Mahalliy

“Shartnomani bajarmasang, 15 yilga qamalasan, deyishgandi”. Rossiya harbiy poligonidan qochgan andijonlik yigitga sud hukmi o‘qildi

“Shartnomani bajarmasang, 15 yilga qamalasan, deyishgandi”. Rossiya harbiy poligonidan qochgan andijonlik yigitga sud hukmi o‘qildi.

Rossiyada 9 yilga qamalib, Ukrainadagi urushga jalb qilingan va harbiy poligondan qochgan 22 yoshli andijonlik yigitga sud hukmi o‘qildi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Aniqlanishicha, Oltinko‘l tumanida yashovchi N.U. 2021-yilda maktabni tamomlab, oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirgan. Biroq o‘qishga kirolmagach, sentyabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borgan. Dastlab avtoservisda, keyinchalik qurilishda ishlagan.

2022-yil avgust oyida u tanishi bilan avtomashinada ketayotganida Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan to‘xtatilgan. Mashina ko‘zdan kechirilganda giyohvand modda topilgan. Shundan so‘ng N.U. va uning sherigi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

2023-yil sentyabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Bryanskiy viloyat sudi hukmi bilan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. N.U. jazo muddatini o‘tayotgan vaqtida ichki tartibni buzganlik uchun 13 kunlik izolyatorga joylashtirilgan.

“Izolyatorda o‘tirgan paytim qamoqxona xodimlari kirib, hujjatlarga imzo qo‘ydirib chiqib ketishdi. Oradan bir hafta o‘tgach, Rossiya mudofaa vazirligi harbiylari kelib, meni Ukrainadagi urushga olib ketishini ma’lum qildi. Ularga urushga borishga rozi emasligimni aytdim. Shunda harbiylar menga shartnomani o‘z xohishim bilan imzolaganimni bildirib, qo‘l qo‘yilgan hujjatlarni ko‘rsatdi.

Agarda shartnomani bajarmasang, 15 yilga qamalasan, dedi. O‘shandagina izolyatorda muddatimni uzaytirish uchun qo‘ygan imzom aslida harbiy xizmat shartnomasi ekanini bildim” , deydi N.U. suddagi ko‘rsatuvida.

Shundan so‘ng u boshqa mahkumlar bilan birga qamoqxonadan to‘g‘ri Lugansk viloyatidagi harbiy poligonga olib borilgan. U yerda 13 kun davomida qurol ishlatish, jangovar harakatlar va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan.

Harbiy tayyorgarlik vaqtida N.U. ozarbayjonlik Maharram va rus millatiga mansub Daniya ismli yigitlar bilan qochish rejasini tuzgan. Shundan so‘ng ular 2025-yil 9-sentyabr kuni kechki yo‘qlamadan o‘tib, ro‘yxatdan o‘tgach, harbiy poligondan yashirincha qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Dastlab ular Lugansk viloyatidagi chekka qishloqlardan birida yashovchi Konstantin ismli keksa rossiyalikning uyidan boshpana topgan va qariyb uch oy davomida shu yerda yashirinib, Rossiyadan qanday qilib chiqib ketish yo‘lini izlagan. Noyabr oyida yigitlar noqonuniy ravishda chegaradagi sim to‘siqdan o‘tib, Rossiyaning Belgorod shahriga yetib borgan. U yerda ikki haftacha yashaganidan so‘ng N.U.ning hamrohlari o‘z manzillariga qarab ketib qolgan.

“O‘zim yolg‘iz qolgach, ukam bilan aloqaga chiqib 2500 dollar berib turishini so‘radim. Pullarni olgach, tanishlarim orqali Moskvaga yetib borish uchun mashina izladim. Qashqadaryolik Baxtiyor ismli haydovchi bilan 150 ming rublga kelishib, manzilga yetib oldim. U yerda yanvargacha kunlik ijara markazlarida yashadim”, deydi sudlanuvchi.

2026-yilning 15-yanvar kuni N.U. Domodedovo—Toshkent reysiga onlayn chipta sotib olib, O‘zbekistonga qaytgan. Uyiga yetib kelganidan ko‘p o‘tmasdan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tumani sudi N.U.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanish) bilan aybli deb topgan. Unga nisbatan JKning 57-moddasi qo‘llanib, 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Avvalroq Ukrainadagi urushdan qochib, Qozog‘iston orqali kanalni suzib o‘tib O‘zbekistonga qaytgan shahrisabzlik 25 yoshli yigit 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.