlanishi natijasida yuzaga kelganini taʼkidladi.

