Siyosat

Shavkat Mirziyoyev AQSH Kongressi delegatsiyasini qabul qildi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Kongressi Vakillar palatasi delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Joriy yil boshidan ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi 20 foizga oshgani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev AQSH Kongressi delegatsiyasini qabul qildi

25-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining delegatsiyasini qabul qildi. Delegatsiya tarkibiga kongressmenlar Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keys kirdi.

Uchrashuv boshida amerikalik qonun chiqaruvchilar Oʻzbekiston Prezidenti va xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklashdi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarda ijobiy oʻsish kuzatilayotgani, siyosiy muloqot yuqori darajada ekani, oʻzaro aloqalar va tashriflar faollashgani taʼkidlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va AQSH yetakchilarining yaqinda boʻlib oʻtgan telefon muloqotida strategik sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olingani qayd etildi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yil boshidan Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 20 foizga oshgan.

Ayni paytda energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xoʻjaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat sohalarida yirik loyihalarni boshlash va amalga oshirishni nazarda tutuvchi uch yillik Iqtisodiy hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalasini ham muhokama qildilar. Oʻzbekiston AQSH delegatsiyasi aʼzolari vakillik qilayotgan Missuri, Shimoliy Karolina, Texas va Gavayi shtatlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va AQSH ishbilarmonlik missiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.