Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Jorja Melonini Italiyada eng uzoq faoliyat yuritgan bosh vazir bo‘lgani bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Italiya bosh vaziri Jorja Meloniga maktub yo‘llab, uni mamlakat tarixida eng uzoq muddat faoliyat yuritgan hukumat rahbariga aylangani bilan tabrikladi. Prezident bu natija Italiya xalqining Meloniga bo‘lgan yuksak ishonchi va uning siyosiy irodasi tasdig‘i ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Jorja Melonini Italiyada eng uzoq faoliyat yuritgan bosh vazir bo‘lgani bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Italiya Vazirlar Kengashi raisi Jorja Meloniga maktub yo‘llab, uni shu lavozimda hozirgacha eng uzoq muddat ishlagan hukumat rahbari sifatida tarixga kirgani bilan tabrikladi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston rahbari maktubida hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda Italiya milliy manfaatlarini himoya qilish hamda mamlakatning Yevropa Ittifoqi va jahon maydonidagi nufuzini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni alohida qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev Italiya hukumat rahbariga O‘zbekistonga nisbatan do‘stona munosabati va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi.

“O‘zbekiston Italiya bilan o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashi ta’kidlandi. Bugungi kunda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar tobora sermazmun tus olib, ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi”, — deyiladi xabarda.

Prezident Italiya bosh vaziri Jorja Meloni bilan so‘nggi bor shu yil yanvar oyida u Toshkentda to‘xtab o‘tganida uchrashgandi.

Meloni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan 2025-yil may oyida kelgan.

Ma’lumot uchun, Jorja Meloni 2022-yil 22-oktabrda Italiya Vazirlar Kengashi raisi (bosh vazir) lavozimiga qasamyod keltirgan va mamlakat tarixida ushbu lavozimni egallagan ilk ayol siyosatchiga aylangan.

Meloni, shuningdek, 2014-yildan buyon o‘ng markazchi “Italiya birodarlari” (Fratelli d’Italia) partiyasiga rahbarlik qilib keladi. Hukumatlar tez-tez almashib turadigan Italiya tarixida uning Vazirlar Kengashi eng uzoq vaqt uzluksiz faoliyat yuritayotgan hukumat sifatida rekord o‘rnatdi.

U Instagram sahifasida bu barqarorlik bir kishining xizmati emas, balki umumiy qarashlarga ega bo‘lgan ahil koalitsiyaning natijasi ekanini yozdi.

“Bu yillar davomida biz bandlikni oshirish, ishsizlikni kamaytirish, oilalar va biznesni qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlikni mustahkamlash hamda Italiyaning xalqaro maydondagi obro‘sini qaytarish yo‘lida mehnat qildik. Natijalar bor, ammo hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘pligini yaxshi bilamiz”, — deya qayd etdi u.

Jorja Meloni ushbu barqarorlik 2022-yilda ularga ishonch bildirgan italiyaliklar tufayli mavjudligini, oldinda esa vazminlik va kelajakka ishonchli nigoh bilan mehnatni davom ettirishlarini qo‘shimcha qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.