Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev Kegeylidagi issiqxona majmuasi bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Kegeyli tumanida barpo etilgan issiqxona majmuasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur hududga 12,5 mlrd so‘m imtiyozli mablag‘ yo‘naltirilib, 5 gektar maydonda zamonaviy yengil turdagi issiqxona qurildi. Natijada avval Ijtimoiy reyestrda qayd etilgan 50 ta oila qamrab olinib, ular uchun doimiy ish o‘rinlari yaratildi.

Saralab olingan har bir ehtiyojmand oilaga 10 sotixdan issiqxona maydoni berildi. Bunda ushbu kompleksga biriktirilgan lider tadbirkor faqat yer va issiqxona ajratish bilangina cheklanib qolmaydi.

Ularni 2 yil davomida shu joyning o‘zida o‘qitib, yetarli bilim va tajriba hosil qilgach, o‘z tomorqalarida issiqxona tashkil etish hamda daromad manbaini yaratishga ko‘maklashadi.

Yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari lider tadbirkor tomonidan bozor narxida xarid qilinadi.

Shuningdek, ushbu issiqxona kompleksida yiliga 1 ming nafar fuqaroni issiqxona xo‘jaligi va dehqonchilik yo‘nalishida o‘qitish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu tizim aholi uchun kafolatli va barqaror daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, oilalar daromadini yanada oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan. Issiqxona yaqinidagi 350 metrlik zovurda 500 bosh o‘rdak boqishga mo‘ljallangan maxsus o‘rdakxona tashkil etildi.

Loyiha doirasida oilalarga 10 boshdan Braziliyadan olib kelingan “Favorit” naslli o‘rdaklar berilib, fuqarolarga ularni ko‘paytirish texnologiyasi batafsil o‘rgatilmoqda.

Mazkur loyiha qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Bugungi tadbirkorlarning faqat o‘z foydasi uchun emas, balki odamlarning ham yaxshi yashashiga o‘zini daxldor deb bilayotgani alohida e’tirof etildi.

Loyihada zamonaviy va resurstejamkor texnologiyalar keng qo‘llanmoqda. Hududda quvvati 100 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi issiqxonaning kundalik ehtiyojini ta’minlaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.