“Shahar yashilligi yomon ahvolda”. Toshkentda daraxtlar nega sinib yiqilyapti?
Dendrolog Atirgul Xolmirzayevaning aytishicha, poytaxtda ko‘plab keksa daraxtlar kasallanib ketgani sababli qulashni boshlagan. Mutaxassis shahardagi yashillik saqlab qolishga muhtoj ekanini aytdi. Bu borada aynan qanday choralar kerak? Gazeta mavzuni muhokama qildi.

“Shahar yashilligi yomon ahvolda”. Toshkentda daraxtlar nega sinib yiqilyapti?
2-sentabr kuni Toshkentda Forumlar saroyi yaqinida katta daraxt ikkita avtomobil ustiga qulab tushdi. Bundan 2 yil oldin Chilonzor tumanida ham shunday voqea sodir bo‘lib, oqibatda 1 yoshli qiz vafot etgandi.
O‘shanda suv quvurlarini ta’mirlash maqsadida qazish ishlari olib borilgani uchun daraxt ildizi ochilib qolgani va o‘z vaznini ko‘tara olmay, yiqilgani aniqlanib, jinoyat ishi ham ochilgandi.
Xo‘sh, poytaxtda daraxtlar tez-tez qulayaptimi? Buning sababi nimada? Toshkent shahrining yashilligini yaxshilash uchun qanday choralar ko‘rilishi kerak? Gazeta mavzuni dendrolog Atirgul Xolmirzayeva bilan muhokama qildi.
— Atirgul opa, avvalo suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Esingizda bo‘lsa, Chilonzorda daraxt qulashi oqibatida bir qizaloq vafot etganda. O‘sha vaqtda siz ham rasmiylar qatorida intervyu berib, daraxt ildiz qismidan chirib ketgani sabab qurigan shohlarini ko‘tarolmay ag‘anaganini aytgan edingiz. Bu safar Forumlar saroyida ham shunday holat bo‘ldimi? Va, umuman olganda, daraxtlar nega qulayapti, sizningcha?
— Oxirgi paytda haqiqatdan ham shahrimizda daraxtlarning yiqilishi ko‘p bo‘lyapti. Buning sabablaridan biri — yerosti suvining sathi kamaygani bilan bog‘liq. Chunki daraxtlar yerosti suvlari bilan bular oziqlanib turgan. Shaharlarda qurilishlar ham ko‘paygan. Hamma yuqori-yuqori qavatli uylar qurishyapti, uning ostini esa avtoturargohlar, do‘konlar qilishyapti.
Shuning hisobidan yerosti suvi qayoqqa ketadi, chuqur kovlangan joyga ketadi. Yer ostidagi suvning oqimi o‘zgargan. Uning atrofidagi daraxtlarning suv bormaganidan keyin sekin-asta qurishi kuzatilyapti. O‘simlik chanqaydi, suv ichishni xohlaydi. Suv bo‘lmaganidan keyin barglarining ham rangi o‘chadi, ildiz qismidan quriydi. Daraxtlar ildiz qismidan chirisa yoki suvsizlansa, tepasidan qurishni boshlaydi.
Oxirgi vaqtlarda shumtol daraxtining bunchalik kasallanib ketganini ham ko‘rmagandim. Umuman daraxtlarimizda zamburug‘li kasal paydo bo‘lgan. Yerosti suv oqimi o‘zgarib, sathi kamaydimi, buyoqdan kasal bo‘lib turibdi, biz ularga ishlov bermayapmiz. Kimyoviy preparatlar bilan kasalliklarga qarshi ishlov berish amaliyoti yo‘q. Bularning hammasi qo‘shilib, daraxtlarimiz qulab beryapti.
Yaqinda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi binosi oldida bir shumtol yiqilib, 2 ta mashinani pachoq qildi. Ko‘p mutaxassislar ko‘rib, nega singanini aytib bera olishmadi. Keyin meni chaqirishdi, qarasangiz, daraxt yerga qulab, tanasi bo‘lak-bo‘lak bo‘lib ketgan. Suvsizlikdan qurib ketgan. Tanasining o‘rta qismi esa xo‘l, oppoq qolgan.
Ildizi chirib, tanasining po‘stloq qismi chirib ketgan. Buning ustiga daraxt tanasining tepa qismi kovak ham bo‘lib qolgan, bu esa uning noto‘g‘ri kesilganini ko‘rsatadi. U kovakka har yili yomg‘ir, qor suvlari tushib, ichini ham chiritib yuborgan. Biogumusga aylanib, dimlanib mog‘or bo‘lib qolgan. Oppoq mog‘or. Buni hamma ham tushunavermaydi.
O‘tgan yili dekabrda Shayxontohur tumanida katta chinor yiqildi. O‘sha yerga ham meni chaqirishdi, borsam, ildizi tagidan suv ketgan, o‘qildizining hammasi qurib ketgan. Yon atrofidagi qalin mayda ildizlarini qo‘lingiz bilan ushlasangiz, qisirlab sinib ketyapti.
Daraxt bir tomonga egilib, bir odamning mashinasi ustiga tushgan, u odam ham halok bo‘lgan. O‘shanda ham rasmiylarga insonlarning hayotiga zarar keltiradigan, xavf tug‘diradigan daraxtlarni olish kerak deganman. Har holda buning sug‘urtasini hech kim to‘lab bermayapti.
— Toshkent misolida daraxtlarning salomatligini qanday baholaysiz?
— Hozir yashillikning ahvoli yomon. Avvallari ariqlar bo‘lardi, hozir shu ariqlar yo‘qolib ketgan. Shu ariqlardan suv oqqanida daraxtlar ozmi, ko‘pmi sug‘orilib turardi. Buning ustiga shahardagi qurilishlar sabab barglarga chang o‘tirishi oshgan.
Botanika bog‘iga qarasangiz ham shu ahvol. Shu sabab biz har haftada ikki marta ularga suv purkab, cho‘miltirib turamiz. Nimaga desangiz, chang o‘tirib, usti qalinlashgan sari u tuproqqa aylanib, bargni og‘irlashtiradi. Bu esa fotosintez jarayoni ketishiga qo‘ymaydi.
Keyin barg sarg‘ayadi, daraxtlar suv ichmayotganidan keyin o‘zini asrab qolish uchun barglarini to‘kib yuboradi. Toshkentdagi ayrim daraxtlarga qarasangiz ham ayrimlarining bargi bor, ayrimlarida esa yo‘q.
— O‘zi daraxtlarning xavfli holatga kelib qolganini qanday aniqlash mumkin?
— Bir tomonga egilishni boshlashidan bilsa bo‘ladi. Qaysidir yili Shayxontohur tumanida katta terak daraxti bitta to‘p, ikki tanali bo‘lib turibdi-da.
Ikki tanasining o‘rtasiga mo‘ylovdori degan po‘stloqxo‘r hasharot joylashib olib, ichini kemirib tashlabdi. Ichi bo‘m-bo‘sh bo‘lib, egilib qolgan. Bunday vaziyatda daraxt po‘sti yoriladi, po‘stlog‘ini tashlab, ana undan keyin xohlaysizmi yoki yo‘q, u qurib boshlaydi.
Endi buning sabablari ko‘p. Misol uchun, zararli hasharotlarning soni oshgani. Ular sabab daraxtlar kasallanib ketyapti. Qarasangiz, tutlarimizda ham qop-qora zamburug‘li kasal o‘tiribdi. Ularni o‘rganish kerak, ishlov berishni yo‘lga qo‘yish kerak.
Oldin umuman uchramagan archa qurti ham paydo bo‘lgan. Hamma archalarning ahvoli chatoq. Ozuqa ham berilmayapti. Suvsizlik, ozuqasizlik, kasalliklar ko‘paygani bechora daraxtlarni yanayam qiynab qo‘ymoqda. Shuncha holat kuzatilganidan keyin istang, istamang, yashillik quriydi-da.
Buning ustiga anomal issiq ham daraxtlarga og‘ir kelyapti. Avvalgi vaqtlardek qalin o‘rmonlar, mikroklimat yo‘q. Oldinlari har bir istirohat bog‘larimizda suv havzalari qilinardi, ularda odamlar cho‘milardi. Hozir deyarli hech qayerda qolmadi, hammasi qisqarib, yo‘q qilinib, kichkina-kichkina joylar qoldirildi. Vaholanki, shaharga mikroklimat kerak.
— Bu borada monitoring tizimi qanchalik samarali ishlayapti deb hisoblaysiz? Ekologiya vazirligi butun shahardagi daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish haqida gapirgandi.
— Bir vaqtlar o‘sha xatlov bo‘lgan. Men qayerlarda qanday monitoring qilinganini yaxshi bilaman, u vaqtlarda istirohat bog‘larimiz ham katta edi. Birgalikda daraxtlarni xatlovdan o‘tkazganmiz. Yashillik yuqori darajada edi. U paytda ekologiya rasmiylari ham yaxshi ishlagan.
Eng yaxshi istirohat bog‘i G‘ofur G‘ulom nomidagi (hozirgi Dream park)si edi. Hozir ko‘rsangiz, ahvoli tang. Ichidagi katta daraxtlarning hammasini kesib tashlashgan. Qalin o‘rmon edi. Keyin Milliy bog‘ bilan shunday qilishdi. U yer ham juda katta joy edi. Hozir kichkina bo‘lib qolgan. Biz boshida xatlovdan o‘tkazgan daraxtlar yo‘q.
— Rasmiylar va umuman odamlarning yashillik bilan bunday ko‘rinishdagi salbiy munosabatining sababi nimada deb o‘ylaysiz?
— Menimcha, bu yerda tizimni boshqacha qilish kerak. Koronavirus davrida hamma uyga qamalib qoldi. Keyin kasalliklar ham o‘tib ketgach, odamlar o‘zini yashillikka urdi. Ya’ni odamlarga kislorod, yashillik kerak. Insonlarning ko‘z nuri ham tushib ketgan, homilador ayollarga kislorod yetishmaydi, bolalar nogiron ham tug‘ilyapti. Bunga yashillikning kamayishi sabab deb bilaman.
— So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilish bo‘ladigan yerlardagi daraxtlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish amaliyoti qo‘llanyapti. O‘zi ko‘p yillik qimmatbaho daraxtlar ko‘chirilishini qanchalik to‘g‘ri deb hisoblaysiz?
— O‘zbekiston sharoitida yoshi katta daraxtlarni ko‘chirib ekish uning qurishiga olib keladi. Bu amaliyot boshlangan vaqt, ya’ni 2023−2024-yillarda OAVga bergan intervyumda ham aytgandim. O‘shanda Toshkentda 100 ta daraxt ko‘chirib ekilgandi, shuning 99 tasi qurib, faqat bittasi tirik qoldi. Bu usulni noto‘g‘ri deb hisoblaganman va hozir ham shu fikrdaman.
Ko‘chirib ekishni to‘g‘ri qila olishmayapti. Ko‘chirgandan keyin daraxtlarning tagi yumshatilishi, ozuqasi vaqtida berilishi kerak. Aksiga olib, bizda to‘g‘ri parvarishlanmaydi ham. Buning oqibatida esa daraxtlar stressga tushib qolyapti. Ular ham insonlarga o‘xshab tirik organizm.
Ko‘chirib o‘tkazish amaliyotida daraxtlarning ma’lum ildizi kesilib ketadi. Ildizini kesib tashlasangiz, daraxt qiynaladi. Antistress doir vositalari quyib turilishi ham lozim. Bundan tashqari, ko‘chirib o‘tkazishning o‘z mavsumi bor. Kuzda o‘simliklar uyquga ketadi, vegetatsiya tugaydi. Agar shu mavsumda qilinsa, ko‘pi yashab ketadi.
Yozda, issiq kunlarda esa qurib qolish ehtimoli baland. Hatto, yosh daraxtlarni yozda ko‘chirib eksangiz ham o‘ziga kelguncha qurib qolishi mumkin. Ko‘ryapsiz, havo harorati juda yuqorilab ketyapti. Bunday sharoitda daraxt barglarida parlanish ham ko‘proq bo‘ladi.
Shunday ekan suv va parvarish bo‘lmasa, qurib qolishi hech gap emas. Daraxt atrofini kengroq kovlab, ildizi tuprog‘i bilan olinishi kerak. Undan keyin esa yaxshi parvarish zarur, shundagina yashillik yashab ketishi mumkin.
— Ko‘chirilgan daraxtning necha foizi yashab ketishi mumkin?
— Oldinlari 10 foiz derdim, hozir undan ham kam. Hatto, yosh daraxtlar qurib qolyapti. Katta daraxtlarni esa gapirmasa ham bo‘ladi. Bu — xavfli amaliyot.
— O‘zi qanaqa ko‘chirilishi kerak, shuni batafsil tushuntirib berolasizmi?
— Yevropada buni maxsus mashina orqali qilishadi. U o‘zi ko‘chirib, keyin belgilangan joyiga olib borib, ekadi. Bizga ham shunday texnikani olib kelishgan. Mashina butun daraxtni ildizi bilan ko‘tarib, kovlab oladi. Gap shundaki, ko‘tarib olayotganda daraxt ildizidagi tuproqni to‘kib tashlaydi.
Ildizi ochiq daraxt joyiga yetib borguncha shamollaydi. Shuning hisobidan qurishni boshlaydi. Menimcha, ekishdan oldin ildizni yaxshilab sug‘orish, undan keyin atrofidan kengroq joyni mo‘ljallab, kovlab olish kerak. Shu jarayonlardan o‘tgach, eksa bo‘ladi.
Qolaversa, bir joydan ikkinchi joyga olib borayotganda ildiz tuprog‘i bilan yaxshilab o‘ralishi lozim. Uyog‘i keyin parvarishlashga bog‘liq. Vaqtida suvini quyib, vaqtida ozuqasini bersa, kifoya. Ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlar 3 yil nazorat qilinishi kerak. Chunki shu 3 yil ichida qurib qolish ehtimoli bor.
— Hozir poytaxtdagi qurilish joylarida daraxtlarning atrofini betonlash amaliyoti ham ko‘zga tashlanadi-da. Bunga munosabatingiz qanday?
— Bu noto‘g‘ri. Daraxtning ildizi nafas oladi, uning atrofi beton, hatto, chim bo‘lsa ham bunga xalal berishi mumkin. Chim bo‘lgan vaziyatda suv quyilsa, ildiz o‘zidagi zaxning bir qismini parlatib chiqara olmay qoladi. Chunki chim bo‘lgan yer oddiy porsillab turgan tuproq yerdan farq qiladi, presslangan bo‘ladi. O‘zidagi zaxni chiqara olmaganidan keyin bu ildiz chirishiga olib keladi.
Beton esa qiziydi. Unga qo‘shilib daraxtning ham ildizi qiziydi, bu qurishga olib keladi. Chilonzor tumanida yerni betonlashgan vaqtda bir qancha daraxtlarga selofan paket kiydirishibdi. Keyin nima bo‘ldi? Daraxtlar o‘ldi. Selofandan qanday nafas oladi?! U ham qizib, daraxtni quritib qo‘ygan.
Daraxtning atrofidan qancha kengroq yer qoldirsangiz, shuncha yaxshi. Albatta, ammofos, kaliy sepib turish kerak. Yomg‘ir, qor yog‘ganda, suvi bilan birga ozuqa sifatida ildiziga yetib boradi. Hozir sepish tugul atrofidan joy ham qoldirishmayapti. Hamma joy beton.
— Hozirda shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish, yashillashtirish siyosati olib borilyapti. Lekin shunda bir narsaga alohida e’tibor qaratish kerakdek ko‘rinadi. Ya’ni baribir hamma hududning o‘ziga xos iqlimi bor. Har bir hudud uchun qanday daraxtlar tanlanishi kerak, sizningcha?
— Birinchidan, haqiqatan ham ko‘kalamzorlashtirishimiz kerak. Toshkentda ochiq joylar juda ko‘p. Ikkinchidan, ochiq joy bo‘lganidan keyin quyoshga chidamli daraxtlar ekilishi lozim. Bizda anomal issiqlar boshlangan. Suvsizlikka chidamli o‘simliklar bo‘lishi lozim. Ular o‘sgach, soya berishni boshlaydi. Mikroklimat paydo bo‘ladi.
Hozir yo‘llarga kashtanlar ekib tashlashgan. U quyoshda kuyadi. Qip-qizil bo‘lib kuyib, keyin bargini tashlab yuboradi. Odatda kashtanlar salqinroq, soya tomonda uylar orasiga ekiladi. Juda chiroyli gullaydi, o‘zi chiroyli daraxt.
Menimcha, Toshkentning ochiq joylariga eman, chinor, shumtol, zarang, katalpa eksa bo‘ladi. Quyoshga chidaydi. Bularning hammasi — quyoshsevar, suvsizlikka chidaydigan o‘simliklar. Birinchi issiqqa chidab beradigan daraxtlarni ekib, keyin orasidan boshqa go‘zal o‘simliklarni joylashtirsa bo‘ladi. Shunda kuyib, qurimasdi. O‘sib ketaveradi.
Yo‘l yoqasiga archa, butalarni ko‘p ekib tashlashyapti. Lekin bu ham noto‘g‘ri deb hisoblayman. Nimaga desangiz, qimmat daraxtlarni ekishyapti-da. Bu daraxtlarning hammasi chetdan keltiriladi. Bizning iqlim sharoitiga moslashishi qiyin.
Buning oqibatida manzaralilik xususiyati yomonlashib ketadi, bora-bora quriydi. Ularni yo‘l yoqasiga emas, soya-salqin pana joylarga ekkan ma’qul. Shunda yashab ketadi, odamlar ham chiroyidan bahramand bo‘ladi. Umuman olganda hududlarga qarab, tanlanma ekilgani to‘g‘ri.
Birinchi navbatda, soya beradigan katta daraxtlarni ekish kerak. Uning yonidan katta bo‘lmagan butalarni eksa bo‘ladi. Yuqorida yo‘l yoqasiga butalarni ekishayotganini aytdim. Shular issiqda kuyib ketyapti. Qishda esa sovuq uradi. Buning ustiga qor yog‘ganda yo‘lga tuz sepishadi, keyin o‘sha tuz suvga aralashib, daraxtlarga qarab oqyapti. O‘simliklar sho‘r suvdan oziqlanishi hisobidan ham qurib boryapti.
Viloyatlarga kelsak, vodiy tomonda hamma daraxtlar o‘sib ketaveradi. Asosan Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Xorazm, Navoiy, Buxoroda qiyinroq bo‘lishi mumkin Chunki u yer — issiqligi bilan birga, sho‘r va qumli hudud. U yerga qum, sovuq, issiqqa chidaydigan o‘simliklar ekilishi kerak. Joyiga qarab ekilsa, ularni ko‘paytirish oson.
— Shaharlarda yashillikni sog‘lomlashtirish va ko‘paytirish uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?
— Birinchi mavjud daraxtlarni parvarishlashni boshlashimiz kerak. Ozuqasini vaqtida berib, tagini yumshatib, shaklini berib turmasak bo‘lmaydi. Hammasi o‘sib, uzun bo‘lib ketgan. Tepa shoxlar qurib ketgan. Quriganlarni qisqartirish kerak.
Qisqartirilgach, daraxt ham qalinlashadi. Qalinlashgandan keyin soyasi ham ko‘proq bo‘ladi. Tik o‘sgan daraxtlar og‘irligini ko‘tara olmasdan sinib ketyapti. Tagidan suv ketgan bo‘lsa, yiqilib ketyapti. Shularning hammasiga mehr berilsa, yaxshi bo‘ladi.
— Atirgul opa, intervyuga rozi bo‘lganingiz uchun yana bir bor rahmat. Umid qilamizki, suhbatimiz ko‘pchilikka foydali bo‘ladi.
— Sizga ham rahmat.

