Shavkat Mirziyoyev inson huquqlarini himoya qilish uchun SIdan foydalanishga chaqirdi

Shavkat Mirziyoyev inson huquqlarini himoya qilish uchun SIdan foydalanishga chaqirdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, shuningdek, qonun ustuvorligini taʼminlash uchun sunʼiy intellekt va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga chaqirdi. Bu haqda davlat rahbarining Samarqandda boʻlib oʻtayotgan Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va oʻxshash institutlari assotsiatsiyasining VII kongressi ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida soʻz boradi.
Davlat rahbari raqamli transformatsiya sharoitida sudyalarning mustaqilligi, inson huquqlarini himoya qilish va konstitutsiyaviy tamoyillarga rioya etish alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, konstitutsiyaviy nazorat organlari qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini taʼminlashi va davlat hokimiyatining u belgilagan doirada ishlashiga koʻmaklashishi lozim.
Mirziyoyev, shuningdek, Oʻzbekistonning Assotsiatsiyaga raisligi davrida respublika Osiyoda huquqiy muloqotni va mamlakatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanini maʼlum qildi. Kongress yakunlari boʻyicha raqamli davrda konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirishga bagʻishlangan Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
Bundan avval Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudi shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq maʼmuriy tartibda ushlab turishga yoʻl qoʻyadigan normani Konstitutsiyaga zid deb topgan edi. Ushbu qaror ombudsman murojaatidan keyin qabul qilingan.

