Shavkat Mirziyoyev Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzeni tavallud kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzeni tavallud kuni bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Davlat rahbari Irakliy Kobaxidzeni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘liq, Gruziya xalqiga farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.
O‘zbekiston prezidentining joriy yil 2-3-iyul kunlari Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish doirasida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek, Gruziyaning Poti va Anakliya portlari infratuzilmasidan samarali foydalanish orqali transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston yetakchisining iyul oyida Gruziyaga qilgan tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoyev va Irakliy Kobaxidze o‘rtasidagi muzokaralarda O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasini ta’sis etish haqida ham qaror qabul qilingandi.
Keyinchalik Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Shuningdek, Orbeliani saroyida O‘zbekiston yetakchisiga Gruziyaning oliy davlat mukofoti — “Oltin mo‘yna” ordeni tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, davlat rahbari Tbilisi shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimida ham qatnashdi.

