Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bir guruh vatandoshlarga yuksak davlat mukofotlari topshirildi.
Tadbirda davlat rahbari yig‘ilganlarni Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi mehnatkash va oliyjanob xalq ekanligini ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingan, iqtisodiyot hajmi 2,5 barobardan ziyod oshgan, sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5 million 700 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Shuningdek, 1,5 million o‘rinli maktablar, 342 ming o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 62 ming o‘rinli shifoxonalar qurilgani, 83 ming kilometr ichki yo‘llar bunyod etilib, ta’mirlangani, 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazilgani qayd etildi.
Ushbu o‘zgarishlarga munosib hissa qo‘shgan 558 nafar fuqaro Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida fermer va dehqonlar, o‘qituvchi va shifokorlar, olimlar, sanoatchilar, tadbirkorlar, quruvchi va arxitektorlar, madaniyat va sport sohasi vakillari, harbiylar hamda huquq-tartibot xodimlari bor.
Mukofotlanganlar qatorida Xorazmda bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shgan Rustam Sultonov, Surxondaryoda cho‘llarni o‘zlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirishga umrini bag‘ishlagan Abdusattor Qurbonov, Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon faoliyat yuritayotgan po‘lat erituvchi G‘ulomjon Turonov, namanganlik paxtakor va g‘allakor Ilhom Ziyovuddinov, buxorolik pillachi Jamila Xudoyberdiyeva, qoraqalpog‘istonlik chorvador Esenbay Aytimuratov hamda samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulov ham bor.
Marosim yakunida prezident davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

